Xalqaro turizmni rivojlantirishda Buyuk Ipak yo‘lini va xalqaro turizm yarmarkalarning o‘rni.
O‘zbekiston xalqaro turizmining rivojlanishida «Buyuk Ipak Yo‘li» ning tutgan o‘rni va mohiyati nihoyatda cheksiz. Bir necha asrlar davomida ushbu zaminning G‘arb va Sharqida istiqomat qilgan xalqlarni Janubiy-Sharqiy Osiyodan to O‘rta yer dengizi mamlakatlarigacha cho‘zilgan va «Buyuk Ipak Yo‘li» deb nom olgan savdo-sotiq yo‘li bir-biri bilan bog‘lab turar edi. Bu yo‘lga «Ipak Yo‘li», deb nom berilishining asosiy sababi, bu yerda tashiladigan mahsulotlarning asosiy qismi ipak matolari va mahsulotlari bo‘lganligidandir. Ipak tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan sir-asrorlarni Xitoy ustalari ming yillar davomida boshqa davlatlardan yashirib kelgan. Ammo «Buyuk Ipak Yo‘li» orqali tashilgan mahsulotlar faqat ipakdangina iborat bo‘lmay, balki bu yo‘l orqali bronza, chinni, jun, xom ashyolar va ulardan tayyorlangan buyumlar ham edi. «Buyuk Ipak Yo‘li» qariyib ikki ming yillik tarixga ega bo‘lib, bu yo‘l asosan Italiyadan tortib Turkiya orqali Iroq va Eronga borgan. U yerdan esa Markaziy Osiyo hamda Shimoliy Pomir orqali o‘tib Qashqar va Yorkentgacha yetgan. Bu yerda yo‘l ikkiga ajralgan hamda shimol tomondan Takla-Makon sahrosini aylanib o‘tib, Lobnor ko‘li yaqinida yana qo‘shilgan va Xitoygacha borgan. Buyuk Ipak Yo‘lida Turkiston hududi yetakchi rolni bajarib kelgan. Ushbu hududdagi Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Xo‘jand, Chorjuy kabi qator shaharlar ipak yo‘lidagi asosiy manzillar bo‘lgan. O‘zbekiston o‘zining qo‘lay geografik o‘rni tufayli bu tarixiy yo‘lda markaziy o‘rinni egallagan. «Buyuk Ipak Yo‘li» ko‘p asrlar davomida kishilik madaniyatining vujudga kelishida katta o‘rin egallagan. Uning tarixda tutgan o‘rni hamda ahamiyatini tiklash, bu yo‘lda turizmni rivojlantirish kabi maqsadlarni mo‘ljallab, 1994-yilning oktabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning nufuzli tashkiloti YUNESKO ishtirokida O‘zbekistonda Butunjahon turistik tashkilotining kengashi bo‘lib o‘tdi. Kengash a’zolari Ipak yo‘li bo‘ylab turizm faoliyatini tiklash va rivojlantirishga qaratilgan Samarqand Deklaratsiyasini qabul qildi. 1995-yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida «Ipak Yo‘lida turizm» nomi bilan birinchi marotaba Xalqaro turistik yarmarka o‘tkazildi. Shundan keyin ushbu xalqaro turistik yarmarka har yili muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Bu xalqaro turistik yarmarkalarda tuzilgan shartnoma va bitimlar xalqaro turizmni yanada rivojlantirish, Respublikaning turizmga oid imkoniyatlarini ishga solish hamda «Buyuk Ipak Yo‘li»ga xos bo‘lgan qadimiy an’analarni tiklashga keng yo‘l ochib bermoqda. Toshkent shahrining «O‘zekspomarkaz»da «Xalqaro turizm ko‘rgazmasi–2013» bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada jami 655 ta kompaniyalar va 24 ta davlatdan kelgan (Fransiya, Shveysariya, Ruminiya, Chexiya, Turkiya, Isroil, Italiya, BAA, Eron, Hindiston, Xitoy, Tailand, Malayziya, Singapur, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlar) 65ta xorijiy kompaniyalar ham o‘z xizmat turlari bilan ishtirok etdi. Bu yilgi ko‘rgazmga yana ikkita yo‘nalish, ta’lim va geoturizm yo‘nalishlari ham kiritilgan edi. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar soni o‘n ikki ming nafardan oshib ketdi. Yarmarka sayyohlarni qabul qilish va ichki turizm, ekoturizm, faol va sarguzashtli turizm, ekskursiyaviy va sog‘lomlashtirish turizmi, turistik ma’muriyatlar va milliy ofislar, turistik agentliklar va turoperatorlar, otellar, sanatoriya-kurort majmualari, dam olish maskanlari, havo yo‘llari va yo‘lovchi tashuvchilar, uyushmalar, ta’lim muassasalari, muzeylar, teatrlar, transport va sug‘urta kompaniyalari, onlayn-bronlashtirish tizimlari kabi keng qamrovga ega ekspozitsiyalarni o‘zida birlashtirgan. Shuningdek, turistik yarmarkasi yakunlariga ko‘ra, «Eng yaxshi turistik yo‘nalish», «Eng yaxshi turistik kompaniya», «Eng yaxshi turistik imkoniyatlar». «Eng yaxshi ko‘rgazma stendi», «O‘zbekiston hududlari ichida eng yaxshi taqdimot», «Eng yaxshi hudud stendi», «Eng yaxshi mehmonxona taqdimoti» kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, ko‘rgazmaning ta’lim turizmiga bag‘ishlangan yangi bo‘limi boshqa mavzuga oid yo‘nalishlar ichida o‘z bilimini yanada oshirishga intiluvchi yosh avlod vakillari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Unda respublikamizda ushbu sohaga kadrlarni yetishtirib berayotgan yetakchi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari-Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti,Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, poytaxtdagi kasb-hunar kollejlari, «O‘zbekturizm» MK respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi vakillari ishtirok etib, sayyohlik sohasida milliy kadrlarni tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishtirdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |