Plastifikatsiyalangan va gidrofob portlandsementlar
Klinkerni plastifikatsiyalaydigan yoki gidrofoblovchi qo'shilma bilan birga mayda qilib tuyishdan hosil bo`ladigan gidravlik bog'lovchi moddalar tegishlicha plastifikatsiyalangan yoki gidrofob portlandsement deb ataladi.
Plastifikatsiyalaydigan va gidrofob qo'shilmalar sement og'irligining (quruq
moddaga nisbatan hisoblaganda) 0,1-0,25 % miqdorida qo'shiladi.
Plastifikatsiyalovchi sirt-faol qo'shilmalar sifatida standart talablariga binoan sulfit spirt bardasi (SSB)ning konsentrati xizmat qiladi.
Sement zarrachalarining ustida gidrofil moddalarning adsorb-sion pardalari borligi beton qorishmasining bevaqt yopishib qolishiga (koagulyatsiyaga) to'sqinlik qiladi, shuningdek, sement zarrachalarining va to`ldirgichlarning qatlam- qatlam bo'lib cho'kishini hamda qorishmadan suvning ajralib chiqishini kamaytiradi, ya'ni suv, shag'al, qum va sement qorishmasining alohida-alohida qatlamlanishiga yoi qo'ymaydi.
Plastifikatsiyalangan sementdan tayyorlangan beton zich, sovuqqa chidamli va kam suv o'tkazuvchan bo`ladi. Bunday sement ishlatilganda 10% gacha bog'lovchi material tejaladi.
Plastifikatsiyalangan sement 300, 400, 500, 600 markalarda chiqariladi.
Portlandsement ochiq havoda ko'p qolib ketsa, uning markasi kun sayin pasayib boradi, chunki havodagi namlik sementdagi minerallar bilan qisman birikadi. Buning uchun sement klinkerini tuyish jarayonida uning 0,1-0,25 % miqdorida mahsus gidrofob moddalar qo'shiladi. Bunday qo'shilmalar sifatida quyidagi moddalar ishlatilishi mumkin:
atsidol 0,08 - 0,12 % miqdorda;
atsidol - milonaft 0,08 - 0,12 % miqdorda;
milonaft, sement massasidan 0,1- 0,25 % miqdorda;
olein kislota yoki oksidlangan petrolatum, 0,06 - 1 % miqdorda;
oksidlangan petrolatum, 0,3% miqdorda.
Klinkerni tuyish jarayonida gidrofob moddalar sement zarrachasi yuzasini namlanmaydigan parda bilan qoplaydi. Shuning uchun uni uzoq vaqt havoda saqlash mumkin. Bu vaqt ichida uning mustahkamligi boshqa sementlar kabi kamayib ketmaydi. Gidrofob sementdan qorishma tayyorlanganda, qotish vaqtini 1,5-2 daqiqa uzaytirish kerak, chunki sement zarrachalari sirtidagi gidrofob parda qum va shag'alning ishqalanishidan buzilib, suv bilan erkin ravishda birikishi lozim. Shuning uchun gidrofob sement uzoq saqlansa ham o'zining plastiklik xossasini yo'qotmaydi.
Gidrofob portlandsementdan buyum tayyorlaganda uning zichligi yuqori bo'ladi, suv o'tkazuvchanligi kamayadi, sovuqqa chidamliligi esa 800-1000 siklga ortadi (oddiy portlandsement betonning sovuqqa chidamlilik markasi SCh-200- 300). Gidrofob portlandsement ham oddiy portlandsement kabi markalarda chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |