Oʼzbekistonda korruptsiya kurash kuchaymokda.
Oʼzbekistonda 2017 yilning birinchi yarim yili davomida korruptsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan 1566 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 1130ta jinoiy ish qoʼzgʼatilgan.
“Korruptsiya – bu jamiyatni turli yoʼllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir.
U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson
huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga toʼsqinlik qiladi, hayot
sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan
jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib,
gullashi uchun sharoit yaratib beradi.”
BMTning “Korruptsiyaga qarshi kurash toʼgʼrisida”gi Konventsiyasidan
Korruptsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim boʼlgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol boʼlishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Hozirgi davrda korruptsiya koʼpgina davlatlarning iqtisodiy va siyosiy salohiyatiga oʼzining salbiy taʼsirini koʼrsatib bera oldi. Unga qarshi kurashish, muntazam ravishda amalga oshirilishi zarur boʼlgan dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Shulardan kelib chiqib, 2017 yil 3 yanvarь kuni “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, korruptsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning asosiy maqsadi korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Oʼzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Qonuni 3-moddasida asosiy tushunchalar berilgan boʼlib, unda korruptsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar toʼqnashuviga doir tushunchalarga taʼrif berilgan, yaʼni korruptsiya – shaxsning oʼz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud oʼzga shaxslarning manfaatlarini koʼzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Mazkur Qonun oʼz navbatida, fuqarolarga korruptsiya va korruptsiyaga oid huquqbuzarlikning nima ekanligi va ularning salbiy illatlari haqida maʼlumot beradi.
Darhaqiqat, korruptsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy hayotiga xavf soladigan, qolaversa, mamlakat taraqqiyotiga toʼsiq boʼladigan illatdir.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish va bunda korruptsiya jinoyatiga qarshi kurashish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar sharoitida davlat qurilishi va huquqiy siyosatning mazmun va mohiyatini aniqlashtirish, uning maqsad va vazifalarini islohotlarning bugungi taraqqiyoti asosida shakllantirib borish, inson manfaatlarini taʼminlashning strategik jihatdan yangi vositalar bilan bir qatorda, ham taktik xususiyatga ega boʼlgan yangi usullarni qoʼllash, shaxs hamda jamiyat manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish, korruptsiyaning oldini olishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish ehtiyoji vujudga kelishi bilan belgilanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʼshma majlisidagi “Erkin va farovon, demokratik Oʼzbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” mavzuidagi maʼruzasida “Jamiyatimizda korruptsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yoʼl qoʼymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani toʼgʼrisidagi qonun talablarini amalda taʼminlash boʼyicha qatʼiy choralar koʼrishimiz zarur”, deb bejiz taʼkidlamadi.
Qonunning 5-moddasida esa korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlari koʼrsatib oʼtilgan boʼlib, ular: aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʼz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʼyish, ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini taʼminlashdan iboratdir.
Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan quyidagi ijtimoiy xavfli qilmishlar korruptsiyaviy jinoyatlar hisoblanadi:
Masalan, oʼzlashtirish yoki rastrata yoʼli bilan talon-toroj qilish, jinoiy yoʼl bilan topilgan mulkni olish yoki oʼtkazish, byudjet intizomini buzish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, pora olish, pora berish; pora olish-berishda vositachilik qilish, xizmatchini pora evaziga ogʼdirish, tovlamachilik yoʼli bilan haq berishni talab qilish, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʼllash, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, yolgʼon guvohlik berish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, hokimiyatni suiisteʼmol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi va hokazolar.
Ushbu Qonunning muhim ahamiyatli jihati korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari haqida maʼlumot berilib, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Аdliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti, korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishlari nazarda tutilgan.
Darhaqiqat, korruptsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, taʼlim muassasalarida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy taʼlim va tarbiya masalalari Qonunning 16, 17, 18-moddalarida oʼz ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak boʼlgan va huquqiy taʼlim va tarbiya jihatdan yetuk boʼlgan insonlar salbiy illat boʼlmish korruptsiyaga yoʼl qoʼymaydilar.
Ushbu Qonunning yana oʼziga xosligi, Qonunning 5-bobida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qoʼyish, javobgarlikning muqarrarligi nazarda tutilgan.
Shunday ekan, oʼzimizga xulosa qilishimiz, kelajakni korruptsiyasiz birgalikda qurishimiz, buning uchun avvalo oʼzimizni oʼzimiz tarbiya qilishimiz, korruptsiyanining har qanday koʼrishnishini bartaraf qilish uchun birgalikda kurashishimiz zarurdir. Qabul qilingan Qonun esa davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir etuvchi mazkur illatga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi sifatida xizmat qiladi.
Ming afsuski, korruptsiya deb atalmish balo davlatchilik shakllarining har qanday koʼrinishida insoniyatning maʼnaviy va moddiy taraqqiyotiga bolta urib kelayotgan oʼta ijtimoiy illat sifatida juda katta toʼsiq boʼlib kelmoqda. Oʼrni kelganda taʼkidlash kerakki, bugungi kunda ham insoniyatni tashvishga solayotgan eng global muammolardan biri – korruptsiya balosidir.
Korruptsiya – lotincha soʼz boʼlib, “pora berib sotib olish” maʼnosini anglatadi. Mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquq va imkoniyatlardan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishni ifodalovchi siyosiy yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat tushuniladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev juda koʼplab maʼruza va chiqishlarida loqaydlik, beparvolik, poraxoʼrlik, korruptsiya, soxtakorlik, mansab vakolatni suisteʼmol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi toʼgʼrisida gapiradilar va huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilariga asosiy vazifa sifatida qoʼyadi. Jamiyat taraqqiyoti kushandasi boʼlgan ushbu illatga qarshi kurashish yoʼlida ayovsiz kurash olib borilayotgani oʼzining samarasini ham bermoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |