- Toshkentda “Hokimiyat tarmoqlari bo‘linishi prinsipini amalga oshirish va inson huquqlarini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudning roli: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil etilganining 20-yilligiga bag‘ishlangan mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Oliy sud huzuridagi sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etildi.
- Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, sud va huquq-tartibot organlari mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Janubiy Koreya, Malayziya, Vengriya, Belgiya, Indoneziya, Rossiya, Tailand, Pokiston, Armaniston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya kabi davlatlarning Konstitutsiyaviy sudlari va konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiruvchi idoralarining rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi B.Mirboboyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab huquqiy demokratik davlat barpo etish asosiy maqsad etib belgilangani va o‘tgan davr mobaynida bu hayotga izchil tatbiq etilayotganini alohida ta’kidladi.
- Bu jarayonda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyati asoslari mustahkamlandi. Bunda mamlakatimiz iqtisodiyotini mafkuradan xoli etish va uning siyosatdan ustunligini ta’minlash, davlat bosh islohotchi vazifasini bajarishi, qonun ustuvorligiga erishish, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich va tadrijiy amalga oshirishga qaratilgan, jahonda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilgan rivojlanish tamoyillari muhim dasturilamal bo‘ldi.
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida huquqiy davlatning muhim prinsipi – hokimiyatlar bo‘linishi mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, Asosiy qonunimizning 11-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.
- Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar muhim maqsadga, ya’ni, hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha g‘oyat dolzarb chora-tadbirlarni ko‘rishga qaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |