Temuriylar davrida ilm-fan. Ulug’bekning ilmiy maktabi.
Mohir me’mor, tajribali sohibkorlarning aql-zakovati, mehnati-yu mahorati bilan barpo etilgan ushbu chorbog’lar va ulardagi go’zal ko’shklar o’sha davr bog’dorchilik san’atining namunalaridandir.
A.Temur o’z davlati poytaxti Samarqand atrofida qad ko’targan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq, Misr,Bag’dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Chunki Samarqand kattaligi, go’zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog’i lozim edi. O’sha davr muarrixi Ibn Arabshohning yozishicha, Samarqandga chet mamlakatlardan, xususan Xurosondan ma’danlar, Hind va Sinddan yoqut, olmos, Xitoydan atlas, yashin toshi, mushk va boshqa mollar, o’zga mamlakatlardan oltin va kumush olib kelinardi.
Ilm-fan.Astronomiya va matematika.Mirzo Ulug’bek- uning asli ismi Muhammad Tarag’ay bo’lib, u A.Temurning Yaqin Sharqda besh yillik yurishlari vaqtida 1394 yil Sultoniya shahrida tavallud topadi. U A.Temur o’rdugohi va saroyida katta onasi Saroy Mulkxonim va onasi Gavharshodbegimlarning bevosita panohida tarbiyalanadi. Sohibqironning boshqa nabiralari qatorida u A.Temurning harbiy yurishlari va saroy an’analarida ishtirok etadi.
A.Temur vafotidan so’ng mamlakat ikkiga bo’linib ketadi: Xurosonni Ulug’bekning otasi Shohrux, Movaraunnahrni Ulug’bekning o’zi boshqaradi. Ulug’bek mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan bir qatorda, ilmiy ishlar bilan shug’ullanadi, olimlarning munozaralarida faol qatnashadi. Ulug’bek Movaraunnahr shaharlarini, xususan Samarqand va Buxoroni ilmu ma’rifat dargohiga aylantirishga intiladi. Uning farmoni bilan 1417 yil Buxoroda, 1417-1420 yillarda Samarqandda va 1433 yilda G’ijduvonda madrsalar qad ko’taradi. Astronomiya va matematika sohasida erishilgan buyuk muvaffaqiyatlar Temuriylar davlatiga katta shuhrat keltirdiki, bu shuhrat, birinchi navbatda, Ulug’bek nomi bilan bog’liqdir. Mirzo Ulug’bek o’z zamonasining yetuk olimlari: Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va G’iyosiddin Jamshidlar bilan birga faoliyat yuritgan.Ulug’bek Movaraunnahrda ilm-fanni tashkil etish borasidagi faoliyati bilan musulmon olamining turli burchaklaridagi ko’plab olimlarning diqqat-e’tiborini o’ziga jalb etdi. Qozizoda Rumiy ham shu jumladan.
1413 yilda Ulug’bek Movaraunnahr hukmdori bo’lganidan keyin ustozini Samarqandga olib keldi va u umrining oxirigacha shu yerda qoldi. Ulug’bek madrasasi binosi va rasadxonasi Qozizodaning bevosita ishtirokida barpo etildi. Qozizoda Rumiy, shuningdek “Zij” asari ustidagi ishning dastlabki bosqichida ishtirok etdi. U 1437 yilda vafot etdi, bu vaqtda “Zij” ustidagi ish hali poyoniga yetmagan edi.
Qozizoda Rumiy Ulug’bek madrasasida dars berishdan tashqari ilmiy ish bilan ham shug’ullangan, rasadxonada kuzatishlar olib borgan. U astronomiya va matematika bo’yicha bir qancha mashhur asarlar yaratdi, ular orasida quyidagi ikki asar ayniqsa katta shuhrat qozondi: “Sharh ashkol at-ta’sis” bo’lib, unda Rumiy samarqandlik olim Shamsiddin ibn Muhammad as-Samarqandiyning geometrik risolasiga izohlar bitgan. Ikkinchi asari “Sharh al-mulaxxas fi-l-xayali-l-nujum” bo’lib. Bu xorazmlik olim Mahmud ibn Umar al-Chag’miniy risolasiga yozilgan sharhdir. Qozizoda shu asar asosida Ulug’bek madrasasida astronomiyadan dars bergan.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |