O’zbekistonda bozor iqtisodiyoti munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi , valyuta ayirboshlash tizimining liberallashtirilishi
O’zbekiston qaramlik davrida o’z tabiiy boyliklariga, yer-suv, o’rmon va boshqa resurslariga o’zi egalik qila olmasdi, iqtisodiy taraqqiyot yo’lini o’zi belgilay olmasdi. Respublika hududida qurilgan va faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar markazga, uning manfaatlariga bo’ysundirilgan edi. O’zbekiston rahbariyati, xalqi o’z hududida qancha mahsulot ishlab chiqarilayotgani, ular qayerda realizatsiya qilinayotgani va qancha daromad keltirayotganidan bexabar edi. Moliya-kredit, bank siyosati yuritishda qaram edi, o’zining milliy valyutasiga, valyuta jamg’armasiga ega emasdi.
Aholi turmush darajasi jihatidan noChorlik, sobiq Ittifoq miqyosida eng oxirgi o’rinlardan biri meros bo’lib qolgan edi. Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan farqli o’laroq, O’zbekiston aholisining deyarlik uchdan ikki qismi qo’l uchida tirikchilik qilardi. Eski mustabid tuzumdan o’tkir ijtimoiy, ekologik muammolar meros bo’lib qolgan edi. Mamlakatimiz aholisi yerning nihoyat darajada sho’rlanishi, havo bo’shlig’i va suv zahiralarining ifloslanganligi, radioaktiv ifloslanish, Orol dengizining qurib borishi oqibatida juda katta ekologik xavfga duch kelib qolgan edi.
Davlat mustaqilligining qo’lga kiritilishi O’zbekistonda bozor munosabatlariga o’tish uchun qulay sharoit va keng imkoniyatlar yaratdi. Bizning diyorimizda bozor munosabatlari yangilik emas. Ming yillar davomida ajdodlarimiz hunarmandlar ishlab chiqargan ajoyib mahsulotlarini, tabiiy boyliklarini dunyoning to’rt tomoniga chiqarib savdogarlik qilgan, mol almashgan.
O’zbekistonning boy imkoniyatlari, geopolitik sharoitidan foydalanib o’zimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo’limizni belgilash dastlabki kunlarning eng muhim vazifasi bo’lib qoldi. O’zbekiston tanlagan islohot yo’li ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodini shakllantirishga qaratildi.
Bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyat qurishning asosiy yo’nalishlari Prezident I.Karimov tomonidan ishlab chiqilib, dunyodagi rivojlangan mamlakatlarning yirik mutaxassislari, davlat arboblari tomonidan tan olindi va o’zining hayotiyligini namoyish etmoqda. Bu tamoyillarning asosiy mazmuni quyidagilardan iborat:
-iqtisod siyosatdan ustun turib, mafkuraviy tazyiqlarsiz, o’ziga xos ichki qonunlarga muvofiq rivojlanmog’i kerak;
-davlat bosh islohotchi o’rnida bo’lib, u islohotlarning ustuvor yo’nalishlarini belgilab berishi va ularni izchillik bilan amalga oshirishi lozim;
-bozor munosabatlariga o’tish qonun ustuvorligini talab qiladi. Butun xalq tomonidan qabul qilingan Konstitutsiya va qonunlarga amal qilinishi shart;
-bozor munosabatlarini joriy etish bilan bir vaqtda aholini himoya qilishning kuchli ijtimoiy siyosatini o’tkazish;
-ijtimoiy islohotlarning rivojlanib borishi va yo’nalishini belgilab beruvchi tamoyillardan biri bozor iqtisodiyotiga o’tish evolyutsion yo’l bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarur.
Yangi iqtisodiy munosabatlarga o’tish tamoyillari asosida g’oyat mas'uliyatli va murakkab vazifa - iqtisodiy islohotlar strategiyasi ishlab chiqildi. Iqtisodiy strategiyaning boshlang’ich nuqtasi ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlarning pirovard maqsadini belgilab olishdan iboratdir. Bu vazifa markazlashtirilgan, ma'muriy buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan bozor munosabatlariga, bir sifat holatidan ikkinchi sifat holatiga o’tishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |