Arab dunyosi
- o’zi mavjud bo’lgan qariyb bir yarim ming yil
davomida bir necha marotaba o’zgarishlarga yuz tutgan tushuncha.
Qachonlardir G’arbda Fransiya janubiga qadar, sharqda esa O’rta Osiyo va
Sinszyan (Uyg’uriston)gacha yetib borgan holda o’zining hozirgi
sarhadlaridan ancha yiroq-yiroqlargacha yastanib yotgan bir makon edi.
Shunday bo’lsa-da, bugungi kunda ham arab mamlakatlari Atlantika
okeanidan Hind okeaniga qadar yastangan holda ancha salmoqli hududni
egallaydi (qariyb 15,0 million kvadrat kilometr). Arab davlatlari ligasi
mavjud bo’lib (1945-yil martdan), ittifoq tarkibiga 19 arab mamlakatlari
qatorida hozircha davlat maqomiga ega bo’lmagan Falastin muxtoriyati
(avtonomiyasi), aholisi arab bo’lmagan, lekin davlat tili sifatida arab
tilidan istifoda etuvchi Jibuti va Somali mamlakatlari ham kiradi.
Hozir jahonda arab mamlakatlarining iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy
va madaniy roli kundan-kun tobora ortib bormoqda, bu narsa, tabiiyki,
arab dunyosi, uning tarixi va madaniyati, hayoti va o’ziga xos
xususiyatlariga doimiy va uzluksiz ravishda ortib borayotgan qiziqishni
28
ham oziqlantirib turadi. Ana shunday o’ziga xos xususiyatlardan biri Yer
sharining mazkur qismi aholisining hamma vaqt milliy-etnik va diniy
jihatdan rang-barang bo’lib kelganligidir. Ana shu narsa bu mintaqada
yashab kelgan xalqlar tarixiy taraqqiyoti o’ta murakkabligi manbai
bo’lgani holda, turli-tuman mojarolar va to’qnashuvlar sarchashmasi bo’lib
keldi. Mazkur mojarolar va to’qnashuvlardan ko’pchiligi azal-azaldan
butun madaniy dunyoni larzaga solib kelgan, turli kontinentlar
chorrahasida joylashganligi o’ziyoq go’yoki O’rtayer dengizi va Hind
okeani o’rtasida, Yevropa, Afrika va Osiyo o’rtasida vositachi roliga
mahkum etilgan mintaqa sarhadidan chetga chiqib ketgandi.
Aynan shu yerda, Yaqin Sharqda va Shimoliy Afrikada bashariyat
tarixida eng qadimiy sivilizatsiya (tamaddun)lardan biri kurtak ochib tomir
yoygandi. Aynan shu yerda ularning madaniyat va ma’naviy hayotning
barcha yangidan-yangi shakllarini dunyoga keltiruvchi yuz-yuzma kelishi,
sermahsul kontaktlari va o’zaro bir-biriga ta’siri an’anaviy maydoni
joylashgan. Aynan ana shu mintaqada asosiy jahon dinlari, xususan,
xristianlik (nasroniylik) va islom (musulmonlik) vujudga kelgani va
keyinchalik esa ana shu yerdan keng tarqalgani ham tasodifiy bir hol
emaski, bu narsa o’z-o’zidan ana shu dinlarning yuz millionlab
ixlosmandlari va izdoshlarini ularning Falastinda, Arabistonda, Livan va
Iroqda joylashgan markazlariga e’tiborini jalb etib turibdi. Ommaviy
ziyoratchilik (hojilik), muqaddas osori atiqalar va «muqaddas qadamjolar»
borasidagi mojarolar hali ilk o’rta asrlar davridayoq mazkur mintaqani
porox to’la bir qaznoqqa aylantirib qo’ygan edi. Bu yerda ro’y bergan
diniy, etnik va ijtimoiy-siyosiy qutqularning portlashi ko’p hollarda nainki
Sharqda, qolaversa, balki uning sarhadlaridan yiroq-yiroqlarda ham keskin
mojarolar va uzoqqa cho’zilgan urushlar uchun bahonalar shodasi bo’lib
xizmat qilgan edi.
Biz yashab turgan zamona mintaqadagi avvalgi ziddiyatlarga barham
bermasdan (har holda keskin tarzda) ularga yangi-yangilarini qo’shib
qo’ydi. Bu, eng avvalo, iqtisodiy xarakterdagi ziddiyatlardir. Birgina
Yaqin Sharqning arab mamlakatlarida 1980-yillar boshlariga kelib isbotlab
berilgan, ishlab chiqarishning rekord darajada kam xarajatlari bilan qazib
olinadigan butun jahon neft zaxiralarining uchdan ikki qismi joylashgan.
Arab nefti hisobidan G’arbiy Yevropa va Yaponiyaning suyuq yoqilg’iga
bo’lgan ehtiyojlarini 60 %ga qondirilsa, Amerika Qo’shma Shtatlariga
nisbatan bu ko’rsakich 25 %ni tashkil etadi. Ana shu hol muqaddam,
mustamlakachilik davrida, neft konsessiyalariga monopol ega qilish ustida
imperialist davlatlararo ayovsiz va keskin raqobatni keltirib chiqargan edi.
29
Neft qazib oluvchi davlatlarning mustaqil taraqqiyot davrida esa neft narxi
o’sishi va neft ishlab chiqaruvchilarning suveren siyosati tufayli yangi-
yangi ziddiyatlar vujudga keldiki, jahon tarixida ilk marotaba 1973-1981-
yillarda taraqqiy etgan kapitalistik mamlakatlardan o’zlarining sobiq
mustamlakalari — koloniyalariga pul mablag’lari oqimi neokolonistik
ekspluatatsiyadan olinadigan foyda hajmidan ko’proq ekanligi ma’lum
bo’lib qoldi.
Shu narsa ravshanki, jahon xo’jaligining eng rivojlangan markazlari
u yoki bu darajada ana shu neft rentasining bir qismini, shu jumladan,
G’arb banklarida saqlanayotgan «neftdollar»ni Amerika Qo’shma Shtatlari
va G’arbiy Yevropa iqtisodiyotlariga moliyalashtirish yo’li bilan o’zlariga
qaytarib oldilar. Shunga qaramasdan, yangicha vaziyat vujudga kelib, unda
G’arbiy Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlari 1980-yillar boshlariga
kelganda neft narxini muntazam ravishda pasaytirish (shu jumladan, neft
iste’mol qilishni qisqartirish va energiya tejovchi tarmoqlarni
rivojlantirishga mo’ljal olish bilan), rivojlanayotgan (shu jumladan, neft
qazuvchi) mamlakatlar doimiy ortib borayotgan tashqi qarziga nisbatan
talonchilarga xos foizlarni oshirib borish, ana shu mamlakatlarda
iste’molda «import»ni rag’batlantirish va hokazo yo’llar bilan o’z
foydasiga o’zgartirishga erishdi.
Shunday bo’lsa-da, garchand birmuncha pasaygan bo’lsa hamki,
jahon iqtisodiyotida umumiyligicha neft (va endilikda qazib olinishiga
qo’shimcha e’tibor berilayotgan gaz) ahamiyati saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, ayni mahalda neft va gaz bilan bog’liq bo’lgan iqtisodiy,
moliyaviy, texnologik va boshqacha ziddiyatlarning butun rang-barangligi
ham saqlanib qolmoqda. Bu esa, masalan, arab mamlakatlaridagi, shu
jumladan, neft va gaz qazib olmaydigan mamlakatlardagi ijtimoiy
taraqqiyot va mehnat migratsiyasi xarakterini belgilovchi omillarga,
ularning industrilizatsiya (sanoatlashuv) va urbanizatsiya (shaharlashuv)si
sur’atlari va yo’nalishlariga, madaniyat va ta’limga xarajatlar taqsimlanishi
darajasiga, bandlik va ijtimoiy ehtiyojlarga sarf-xarajatlar darajasiga jiddiy
ta’sir etmasligining iloji ham yo’q. Ijtimoiy o’zgarishlar tezligi ham,
pirovardida siyosiy o’zgarishlarni ham belgilab beruvchi ijtimoiy aloqalar
va munosabatlar evolyusiyasi ham ana shularning hammasiga bog’liq
bo’ladi.
Garchand, albatta, atigi birgina Saudiya Arabistoni jahon neft
zaxiralarining chorak qismiga bo’lsa-da, neft zaxiralar hajmi bo’yicha
AQShdan 11 baravar ustun bo’lsa-da, har holda, faqat iqtisodiy
omillargina arablarga qiziqishimizni belgilab bermaydi. Bashariyat, eng
30
avvalo, ilm-fan va madaniyat, adabiyot va san’at, musiqa va she’riyat,
tibbiyot va me’morchilik, falsafa va tarixnavislik, dehqonchilik va
pazandachilik, irrigatsiya va maishiy komfort sohasida erishilgan ajoyib va
betakror yutuqlar uchun arablardan minnatdor bo’lmog’i lozim. Jahon
sivilizatsiyani bu qadar boyitgan va boshqa xalqlar, shu jumdan, Yevropa
xalqlari va (Markaziy Osiyo xalqlari) ma’naviy taraqqiyoti va
madaniyatiga bunchalik kuchli ta’sir o’tkazgan boshqa bir xalq esa
kamdan-kam uchraydi.
Arab tili (yaqin-yaqinlargacha uni «Sharq lotini» deb ham atashgan)
ilm-fan, din va yurispridensiya tili sifatida barcha musulmon
mamlakatlarda, arab dunyosi sarhadidan yiroq-yiroqlarda, Somalidan
Dog’istonga qadar, Senegaldan to Sharqiy Turkistonga qadar o’z
ahamiyatini saqlab kelayotir. Arablar orasida vujudga kelgan islom dini
tobora yangi tarafdorlarni o’ziga jalb etgan holda biz yashab turgan
kunlarda ham o’z ta’sirini kengaytirib bormoqda. 1990-yillarda islom
diniga e’tiqod qiluvchilar soni 1 milliard 200 million kishini tashkil
etgandi. Ulardan taxminan beshdan bir qismini (1994 yil ma’lumotlariga
qaraganda, 240 million kishi) arab mamlakatlari aholisiga mansub bo’lib,
ularning soni o’tgan yarim asr mobaynida taxminan uch baravar ortdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |