Tashqi iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta imkoniyat va zaxiralar mavjudligini ta’kidlash lozim. Bu borada biz Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik sheriklarimiz – Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishni davom ettiramiz. Kelgusi yilda O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo yuklarini jahondagi va mintaqadagi asosiy bozorlarga olib chiqadigan ishonchli transport va tranzit yo‘laklarini izchil shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Bugungi kunda bizning asosiy yuklarimiz Qozog‘iston tranzit yo‘laklari orqali, ayniqsa, eng ko‘p yuklar “Sariog‘och” stansiyasidan o‘tadi va bu marshrut imkoniyatlari bizning ehtiyojlarimizni to‘liq qondirmoqda, deb aytolmaymiz.2 Ushbu stansiyadan tovarlarni O‘zbekiston hududiga olib kirishda elektrovozlar, zamonaviy terminallar yetishmasligi, temir yo‘l tarmoqlaridagi bandlik mahsulotlarning uzoq muddat qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli logistik marshrutlarni diversifikatsiya qilish, bu borada qo‘shnilarimiz bilan amaliy muzokaralar o‘tkazish zarur. Xitoy davlatining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida mamlakatimizning transport-kommunikatsiya infratuzilmalari sohasidagi imkoniyatlarini oshirish lozim. Tranzit davlatlar, xususan, Turkmaniston, Eron, Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon va Gruziya hududlaridan asosiy eksport yuklarini tranzit shaklida tashishda preferensiyalarga ega bo‘lish haqida jiddiy o‘ylashimiz kerak. Shu sababli xorijiy va mahalliy investorlarning logistika sohasida aniq loyihalarni amalga oshirish borasidagi harakatlarini rag‘batlantirishimiz darkor.
Shuningdek, milliy yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida “Milliy logistika portali”ni tashkil etish lozim. Kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlaymiz.3 Eksportni yanada rag‘batlantirish maqsadida texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish lozim. Asosiy maqsadlarimizdan biri – tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni “o‘zbek brendi” nomi bilan olib chiqishdan iborat.
Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri – bu turizmdir. O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Yurtimizda 7 ming 300 dan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud va ularning aksariyati YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, mamlakatimizning betakror tabiati, go‘zal dam olish zonalari imkoniyatlaridan foydalanib, yangi turistik yo‘nalishlar ochish mumkin. Bu sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, biz ziyorat turizmi, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik turizm va bu sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini qo‘llash sohani taraqqiy ettirishda keng imkoniyatlar ochishini hisobga olishimiz lozim.
Ushbu tashkilotning hozirgi kundagi mavqei kundan kun emas, balki soat sayin oshib bormoqda. Tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy aholisi dunyo aholisining yarmini tashkil etishi, unga a’zo bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi jihatidan dunyoda ikkinchi mamlakat hisoblanishi va tashkilot doirsidagi davlatlarning dunyo umumiy maydonining uchdan birini egallashi kabi ko‘rsatkichlari uning naqadar yuksak darajadagi salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Ayni davrda, ushbu tashkilot doirasidagi a’zo davlatlar harbiy, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab borishmoqda. O‘zbekiston ham ushbu tashkilotga 2001-yil a’zolikka kirgan. Shu davrdan boshlab O‘zbekiston uchun dunyo hamjamiyatida integratsion aloqalarga kirishishda eng ustuvor yo‘nalishlardan biri ShHT deb qabul qilindi. Yildan yilga yurtimizning ushbu tashkilotdagi o‘rni mustahkamlanib bormoqda. Shanxay hamkorlik tashkilotining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblangan terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashishda tashkilotning Mintaqaviy Aksilterror Tuzilmasining (MATT) Toshkent shahrida joylashganligi ham katta ahamiyatga ega.
ShHTga a’zo davlatlarning iqtisodiy rivojlanish xususiyatlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning barchasi rivojlanayotgan yoki o‘tish davridagi iqtisodiyotlardir. Shubhasiz, ushbu mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash uchun xorijiy investitsiyalarning kiritilishi zaruriy omil hisoblanadi. Ushbu sohadagi hamkorlik tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki barcha sohalardagi o‘zaro integratsiya jarayonlarini tezlashtirishga ham sabab bo‘ladi.
ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro investitsion hamkorlikka e’tibor qaratadigan bo‘lsak, shu mintaqadagi davlatlar investitsion hamkorlik doirasidagi asosiy sheriklar bo‘lib qolaveradi. Misol uchun 2016-yilgi O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning tarkibiga nazar tashlasak, ularning 50%dan ortig‘i ShHTga a’zo davlatlar tomonidan kiritilgan investitsiyalardir4. Bundan tashqari, Rossiya-Xitoy, Rossiya-Qozog‘iston, Pokiston-Xitoy, Hindiston-Rossiya, O‘zbekiston-Xitoy va boshqa mamlakatlar investitsion faoliyatida ham shunga guvoh bo‘lamiz. Borgan sari tashkilot doirasida investitsion hamkorlik rivojlanib bormoqda va davlatlar o‘rtasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan ilgari surilgan “Bir makon – bir yo‘l” global tashabbusi ko‘p vaqtdan buyon foydalanilmay kelayotgan qadimiy Ipak yo‘lini jonlantirib yubordi. Ushbu loyiha asosida Xitoyning sharqiy provinsiyasidan boshlangan va to Yevropa qit’asigacha yetib boruvchi yirik iqtisodiy koridor barpo etildi. Ushbu loyihaning eng ahamiyatli jihatlaridan biri, uning tashkilotga a’zo barcha davlatlarning hududidan o‘tganligi va ularni bir yo‘lak bo‘ylab birlashtirishidir. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida bir qancha loyihalar ham amalga oshirildi. Shulardan biri, O‘zbekiston tomonidan ishga tushirilgan Qamchiq dovoni bo‘lib, u nafaqat Farg‘ona vodiysi bilan Respublikaning qolgan qismlarini eng yaqin yo‘l orqali kesishtirdi, balki Markaziy Osiyodagi barcha temir yo‘llarni birlashtirib berdi va “Bir makon – bir yo‘l” loyihasining bir qismiga aylandi.
Xitoy tomonidan ilgari surilgan ushbu global tashabbus ham ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro investitsion aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu doirasida ham allaqachon investitsion hamkorlik yo’lga qo‘yib bo‘lingan. Misol uchun, “Bir makon – bir yo’l” tashabbusining asosiy qo’llab-quvvatlovchilaridan bo‘lgan Xitoy va Pokistonni sanab o‘tishimiz mimkin. Xitoy tomonining investitsiyalari asosida barpo etilayotgan “Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori” (XPIK) shu jumladandir. Bu loyiha ham “Bir makon – bir yo’l” tashabbusining bir qismi hisoblanadi. Ushbu koridor Xitoy va Pokiston o‘rtasida eksport-import munosabatlarini amalga oshirish uchun eng qulay va o‘zaro manfaatli loyihalardan biri sanaladi.
O‘zbekiston uchun ham tashqi investitsiya faoliyatini jadallashtirish, mamlakat hududiga xorijiy investitsiyalar oqimini yo‘naltirish chora-tadbirlarini ko‘rish dolzarb masalalardan bo‘lib qolmoqda. O‘tgan 2017-yilda O‘ga yo‘naltirilgan umumiy investitsiyalar hajmiga 2,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Uning salmoqli ulushi ShHT tarkibidagi davlatlardan yo‘naltirilgan investitsiyalardir. Buning asosiy omili, ShHTga a’zo davlatlar orasida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikning kengayib borayotgan ekanligidir. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil Qozog‘iston, Rossiya va Xitoy Xalq Respublikasi kabi davlatlarga amalga oshirgan davlat tashriflari chog‘ida imzolangan investitsion loyihalarning hajmi ham tashkilot doirasida investitsion hamkorlikning tez sur’atlarda o‘sib borayotganligini ko‘rsatib beradi.
Shunday integratsiya jarayonlari jadallashib borayotgan sharoitda ShHTning dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rnining oshib borayotganligi, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi investitsion hamkorlikni rivojlantirish uchun ko‘plab imkoniyatlarning yaratilayotgan ekanligi ushbu mavzuni yoritish naqadar dolzarb ekanligini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |