O’ZBEKISTON VA JAHON HAMJAMIYАTI
Reja:
1. O’zbekiston jahon hamjamiyatining to’laqonli sub'ektiga aylanishi.
2. O’zbekiston tinchliksevar tashqi siyosati.
3. O’zbekistonning geosiyosiy o’rni.
O’zbekiston jahon hamjamiyatining to‘laqonli sub’ektiga aylanishi
Milliy davlatchiligimizning bir qator sohalari sobiq sho’rolar tuzumi davrida inqirozga yuz tutgan edi. O’ta markazlashgan totalitar tuzum sharoitida ittifoqdosh respublikalar amalda o’z mustaqilligini yo’qotgan edilar. O’zbekiston Respublikasining tashqi aloqalari ham markaz orqali, uning ko’rsatmasi va nazorati ostida amalga oshirilar edi. Istiqlol qo’lga kiritilgach, yosh davlatimiz oldida tashqi iqtisodiy va siyosiy aloqalarni yo’lga qo’yish va shu maqsadda yangi davlat tuzilmalarini tashkil etish masalasi ko’ndalang turardi. Chunki, bu siz xalqaro hamjamiyatga kirib borish mumkin emas. Zero, O’zbekiston faol tashqi siyosat yuritish bilan xalqaro huquqning teng huquqli a'zosi sifatida o’z davlatchiligini qurishi, mustaqillikni mustahkamlashi, dunyoda o’zining munosib o’rnini egallashi lozim edi. «O’zbekiston yo’li - jahon hamjamiyatiga qo’shilish yo’li» shiori ilgari surildi.
Mustahkam xavfsizlik, izchil iqtisodiy taraqqiyot uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasini ko’tarish, konstitutsion tuzum asoslarini mustahkamlash, millatlar ahilligi, xalqlar do’stligi, fuqarolar erkinliklari va haq- huquqlarini muhofaza qilish tashqi siyosatning asosiy maqsadlaridir. Ana shu maqsadlarni ro’yobga chiqarish, jahon hamjamiyati bilan tabiiy aloqalarni yo’lga qo’yish istagida tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatning milliy mexanizmlari tashkil qilindi.
1944 yilda tashkil etilgan respublika Tashqi ishlar vazirligi faoliyati tubdan isloh qilindi. 1992 yili Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, 1991 yili Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tashkil topdi. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida diplomatiya, xalqaro huquq va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida malakali kadrlar tayyorlashning davlat tizimi yaratildi. Tashqi aloqalar sohasi uchun milliy kadrlar tayyorlash maqsadida 1992 yili O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universteti tashkil qilindi. Tashqi iqtisodiy va siyosiy faoliyatni tartibga soluvchi «Chet el investitsiyalari to’g’risida» Qonun (1998), «O’zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyati to’g’risida» Qonun (2000), «O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy printsiplari to’g’risida» Qonun (1996), «O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to’g’risida» Qonun (1995), shuningdek, Konsullik Ustavi, O’zbekiston Respublikasi Harbiy doktrinasi kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.
O’zbekiston ko’p tomonlama aloqalar bilan ikki tomonlama munosabatlarni ham rivojlantirib bormoqda. Evropa davlatlari va AQSh mamlakatimiz tashqi siyosatida alohida o’rin tutadi.1996 yili
Florentsiyada O’zbekiston Respublikasi va Evropa Ittifoqi to’g’risida Sheriklik va hamkorlik to’g’risida Bitimning imzolanishi mamlakatimizning EI davlatlari bilan munosabatlaridagi burilish nuqtasi bo’ldi.
AQSh bilan 2002 yil 12 mart kuni imzolangan Strategik sherikchilik va hamkorlik asoslari to’g’risidagi Deklaratsiya esa O’zbekiston-AQSh munosabatlarini yangi bosqichga ko’tardi.
Shunday qilib, hozirgi kunda O’zbekiston jahon hamjamiyatida munosib o’rin egalladi va Markaziy Osiyodagi etakchi davlat sifatida e'tirof etilmoqda. Bunday obro’-e'tibor tarixiy davlatchiligimiz, ma'naviyatimiz va oldimizga qo’ygan maqsadlarimizga hamohangdir. O’zbekiston o’zining tinchliksevar, barqarorlikka asoslangan tashqi siyosatini davom ettiradi. Buning uchun etarli siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy imkoniyatlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |