G‘aznaviylar va Saljuqiylar
G‘azna shahrini Xurosonning siyosiy markaziga aylanishi X asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. G‘aznaviylar davlatining asoschisi Sobuqtegin bo‘lib, bu davlat uning o‘g‘li Mahmud G‘aznaviy davrida musulmon olamining eng kuchli davlatiga aylandi. Bu davlatning hududi Mahmud G‘aznaviyning istilochilik yurishlari tufayli shimoliy va shimoli-g‘arbiy Hindistondan CHag‘aniyon va Xorazmgacha cho‘zilgan bo‘lib, unga Eronning katta qismi ham kirgan edi. Mahmud G‘aznaviy Movarounnahrdagi qoraxoniylar siyosatiga va ayniqsa Xorazmga katta ta’sir ko‘rsatar edi. O‘z davrining iqtidorli sarkardasi va qo‘ttiqqo‘l hukmdori bo‘lgan Mahmud G‘aznaviy 1030 yilda vafot etadi. SHundan so‘ng taxtni uning o‘g‘li Ma’sud (1030-1041) egallaydi. Lekin Ma’sud otasi tuzgan davlatni butunligicha saqlab qololmadi.
G‘aznaviylar sultoni Ma’sud Xurosonga yurish qilgan turkiy-saljuqiylar bilan ko‘p bor jang olib borishga majbur bo‘ldi. Mahmud G‘aznaviyning ruxsati bilan shimoliy Xurosonga joylashib olgan saljuqiylar bu davrga kelib, g‘aznaviylar uchun katta xavf tug‘dira boshladi. 1035 yilda saljuqiylarning Xurosonga yangi hujumi boshlanadi. Nishopurdan Niso shahriga etib kelgan g‘aznaviylar qo‘shini saljuqiylarga zarba bergan bo‘lsada, Saljuqiyning nevarasi Tog‘rul va CHangri boshchiligidagi turkmanlar kechasi G‘aznaviylar qarorgohiga hujum qiladi va g‘alaba qozonadi. 1037 yil aprel oyida turkmanlar Mari viloyatini uzil-kesil egallashga erishdilar va Bag‘dodda xalifaga hokimiyat uchun yorliq berishni so‘rab elchi jo‘natadilar. SHu tariqa Xurosondagi yangi davlatga-Saljuqiylar davlatiga asos solindi.
Keyingi yillar turkmanlar Tog‘rul boshchiligida bir qancha zarbalar berib, Xurosonning katta qismini bosib oldilar. SHundan so‘ng Ma’sud katta qo‘shin bilan saljuqiylar ustiga yurish qildi. 1040 yilda Mari yaqinidagi Dandanakon degan joyda hal qiluvchi jang bo‘lib, bunda Ma’sud qo‘shini qattiq mag‘lubiyatga uchradi. Jangdan zo‘rg‘a qochib qutulgan Ma’sud tez orada (1040 y.) vafot etdi. Uning vorislari g‘aznaviylar davlatining avvalgi qudratini tiklashga muvaffaq bo‘la olmadilar.
G‘aznaviylarga tegishli Xuroson asta-sekin saljuqiylar qo‘liga o‘tdi. Saljuqiylar davlatining bosh sultoni bo‘lib, Tog‘rulbek (1038-1063 y.) saylandi. U katta istilochilik yurishlari olib borib, Balxni, Iroqning shimoli, Ozarbayjonni, Kurdistonni va Qo‘histonni ham bosib olishga erishdi. 1055 yilda u katta qo‘shin bilan Bag‘dodga kirib keldi va xalifadan o‘z nomiga xutba o‘qitishni talab etdi. SHundan so‘ng xalifa diniy hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolib dunyoviy hokimiyatni sulton unvoni bilan Tog‘rulbekka topshirdi. Saljuqiylar davlatining poytaxti qilib Tog‘rulbek Ray shahrini tanladi. Uning hukmronligi davrida saljo‘qiylar Kavkazda Vizantiya qo‘shinlariga ham katta zarba berdilar. U Movarounnahrda hukmronlik qilayotgan qoraxoniylar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatdi. Lekin, uning vorisi Alp Arslon (1063-1072) Amudaryoning o‘ng sohilidagi erlarga bir necha bor harbiy yurishlar uyushtirdi. Vizantiya imperatori Roman IV Diogen qo‘shinlarini mag‘lub etdi. Undan keyin taxtga o‘tirgan Malikshoh (1072-1092) 1089 yilda qoraxoniylar o‘rtasidagi ichki nizolardan foydalanib Buxoro va Samarqandni egalladi va katta o‘lja bilan orqaga qaytdi. Lekin Qoraxoniylar Saljo‘qiylarning yarim vassaliga aylandilar.
Malikshohning o‘limidan keyin Saljo‘qiylar davlatida taxt uchun o‘zaro kurashlar qizib ketadi va 1118 yilda hokimiyat buyuk saljo‘qiylar sulolasining so‘nggi yirik vakili Sulton sanjar (1118-1147) qo‘liga o‘tadi. Uning davrida Saljo‘qiylar davlatining poytaxti Marv shahriga ko‘chirildi. U Movarounnahrdagi qoraxoniylarning ichki ishlariga, siyosatiga katta ta’sir o‘tkaza olishga erishgan saljo‘qiylardan edi. 1141 yilda qoraxitoylar bilan Sulton Sanjar va uning vassali, ittifoqdosh qoraxoniy Mahmudxonning birlashgan qo‘shinlari o‘rtasida, Samarqand yaqinidagi Katvon cho‘lida bo‘lib o‘tgan jangda qoraxitoylarning g‘alaba qilishi Saljo‘qiylar davlatini ancha zaiflashtirdi. Sulton Sanjarning harakatlariga qaramasdan Saljo‘qiylar davlati o‘zining avvalgi qudratini yo‘qota bordi. Saljo‘qiylarga hal qiluvchi zarbani Balx va Xuttalon viloyatlarida yashovchi ko‘chmanchi G‘o‘z qabilalar berdilar. Ular Sulton Sanjar qo‘shinlarini tor-mor etib, uni asir oldilar. G‘o‘zlar himoyasiz qolgan Marv, Nishopur shaharlarini talab, o‘t qo‘ydilar. Sulton Sanjar 1156 yilda asirlikdan qochishga muvaffaq bo‘lsa ham, lekin saljo‘qiylar davlatini tiklay olmadi va bir yildan keyin vafot etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |