24-XIVA XONLIGINING TASHQI SIYOSATI Xiva – Rossiya munosabatlarida muhim jihat shunda ediki, o’zaro savdodan har ikkala davlat ham birdek manfaatdor edi. Xiva savdogarlari uchun Rossiyaga boradigan savdo yo’llari xavfsiz edi. Shuningdek, Xiva xonligida Rossiya zavod va fabrikalari ishlab chiqargan tayyor iste’mol tovarlariga ehtiyoj baland edi. Ayni paytda Rossiya Xiva xonligiga o’z tovarlarini sotadigan bozor deb qarar edi. Rossiya tovarlari Yevropaning ilg’or davlatlari tovarlari bilan raqobat qila olmayotgan bir davrda bu juda muhim edi. Ikkinchidan, Xiva xonligi, Rossiya sanoati uchun zarur xomashyo mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib beruvchi o’lka ham hisoblanardi. Biroq har ikki davlat o’rtasida yaxshi qo’shnichilik munosabatlarining qaror topishiga to’sqinlik qilgan omillar ham mavjud bo’lgan. Bular: savdo karvonlariga hujum qilish xavfining mavjudligi, har ikki taraf tomonidan Kichik juz qozoqlarini va qoraqalpoqlarni o’z fuqarolari deb hisoblashlari; shuningdek, har ikki tomonning o’zaro savdodan olinadigan boj hajmi masalasida uzoq vaqt bir to’xtamga kela olmaganliklari bilan bog’liq edi.
Rossiya hukumati-1819-yilda Xivaga rus armiyasi zobiti N. Muravyovning ekspeditsiyasini jo’natdi. Ekspeditsiyaning maqsadi turkmanlar yerini, Xiva xonligining turkmanlar bilan munosabatini hamda yangi savdo yo’li ochilishi (Xiva-Turkmanlar yeri-Kaspiy dengizining sharqiy qirg’og’i Boku-Astraxan) istiqbollarini o’rganish edi. Ekspeditsiya dastlab turkmanlarning yovmut qabilasi joylashgan hududda bo’ldi. Yovmutlarning Rossiya fuqaroligiga o’tish istaklarini o’rgandi. Shundan so’ng N. Muravyov Xivaga yo’l oldi va Rahimxon qabuliga kirishga ham muvaffaq bo’ldi. Biroq Xiva xoni savdo yo’lining o’zlashtirilishiga rozi bo’lmadi va O’rta Osiyoning boshqa xonliklari bilan munosabatlarida Rossiya harbiy yordamiga tayanish mumkinligi haqidagi taklifni ham rad etdi. Chunki Muhammad Rahimxon Rossiyaning yovmut qabilasini o’z fuqaroligiga qabul qilish istagi tagida aslida nima yotishini anglab yetgan edi. Bundan tashqari, Rossiya hukumatining savdo karvonlari xavfsizligini ta’minlash bahonasida chegarada mustahkam istehkomlar qurish haqidagi rejalari Xiva hukmron doiralarini cho’chitib ham qo’ygan edi. Rossiya hukumati savdo karvonlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo’riqchi harbiy qism ajratishga qaror qildi. 1824-yilda Orenburg savdogarlari S. Sialkovskiy boshchiligidagi harbiy qism hamrohligida yo’lga chiqdi. Bu savdo karvoni Buxoro amirligiga borishi kerak edi. 1825-yilning yanvar oyida karvon Xiva qo’shini qarshiligiga uchradi. Xiva amaldori karvonning Buxoroga emas Xivaga yuborilishini talab qildi. S. Sialkovskiy bu talabni rad etdi va orqaga qaytishga qaror qildi. Xiva qo’shini Buxoroga olib boradigan savdo yo’lini bekitib qo’ydi. Bu hodisa Rossiya-Buxoro savdo aloqalariga katta ziyon yetkazish xavfini tug’dirdi. Xiva-Rossiya munosabatlari keskinlashgan bir sharoitda Muhammad Rahimxon I vafot etdi. Taxtga o’g’li Olloqulixon o’tirdi. U Xiva-Rossiya munosabatlaridagi keskinlikni yumshatishga urindi. 1826-1829-yillardagi Eron-Rossiya va 1828-1829-yillardagi Rossiya-Turkiya urushi Rossiyani Xiva bilan munosabatlarini yanada keskinlashtirishdan o’zini tiyishga majbur etdi. Bu orada Buyuk Britaniya razvedkasi O’rta Osiyo xonliklariga suqulib kira boshladi. Shunday sharoitda Buyuk Britaniya tovarlarining xonliklar bozorini to’ldirish xavfi ham vujudga keldi. Bundan tashqari, Eron bilan urush oqibatida Rossiya-Eron savdo-sotiq ishlarining ahvoli yomonlashdi. Bunday paytda O’rta Osiyo xonliklari bilan savdosotiqni har qachongidan ko’ra rivojlantirish dolzarb masalaga aylandi. Ayni paytda, Rossiya hukumati rus asirlarini ozod etishni ham talab eta boshladi. Biroq Rossiya hukumati Xiva xonligiga nisbatan o’z talablari doirasini tobora kengaytirib bordi. Chunonchi, u keyinchalik Xivadan Amudaryoda Rossiya savdo kemalarining suzishiga ruxsat berishini ham talab eta boshladi. Bora-bora Rossiya Xiva bilan munosabatni harbiy yo’l bilan tartibga solish yo’lini tanladi. Shu maqsadda 1839. yilda V. Perovskiy harbiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. Uning ixtiyorida 4 ming piyoda askar, 12 ta to’p va yuk ortilgan o’n ming tuya bor edi. Biroq Ustyurtning qattiq sovug’i, oziq-ovqat va yem-xashakning yetishmasligi oqibatida ekspeditsiya talafot ko’rdi. Oqibatda, V. Perovskiy orqaga qaytishga majbur bo’ldi. U 1840-yilning. iyun oyidagina Orenburgga qaytib kela oldi. Lekin ekspeditsiya izsiz ketmadi. V. Perovskiy ekspeditsiyasi Xiva xonini Peterburg bilan kelishuv yo’lini axtarishga majbur etdi. Xonlikda ingliz razvedkasi ham faoliyat boshladi. Chunonchi, 1840-yilda Xivaga kapitan Jeyms Abbot keldi va u Olloqulixon bilan uchrashdi. U Xiva xonini Rossiyaga qarshi harbiy istehkomlar qurishga da’vat etdi. U bunday istehkomlar qurilishi mumkin bo’lgan joylarni aniqlash bo’yicha ish olib borayotgan paytda Rossiya harbiylari tomonidan asir olindi va Peterburgga jo’natildi. U yerdan Londonga jo’natib yuborildi. Shu tariqa Buyuk Britaniya razvedkasi Xiva va Rossiya o’rtasida harbiy harakatlar keltirib chiqarishdek maqsadiga erisha olmadi. Rossiya hukumati Xiva xonligi bilan munosabatlarga aniqlik kiritish maqsadida G. Danilevskiy boshchiligidagi elchilik missiyasini yubordi. Muzokaralar davom etayotgan kunlarda Olloqulixon vafot etdi. Taxtni o’g’li Rahimqulixon egalladi. Muzokaralar yakunida 1842-yilning 27-dekabrida Xiva-Rossiya o’rtasida "Majburiyatlar akti" deb ataluvchi shartnoma imzolandi. Aktda Xiva xonining Rossiya bilan tinchlik, mustahkam do’stlik munosabatida bo’lishi e’lon qilindi. Bundan tashqari, Aktda Xiva xoniga: Xivaning Rossiyaga nisbatan dushmanlik harakatlaridan voz kechishi, savdo karvonlarining hamda qozoq qabilalarining talanishiga yo’l qo’ymaslik; rus asirlarini saqlamaslik; Rossiya fuqarolarining shaxsiy va mulkiy xavfsizligini ta’minlash kabi majburiyatlar yuklandi. Shuningdek, ikki davlat o’rtasidagi savdo aloqalariga ham katta e’tibor berildi. Chunonchi, boj to’lovlari Rossiya tovarlari qiymatining 5% miqdoridan oshmasligi belgilab qo’yildi. Biroq "Majburiyatlar akti" qog’ozda qolib ketdi. O’zaro munosabatlar keskinlashib bordi.