Shayboniylar davrida davlat boshqaruvi. Shayboniylar hukmronligi yillarida oliy davlat idorasi dargoh deb atalgan. Uning tepasida xon turgan. Shayboniylar davlatida devonbegi (bosh vazir) lavozimi katta nufuzga ega bo’lgan. U davlatda moliya va xo’jalik ishlarini boshqargan. Xonlikda muhim davlat mansabi naqib hisoblangan. U xonning eng yaqin va ishonchli kishisi bo’lgan. Xonning farmon va yorliqlarida naqibning nomi birinchi bo’lib yozilgan. Ayni paytda u davlat ichki va tashqi siyosati masalalarida xonning birinchi maslahatchisi hisoblangan. Bundan tashqari, naqib harbiy yurishlarni uyushtirgan. Zarur bo’lganda elchilik vazifasini ham bajargan. Yana bir katta davlat mansabi bu-otaliq edi. Xon siyosatining viloyatlardagi ta’siri otaliq mansabiga tayinlanganlarning nufuzi bilan belgilangan. Xon viloyatlarni shahzodalarga taqsimlab berar ekan, ularga rahnamo etib o’z nazoratchisini, ishongan kishisini tayinlagan. Bunday nazoratchi, ishonchli shaxs otaliq deb atalgan. Balog’atga yetmagan shahzodalar ulg’ayib, mustaqil faoliyat yurutgunlariga qadar davlat ishlarini ularning nomidan otaliqlar boshqargan. Yana bir davlat mansabi-parvonachi deb atalgan. Uning vazifasi xon farmonlarini, rasmiy hujjatlarni mas’ul shaxslarga, ijrochilarga yetkazishdan iborat bo’lgan.
Dodxoh mansabida ishlagan amaldor dargohga tushgan arizalarni qabul qilgan va ularga javob qaytargan. Shuningdek, mamlakatda adolat mezonlariga amal qilinishini nazorat qilgan. Muhim davlat mansablaridan yana biri-ko’kaldosh mansabi edi. Bu mansabga xon sulolasiga eng yaqin shaxslardangina tayinlangan. Ko’kaldosh xon siyosatiga fuqarolarning munosabatini o’rgangan va bu siyosatning daxlsizligini ta’minlagan. Xon va shahzodalar o’rtasidagi ichki munosabatlar masalasi bilan xon yasovuli mansabida ishlagan amaldor shug’ullangan. Shayboniylar davlatida eshikog’aboshi lavozimi ham bo’lgan. U dargoh xavfsizligi, undagi tartib hamda kelgan-ketganlardan xabardo bo’lib turish masalalari bilan shug’ullangan. Yuqori davlat lavozimlari ichida katta mavqega ega bo’lgan lavozimlardan yana biri shayxulislom hisoblangan. Shayxulislom shariat qonunlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirgan. Qozikalon lavozimida ishlagan amaldor sud ishlariga yetakchilik qilgan. Yana bir muhim davlat lavozimi muhtasib (rais) deb atalgan. Bu lavozimni egallagan amaldor mamlakat fuqarolarining axloq qoidalariga rioya qilishlarini nazorat qilish bilan shug’ullangan. Davlatda, shuningdek, miroxur (xonga tegishli yilqi, ot-ulov va ularning ta’minoti bilan shug’ullanuvchi), shig’ovul (chet davlatlar elchilarini qabul qilish xizmatining boshlig’i), qushchi (xonning ovini tashkil etuvchi), bakovulboshi, dasturxonchi, qo’rchiboshi (qurol-aslaha xizmati boshlig’i), jarchi, tavochi, tug’begi, kitobdor, mirzaboshi, munshiy, muhrdor, xazinachi, mehtar kabi mansablar ham mavjud bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |