Besh raqam va besh yil
Beshta ustuvor yo‘nalish. Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun besh yil ajratilgan. Xo‘sh, bu raqam ortida qanday ramziy ma'no bor?
Xayolimizdan o‘tadigan birinchi fikr: besh — bilimga beriladigan eng yuqori bahodir. O‘quvchi kundaligidagi bu baho topshiriqning a'lo darajada bajarilganidan darak beradi. Islom dinida ham besh asosiy arkon mavjud. Olimpiya o‘yinlarining emblemasini ko‘z oldingizga keltiring-a, u besh qit'ani anglatuvchi beshta halqadan iborat. Biror narsani sanar ekanmiz, beixtiyor barmoqlarimizni bukamiz. Ularning soni har bir qo‘limizda beshtadan. Demak, bu raqam birlashtiruvchi, barcha jihatni qamrovchi, shu bilan birga, yengillik, aniqlik va lo‘ndalik kabi xislatlarga ega, desak bo‘ladi.
Tafakkur qilsak, mazkur dasturiy hujjat nafaqat yutuqlarga erishish rejasi, balki uning maqsadlari Nukusdan Andijongacha, Termizdan Toshkentgacha — hamma-hammaga tushunarli ekanini anglab yetamiz. Strategiya, bu — o‘ziga xos yangi milliy g‘oya. Undagi beshta yo‘nalishning har birini amalga oshirish uchun xalqimiz bir musht bo‘lib harakat qilishi kerak bo‘ladi. Mana, raqamlarning siri nimada. Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib Strategiyamizni butun dunyoga tanitar ekan, uni ishlab chiqishda biz o‘zimizga chetdan nazar tashlab, salohiyat va imkoniyatimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik, deb aytdilar.
Mamlakatimizning bosh «yo‘l xaritasi»da belgilangan muddat ham o‘ta dolzarb. Mutaxassislarning e'tirof etishicha, besh yil — bu yirik loyihalarni yakuniga yetkazish, diqqatni eng asosiy, muhim jihatlarga qaratish, mavjud resurslar va ishlab chiqarish kuchlarini to‘g‘ri taqsimlash, jahon iqtisodiyotining xususiyatlarini hisobga olish uchun juda qulay muddat. Mana shu besh yillik davr ko‘p sohalarda katta rol o‘ynaydi. Masalan, qishloq xo‘jaligida o‘rtacha hosildorlik ko‘pincha besh yillik ko‘rsatkichlar asosida hisoblab chiqiladi. Bundan tashqari, u yirik kontseptual g‘oyalarni bosqichlarga bo‘lish uchun mos keladi. Aynan shu bois Fransiya, Koreya Respublikasi, Xitoy singari rivojlangan davlatlar besh yilga mo‘ljallangan o‘rta muddatli vazifalarni bajarishga e'tibor beradilar.
Bizning yurtimizda ham ushbu dasturiy hujjat bandlarini ro‘yobga chiqarish atrofimizdagi voqelikning tubdan o‘zgarishiga xizmat qilayapti. O‘tgan bir yil ichida qo‘lga kiritilgan yutuqlarning o‘ziyoq mamlakatimiz o‘z yetakchisi rahbarligida pirovard maqsadlar sari dadil odimlar bilan borayotganini ifodalab turibdi. Aynan Harakatlar strategiyasi islohotlarni amalga oshirishdagi eng asosiy nuqtalarni belgilab berdi va bunda bosh maqsad O‘zbekiston xalqining, har bir fuqaroning manfaatlarini ta'minlashdan iborat ekanligini ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |