O`zbekistonda tabiat muhofazasi ishi mamlakat mustaqilligining dastlabki yillaridayoq konstitutsion asosga qo`yildi. 1992 yilning 8 dekabrida qabul qilingan O`zbekiston respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida O`zbekiston hududida yashayotgan barcha fuqarolar atrof muhitni muhofaza qilishga majbur ekanliklari belgilandi. Uning 55- moddasida esa barcha turdagi tabiiy boyliklar umummilliy bo`lib, ular davlat muhofazasidan ekanliklari ko`rsatib o`tildi. Respublika hududida jamiyat va tabiat o`rtasidagi munosabatlarni hukumat doirasida tartibga solib turish maqsadida xalq deputatlari Oliy Majlisida, viloyat, shahar va tuman Kengashlari huzurida xalq xo`jaligining boshqa sohalari qatori tabiat muhofazasi sohasida ham doimiy komissiyalar tuzilishi Konstitutsiyaning 100-moddasida belgilandi.
Respublikada tabiat muhofazasiga doir o`nlab Qonunlar ishlab chiqib qabul qilinganki, bular atrof muhitning sofligini saqlash va tabiiy boyliklardan foydalanishni tartibga solib turishda ta'sirchan yuridik hujjat bo`lib xizmat qiladi. Bunday hujjatlar respublika mustaqil bo`lgani qadar Ittifoq qonunchiligi bilan ham belgilangan edi. Bular quyidagilar:
SSSR va Ittifoqdosh respublikalar yer qonunchiligi asoslari
SSSR va Ittifoqdosh respublikalar yer osti boyliklari to`g`risidagi Qonun
SSSR va Ittifoqdosh respublikalar suv qonunchiligi asoslari
SSSR va Ittifoqdosh respublikalar o`rmon qonunchiligi asoslari
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi SSSR Qonuni
Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida SSSR Qonuni
Ana shu yuridik hujjatlarga ko`ra mahalliy sharoitni hisobga olgan holda respublikamizda, u hali Ittifoq tarkibida bo`lgan kezlarida tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish bo`yicha qator huquqiy-me'yoriy hujjatlar qabul qilingan. Bular:
O`zbekiston SSR ning yer Kodeksi
O`zbekiston SSR ning yer osti boyliklari Kodeksi
O`zbekiston SSR ning suv Kodeksi
O`zbekiston SSR ning o`rmon Kodeksi
Atmosfera havosining muhofaza qilish to`g`risida O`zbekiston SSR Qonuni
Bu Kodekslarning qariyb hammasi hozirgacha o`z kuchini saqlab kelmokda. Lekin, respublika mustaqillik yillarida bozor iqtisodiyotiga kirib borishi bilan bu hujjatlarga ba'zi qo`shimchalar kiritildi. Bu qo`shimchalar, asosan, tabiatdan pullik foydalanish, tartib-qoidalarini joriy qilishga qaratilgan. Masalan, yer to`g`risidagi Kodeksga kiritilgan qo`shimcha asosan yer davlatniki bo`lib qolgani holda u tashkilot hamda jismoniy shaxslarga ma'lum muddatga foydalanishga berib quyilgani uchun ulardan yer solig`i olinadi.
Mustaqillik yillarining muhim hujjatlaridan bir 1992 yilning 9 dekabrda qabul qilingan «Tabiatni muhofaza qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Qonuni»dir. Bu qonunda tabiatni muhofaza qilish va undan foydalanish tartib-qoidalarining barchasi mujassamlashgan. Bunda asosiy e'tibor tabiatdagi barcha boyliklardan asrab-avaylab oqilona foydalanishga, unga ziyon yetkazmaslikka qaratilgan va shu bilan birga tabiiy boyliklardan foydalanishda fuqarolarning huquqlari yuridik jihatdan kafolatlangan. Keyingi qabul qilingan yer, suv, havo, yer osti boyliklari va boshqa tabiiy boyliklar to`g`risidagi barcha yuridik hujjatlar shu Qonun doirasida ishlab chiqilgan bo`lib, hayot sharoitidan kelib chiqqan holda uni qisman o`zgartiradi va to`ldiradi. Bu hujjatlar quyidagilardir:
O`zbekiston Respublikasining alohida qo`riqlanadigan tabiiy hududlari to`g`risidagi Qonuni (1993 y. 7 may)
Sanitariya nazorati to`g`risidagi Qonun
Yer to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Qonuni
Suv va suvdan foydalanish to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasining Qonuni (1993 y. 6 may)
Yer osti boyliklari to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasining Qonuni (1994 y. 22 sentabr)
Bulardan tashqari ko`pgina qo`shimcha Nizom va boshqa hujjatlar qabul qilinganki, ularning barchasi inson va tabiat o`rtasidagi munosabatlarni me'yorida saqlab qolishga qaratilgan.
Alohida muhofaza qilinadigan tabiiy xududlar
Alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar asosan o`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida tashkil qilinib, tabiati muhofaza ostiga olingan joylardir. Bunday joylarning umumiy maydoni 8,9 ming kv km bo`lib, respublika jami maydonining 2,0% ni tashkil qiladi. Alohida muhofaza qilinadigan xududlar 4 toifaga bo`linadi:
davlat qo`riqxonalari. Bular muhofaza rejimi jihatidan I toifaga kiritilganlar.
milliy bog`lar. Bular muhofaza rejimi jihatidan II toifaga kiritilganlar.
buyurtmaxonalar (zakaznik) –IV toifaga mansub
davlat tasarrufidagi tabiat yodgorliklari – IV toifaga mansub
Do'stlaringiz bilan baham: |