yettinchidan, Konvensiya loyihasida yoshlarning shaxsiy hayot huquqini kafolatlash nazarda tutilmoqda:
Unga muvofiq, yoshlarning har bir vakili shaxsiy hayoti huquqi, ixtiyori qo‘lida bo‘lishi huquqi, shaxsiy hayot mahfiyligi, yozishmalarining mahfiyligi va shaxsiy maqomi himoya qilinishiga doir qoidalar aniq belgilanmoqda.
Konvensiya loyihasida nazarda tutilayotgan mazkur qoida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalari asosida ishlab chiqilganligini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Xususan, Deklaratsiyaning 3-moddasida “har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga ega” ekanligi va 12-moddasida “hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emasligi, har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega”ligi belgilangan.
Milliy qonunchiligimizda shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik uchun tegishli javobgarlik choralari belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1411-moddasining birinchi qismida shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik, 143-moddasida xat-yozishmalar, telefonda so‘zlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini buzganlik, 144-moddasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Bunday javobgarlik ma’muriy
va fuqarolik qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan;
sakkizinchidan, Konvensiya loyihasida yoshlarning zo‘ravonlikka duchor bo‘lishdan va ekspluatatsiya qilinishidan saqlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi nazarda tutilmoqda:
Xususan, unda har bir ishtirok etuvchi davlatning o‘z yurisdiksiyasidagi hududda yoshlarga nisbatan zo‘ravonlik va ekspluatatsiya qilinishning har qanday turlari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida majburiy mehnat, iqtisodiy kamsitish va mehnat sohasida ekspluatatsiya qilinishga doir harakatlarning oldini olish uchun samarali qonunchilik, ma’muriy, sud va boshqa choralarni ko‘rishi belgilanmoqda.
Hozirga qadar insonlarning turli zo‘ravonlik holatlarining qurboni bo‘lishini va ekspluatatsiya qilinishini oldini olish borasida xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining 1957 yildagi “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida”gi Konvensiyasi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1997 yil 30 sentyabrda ratifikatsiya qilingan) 1-moddasida Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlar majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishini cheklashiga doir norma belgilangan.
Mazkur xalqaro norma O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining
7-moddasida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unda majburiy mehnatning taqiqlanishiga doir qoidalar aniq ko‘rsatib o‘tilgan;
Do'stlaringiz bilan baham: |