3- Amaliy mashg‘ulot
Texnik reglamentlarni ishlab chiqishning asosiy vazifalari. Texnik reglamentlarning turlari va ularni ishlab chiqish, Sertifikatlashtirish sxemalarini o’rganish
O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni haqida ma’lumot
O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni O‘RQ-213 23.04.2009 yilda qabul qilingan.
Ushbu Qonunning maqsadi mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qo‘llash va bajarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanilgan:
texnik jihatdan tartibga solish - mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qo‘llash va bajarish;
mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligi - mahsulotning, uni ishlab chiqarish, ishlatish (undan foydalanish), saqlash, tashish, realizatsiya qilish va utilizatsiya qilish jarayonlarining, bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlarning holati bo‘lib, bunda insonning hayotiga, sog‘lig‘iga, atrof-muhitga, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulkiga zarar etkazilishi ehtimoli bilan bog‘liq yo‘l qo‘yilmaydigan xavf mavjud bo‘lmaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar - texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar, sanitariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalari, shaharsozlik normalari hamda qoidalari, ekologik normalar va qoidalar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa hujjatlar;
texnik reglament - texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjat;
umumiy texnik reglament - texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, bir turdagi mahsulotlar, ishlar va xizmatlar guruhi xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjat;
maxsus texnik reglament - texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, umumiy texnik reglamentda nazarda tutilmagan mahsulotlar, ishlar va xizmatlar ayrim turining xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjat;
savdodagi texnik to‘siqlar - mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda mavjud bo‘lgan tafovutlari yoki o‘zgarishlari oqibatida savdoda yuzaga keladigan to‘siqlar.
Texnik jihatdan tartibga solishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
inson hayoti va sog‘lig‘i, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulki xavfsizligini ta’minlash;
atrof-muhit muhofaza qilinishini, shuningdek tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishini ta’minlash;
savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish;
mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligi xususida iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olish.
Texnik reglamentlarda mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligini ta’minlashga doir talablar quyidagilar bo‘yicha belgilanishi mumkin:
biologik xavfsizlik;
mexanik xavfsizlik;
kimyoviy xavfsizlik;
yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik;
yong‘in xavfsizligi;
elektr xavfsizligi;
mashina va uskunalarni ishlatish (ulardan foydalanish) hamda utilizatsiya qilish xavfsizligi;
elektromagnit mosligi;
qurilish ishlari xavfsizligi;
binolar, inshootlardan va ularga tutash hududdan foydalanish xavfsizligi;
ekologik xavfsizlik;
veterinariya xavfsizligi;
sanoat va ishlab chiqarish xavfsizligi;
portlash xavfsizligi;
axborot xavfsizligi;
o‘lchovlarning va sinovlar usullarining bir xilligini ta’minlash.
Texnik reglamentlarda mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligini ta’minlashga doir boshqa talablar ham belgilab qo‘yilishi mumkin.
Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Texnik jihatdan tartibga solishning asosiy maqsadi - fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslar va davlat mulkini himoyalash, atrof-muhit muhofazasi, xayvonot va o‘simliklar xavfsizligi shuningdek, iste’molchilarni chalg‘itishga qaratilgan harakatlarni bartaraf kilishga karatilgan texnik reglamentlar qabul qilinishiga erishishdir.
Qabul qilingan Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida umumiy va maxsus texnik reglamentlar qo‘llaniladi. Umumiy texnik reglamentlar mahsulot, xizmatlar va jarayonlar guruhlariga majburiy talablarni belgilab, O‘zbekiston Ruspublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi va mazkur reglamentlarni bekor qiladi.
Maxsus texnik reglamentlar alohida mahsulot, xizmatlar va jarayonlar turlariga majburiy talablarni belgilab, vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
Umumiy va maxsus texnik reglamentlar o‘rnatilgan tartibda, tuzilgan ekspert kengashlari tomonidan ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ekspert komissiyalari tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi.
Barcha umumiy va maxsus texnik reglamentlarni ishlab chiqish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |