136-modda. Soliq nazoratining shakllari
(1-q.)
Soliq organlari soliq nazoratini:
1) soliq tekshiruvlari;
2) soliq monitoringi shaklida amalga oshiradi.
(2-q.)
Bojxona organlari tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi
orqali olib oʻtilishi munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlarga nisbatan oʻz vakolatlari
doirasida ushbu Kodeksga va bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq soliq nazoratini amalga
oshiradi.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi qism)
137-modda. Soliq tekshiruvlarining turlari
(1-q.)
Soliq tekshiruvlari soliq toʻlovchilar, yigʻimlarni toʻlovchilar va soliq agentlari
tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish maqsadida
oʻtkaziladi.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi qism)
(2-q.)
Soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi toʻgʻrisida soliq organlarida mavjud boʻlgan
maʼlumotlarni oʻrganish va tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.
(3-q.)
Soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini oʻtkazadi:
1) kameral soliq tekshiruvi;
2) sayyor soliq tekshiruvi;
3) soliq auditi.
138-modda. Kameral soliq tekshiruvi
(1-q.)
Kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq
hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida soliq organida
mavjud boʻlgan boshqa hujjatlar hamda maʼlumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan
oʻtkaziladi.
(2-q.)
Soliq organlari kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan
oldingi tahlilni oʻtkazishi mumkin.
(OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuniga muvofiq
kiritilgan qism)
(3-q.)
Tekshiruvdan oldingi tahlil - taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq toʻlovchining
faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan
foydalangan holda, soliq toʻlovchining ishtirokisiz oʻtkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir.
(OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuniga muvofiq kiritilgan qism)
(4-q.)
Tekshiruvdan oldingi tahlil soliq organi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining)
buyrugʻisiz amalga oshiriladi.
(OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuniga muvofiq kiritilgan
qism)
(5-q.)
Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chogʻida soliq organi tomonidan taqdim etilgan soliq
hisobotida soliq organida mavjud boʻlgan maʼlumotlar bilan tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa,
soliq toʻlovchiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar
kiritish toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi.
(OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuniga
muvofiq kiritilgan qism)
(6-q.)
Soliq toʻlovchi tegishli tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi xabarnoma olingan kundan
eʼtiboran oʻn kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning
asosnomasini taqdim etishi shart. Bunday majburiyatning bajarilmaganligi soliq organi tomonidan
soliq toʻlovchida kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos boʻladi.
(OʻzR 29.12.2021-y.
OʻRQ-741-son Qonuniga muvofiq kiritilgan qism)
(7-q.)
Tekshiruvdan oldingi tahlil aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki aniqlangan tafovutlar
asosnomasi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan yoxud kameral soliq tekshiruvi tayinlagan
sanadan eʼtiboran yakunlangan hisoblanadi.
(OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuniga
muvofiq kiritilgan qism)
OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuniga muvofiq
ikkinchi-oʻn sakkizinchi qismlari
sakkizinchi-yigirma toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin
(8-q.)
Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) buyrugʻi
asosida oʻtkaziladi. Buyruqda soliq toʻlovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi
shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, tekshiruvni oʻtkazish muddatlari,
tekshirilayotgan davr, tekshirilayotgan soliqlar va yigʻimlarning turlari koʻrsatiladi.
(9-q.)
Kameral soliq tekshiruvi ushbu Kodeksning 88-moddasida belgilangan daʼvo muddati
oʻtmagan soliq davrlariga nisbatan oʻtkazilishi mumkin.
(10-q.)
Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq toʻlovchidan (soliq agentidan,
uchinchi shaxsdan) hisobga olish hujjatlarini, taqdim etilgan soliq hisobotiga va hisobga olish
hujjatlariga doir tushuntirishlarni, shuningdek soliq hamda yigʻimlarni hisoblab chiqarish va
toʻlash bilan bogʻliq boshqa axborotni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda soʻrab olishi
mumkin.
(11-q.)
Soʻralgan hujjatlar va tushuntirishlar soliq organiga tegishli soʻrov olingan kundan
eʼtiboran besh kun ichida taqdim etilishi kerak. Soʻralgan hujjatlarni taqdim etish muddati soliq
toʻlovchining hujjatlar taqdim etish uchun sabablari va zarur boʻlgan muddatlari koʻrsatilgan
arizasiga koʻra soliq organi tomonidan uzaytirilishi mumkin.
(12-q.)
Agar soliq toʻlovchi kameral soliq tekshiruvi tugaguniga qadar ushbu Kodeksning
83-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisoblab chiqarilgan soliq summasi oʻzgartirilgan
aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa, kameral soliq tekshiruvi taqdim etilgan
aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda oʻtkaziladi.
(13-q.)
Agar oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvi yakuni bilan taqdim etilgan soliq
hisobotida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlangan boʻlsa, soliq organi soliq toʻlovchiga ushbu
Kodeksda belgilangan tartibda soliq hisobotlariga tuzatishlar kiritish talabnomasini yuboradi.
(14-q.)
Soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqida talabnoma yuborilgan sana kameral soliq
tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi. Agar oʻrganish va tahlil qilish yakunlariga koʻra tafovutlar
va (yoki) xatolar aniqlanmagan boʻlsa ham kameral soliq tekshiruvi yakunlangan hisoblanadi.
(15-q.)
Soliq toʻlovchi tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi talabnoma olingan kundan eʼtiboran
besh kun ichida tegishli soliqlar va yigʻimlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoxud
tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda aniqlangan tafovutlarning asosnomasini ushbu
Kodeksda belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
(OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuni
tahriridagi qism)
(16-q.)
Soliq toʻlovchi soliq organining tegishli talabnomasida koʻrsatilgan, aniqlangan
tafovutlarning asosnomasi sifatida soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasini taqdim etishga
haqli. Soliq toʻlovchining nomidan bunday asosnomani soliq maslahatchilari tashkiloti soliq
toʻlovchi bilan tuzilgan shartnoma asosida mustaqil ravishda taqdim etishi mumkin.
(17-q.)
Soliq toʻlovchining taqdim etgan asosnomasi tegishli hujjatlar (asosnomalar) olingan
kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbari oʻrinbosari) tomonidan
koʻrib chiqiladi.
(18-q.)
Aniqlangan tafovutlar boʻyicha taqdim etilgan asosnomalariga toʻliq yoki qisman
rozilik berilgan taqdirda, soliq organi ilgari yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi
bildirish xatini yoxud soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi aniqlashtirilgan
talabnomani soliq toʻlovchiga yuboradi.
(19-q.)
Agar soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa (shu jumladan
aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), yoxud aniqlangan tafovutlar boʻyicha asosnomalarni taqdim
etmasa, yoki u taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa, soliq organi soliq toʻlovchiga
soliq auditini tayinlashga haqli.
(20-q.)
Agar soliq (hisobot) davri uchun soliq monitoringi oʻtkazilayotgan boʻlsa, bunday
davr uchun kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi. Mazkur qoida soliq monitoringi muddatidan
oldin tugatilganda qoʻllanilmaydi.
(21-q.)
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida
nazarda tutilmagan boʻlsa, zimmasiga soliq hisobotini taqdim etish boʻyicha majburiyat
yuklatilgan soliq agentlarining va boshqa shaxslarning kameral soliq tekshiruvlariga nisbatan ham
tatbiq etiladi.
(22-q.)
Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplashga nisbatan kameral soliq
tekshiruvi soliq toʻlovchi tomonidan soliq davri uchun soliq hisoboti taqdim etish chogʻida soliq
organlari qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) toʻgʻrisida
xabardor qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida soliq organining buyrugʻisiz, Oʻzbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qoʻshilgan
qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga koʻra soliq
hisobotiga oʻzgartishlar kiritish haqidagi talabnoma yozib berilmaydi.
(OʻzR 30.12.2022-y.
OʻRQ-812-son Qonuni tahriridagi qism) (Oldingi tahririga qarang)
(23-q.)
Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi
natijalariga koʻra soliq organlari ushbu summani qoplash toʻgʻrisidagi qaror yoxud ularni
qoplashni rad etish (toʻliq yoki qisman) toʻgʻrisidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi.
(24-q.)
Kameral soliq tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(OʻzR 11.03.2022-y. OʻRQ-758-son Qonuni
tahriridagi qism) (Oldingi tahririga qarang)
Do'stlaringiz bilan baham: |