1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.07.00 Fuqarolarning sud, boshqa davlat organlari va o‘zga tashkilotlarga murojaat qilishi;
2.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.05.00.00 Fuqarolik protsessual qonunchiligi / 17.05.04.00 Davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat va arizalar bo‘yicha ish yuritish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari . Ombudsman. Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
FUQAROLARNING HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINI BUZADIGAN XATTI-HARAKATLAR VA QARORLAR USTIDAN SUDGA ShIKOYaT QILISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi O‘RQ-496-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Sudga shikoyat bilan murojaat qilish huquqi
Har bir fuqaro davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) bilan o‘z huquqlari yoki erkinliklari buzilgan deb hisoblasa, shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlarida o‘zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, chet ellik fuqarolar ushbu Qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqlidirlar.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu Qonunga muvofiq sudga shikoyat bilan murojaat qilish huquqiga egadirlar.
2-modda. Sudga shikoyat berilishiga loyiq xatti-harakatlar (qarorlar)
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarning sudga shikoyat qilishga loyiq kollegial yoki yakka tartibdagi xatti-harakatlari (qarorlari) jumlasiga:
fuqaroning huquqlari va erkinliklarini buzgan;
fuqaroning o‘z huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishiga monelik tug‘dirgan;
fuqaro zimmasiga qonunga xilof ravishda qandaydir majburiyat yuklatilishiga sabab bo‘lgan xatti-harakatlar (qarorlar) kiradi.
LexUZ sharhi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 266-moddasiga qarang.
3-modda. Ushbu Qonunning ta’sir doirasi
Ushbu Qonunga muvofiq sudlar fuqarolarning huquqlari yoki erkinliklarini buzadigan har qanday xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadilar, bundan:
tekshirilishi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mutlaq vakolatlari doirasiga kiritilgan xatti-harakatlar (qarorlar);
LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasi.
qonun hujjatlarida ustidan sudga shikoyat qilishning o‘zgacha tartibi belgilangan xatti-harakatlar (qarorlar) mustasnodir.
4-modda. Shikoyat berish
Fuqaro o‘z huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan shikoyat bilan bevosita sudga yoki tobelik tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga murojaat qilish huquqiga ega.
Tobelik tartibida yuqori turuvchi organ, mansabdor shaxs shikoyatni bir oylik muddatda ko‘rib chiqishlari shart. Agar fuqaroning shikoyatini qanoatlantirish rad qilingan bo‘lsa yoki u shikoyat bergan kundan boshlab bir oy mobaynida javob olmagan bo‘lsa, sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqli.
Shikoyatni huquqlari, erkinliklari buzilgan fuqaro yoki uning vakili, shuningdek fuqaroning iltimosiga ko‘ra jamoat birlashmasining, mehnat jamoasining vakolat berilgan vakili berishi mumkin.
Shikoyat fuqaroning xohishiga qarab yo u yashaydigan joydagi sudga yoki organ joylashgan yerdagi, yoxud xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilinayotgan mansabdor shaxsning ish joyidagi sudga beriladi.
Harbiy xizmatchi o‘zining huquqlari va erkinliklarini buzayotgan harbiy boshqaruv organlari va harbiy mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat bilan harbiy sudga, shuningdek yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga ushbu moddada ko‘zda tutilgan tartibda murojaat qilishga haqli.
LexUZ sharhi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 269-moddasiga qarang.
5-modda. Shikoyat yuzasidan sud harakatlari
Sud shikoyatni ko‘rib chiqishga qabul qilgach:
tegishli organlar va mansabdor shaxslardan zarur materiallarni talab qilib oladi;
fuqaroning iltimosiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan shikoyat qilinishiga sabab bo‘lgan xatti-harakat (qaror)ning ijrosini to‘xtatib turish masalasini hal qiladi.
LexUZ sharhi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 268-moddasiga qarang.
6-modda. Sudga shikoyat bilan murojaat qilish muddatlari
Sudga shikoyat bilan murojaat qilish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
fuqaro o‘z huquqlari va erkinliklari buzilganligidan xabar topgan kundan boshlab uch oy;
fuqaro yuqori turuvchi organ, mansabdor shaxsning shikoyatni qanoatlantirishni rad etish haqidagi yozma bildirishini olgan kundan boshlab bir oy;
agar fuqaro o‘z shikoyatiga yozma javob olmagan bo‘lsa, shikoyat berganidan keyin bir oy muddat o‘tgan kundan boshlab bir oy.
Shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 130 va 270-moddalariga qarang.
7-modda. Shikoyatni ko‘rib chiqish tartibi
Fuqaroning davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslar xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyati sud tomonidan fuqaroviy sudlov ishlarini yuritish qoidalari asosida ko‘rib chiqiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 265-moddasi.
8-modda. Shikoyat yuzasidan sud qarori
Shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud qaror chiqaradi.
Sud shikoyatning asosliligini aniqlagach, ustidan shikoyat berilgan xatti-harakatni (qarorni) qonunsiz deb topadi, fuqaroning talablarini qanoatlantirish majburiyatini yuklaydi yoki uning buzilgan huquqlari va erkinliklarini o‘zgacha yo‘l bilan tiklaydi.
Agar ustidan shikoyat berilgan xatti-harakatni (qarorni) sud fuqaroning huquqlari va erkinliklarini buzmaydigan qonuniy xatti-harakat (qaror) deb topsa, u shikoyatni qanoatlantirishni rad etadi.
LexUZ sharhi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 271-moddasiga qarang.
Sudning qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori sudga shikoyat berilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining III bo‘limi.
9-modda. Sud qarorini bajarish
Sudning qonuniy kuchga kirgan qarori barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiy va uni bajarish shart.
Sudning qarori xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat berilgan organ yoki mansabdor shaxsga, shuningdek fuqaroga qaror qonuniy kuchga kirgach kechi bilan o‘n kun ichida yuboriladi.
Qaror bajarilganligi haqida sudga va fuqaroga sud qarori olingan kundan boshlab kechi bilan bir oy ichida xabar qilinishi shart. Qaror bajarilmagan taqdirda sud qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan chora-tadbirlarni ko‘radi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining IV bo‘limi va O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni.
10-modda. Shikoyatni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq sud xarajatlarini yuklatish
Shikoyatni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq bo‘lgan sud xarajatlari, sud shikoyatni qanoatlantirishni rad etish haqida qaror chiqargan taqdirda fuqaro zimmasiga yoki sud organ yoxud mansabdor shaxsning xatti-harakatlari (qarorlari)ni qonuniy emas deb topgan taqdirda ular zimmasiga yuklatilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 117-moddasiga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 30-avgust,
108-I-son (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 183-modda)