264-modda. Yakka mehnat nizolarini komissiyada ko‘rib chiqish tartibi
Mehnat nizolari komissiyasi mehnat nizosini ariza berilgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida ko‘rib chiqishi shart. Nizo ariza bergan xodimning ishtirokida ko‘riladi. Xodimning ishtirokisiz nizoni ko‘rib chiqishga uning yozma arizasi bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Basharti xodim uzrsiz sabab bilan komissiya majlisiga kelmasa, mazkur arizani ko‘rib chiqishni kun tartibidan olib tashlash xususida qaror qabul qilinishi mumkin, bu esa xodimni takroran ariza bilan murojaat etish huquqidan mahrum qilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 5.4-bandi.
Xodim, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi mehnat nizosi ko‘rib chiqilishida ishtirok etish uchun advokat taklif qilish huquqiga ega.
Mehnat nizolari komissiyasi majlisga guvohlarni chaqirtirish, mutaxassislarni taklif qilish, ish beruvchidan zarur hisob-kitoblar va hujjatlar taqdim etishini talab qilish huquqiga ega.
Majlisda komissiyaning ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organi vakillaridan iborat teng miqdordagi a’zolari ishtirok etishlari kerak.
Mehnat nizolari komissiyasining har bir majlisida raislik vazifasini ish beruvchining va kasaba uyushmasi qo‘mitasining yoki xodimlar boshqa vakillik organining vakillari navbatma-navbat bajaradilar. Bunda bir majlisning o‘zida raislik va kotiblik vazifasini bir tarafning vakillari bajarishi mumkin emas.
Komissiyaning har bir majlisida taraflar tomonidan keyingi majlisning raisi va kotibi tayinlanadi, ularga majlisni tayyorlash va chaqirish vazifasi yuklatiladi.
Mehnat nizolari komissiyasining majlisida bayonnoma yuritiladi.
265-modda. Mehnat nizolari komissiyasining qarori
Mehnat nizolari komissiyasining qarori ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoxud xodimlar boshqa vakillik organining vakillari o‘rtasidagi kelishuvga binoan qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Komissiyaning qarori dalillar bilan isbotlangan hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarga, mehnat shartnomasiga asoslangan bo‘lishi kerak.
(265-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Komissiyaning pul undirish talablariga oid qarorida xodimga tegishli summa aniq ko‘rsatilishi lozim.
Qaror majlis raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. U majburiy kuchga ega bo‘lib, biron bir tarzda tasdiqlanmaydi.
Komissiya qarorining nusxasi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida xodimga, ish beruvchiga va kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga topshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |