19-modda. Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish
Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
ushbu Qonun 16 va 17-moddalarida ko‘rsatilgan taqdim etilgan hujjatlarning banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq emasligi;
baholanishi ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq amalga oshirilgan muassislarning, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarning mazkur modda talablariga muvofiq emasligi;
bankning biznes-rejada ko‘rsatilgan maqsadlarga erishishga qodir emasligi;
tashkil etiladigan bank bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan bir yoki bir necha shaxsning faoliyatini tartibga soluvchi boshqa mamlakat qonunlarida yoki normativ hujjatlarida ushbu shaxslarga nisbatan boshqa mamlakat vakolatli organlarining talablari mavjudligi yoxud ular tomonidan qo‘llanilgan, Markaziy bankning nazorat qilish vazifasini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiluvchi taqiqlar hamda cheklovlar qo‘llanilganligi yoki O‘zbekiston Respublikasining banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish borasida boshqa moneliklarning mavjudligi;
ushbu Qonun 16-moddasining oltinchi qismiga muvofiq Markaziy bank tomonidan so‘ralgan qo‘shimcha hujjatlarning va axborotning taqdim etilmaganligi.
Yaqin aloqalar deganda ikki yoki bir necha shaxs quyidagilar vositasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan holat tushuniladi:
yuridik shaxs ovoz berish huquqlarining yoki ustav fondining (ustav kapitalining) kamida yigirma foiziga bevosita egalik qilishni yoki nazoratni qo‘lga kiritish;
nazorat qilish;
ikki shaxs yoki barcha shaxslar o‘rtasida yoki shu shaxslar va uchinchi shaxs o‘rtasida o‘rnatilgan doimiy nazoratning mavjudligi.
Nazorat deganda shaxslar o‘rtasidagi quyidagi mezonlardan biriga mos keluvchi o‘zaro aloqa tushuniladi:
shaxs tomonidan boshqa yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ustunlik qiladigan ulushlarga egalik qilish;
yuridik shaxsning ishtirokchisi (aksiyadori) bo‘lgan shaxsning shu yuridik shaxs boshqaruv organlarining ko‘pchilik a’zolarini tayinlash yoki almashtirish huquqi;
shaxsning yuridik shaxs faoliyatiga, u bilan tuzilgan shartnomaga va (yoki) uning ustavi qoidalariga muvofiq ta’sir ko‘rsatish imkoniyati;
yuridik shaxsning ishtirokchisi (aksiyadori) bo‘lgan shaxsning shu yuridik shaxs boshqaruv organlarining ovoz berish huquqini amalga oshirishi natijasida o‘zi tayinlagan a’zolariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati. Ushbu mezon, agar nazorat ushbu qismning ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan mezonlardan biriga muvofiq bo‘lsa, qo‘llanilmaydi;
yuridik shaxsning ishtirokchisi (aksiyadori) bo‘lgan shaxsning o‘zining boshqa ishtirokchilari (aksiyadorlari) yoki a’zolari bilan kelishuvga binoan mazkur yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ustunlik qiladigan ulushlarni boshqarish imkoniyati.
Markaziy bankning asoslantirilgan mulohazasi bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma ariza beruvchiga ushbu Qonun 16-moddasining sakkizinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda va shakllarda, rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yuboriladi.
Rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf qilinganligi inobatga olingan holda taqdim etilgan ariza va hujjatlar yangidan berilgan deb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |