95-modda. Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza sudga da’vo arizasi bilan bir vaqtda yoki ishni yuritish jarayonida berilishi mumkin.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) taraflarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan eri (pochta manzili) va yashash joyi;
3) nizo predmeti;
4) da’voni ta’minlash chorasini ko‘rish zaruriyatining asosi;
5) da’vogar qabul qilishni so‘rayotgan da’voni ta’minlash chorasining turi;
6) ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizada boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Vakil tomonidan imzolangan arizaga ishonchnoma yoki uning arizani imzolashga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi iltimosnoma da’vo arizasida bayon etilishi mumkin.
Agar da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi iltimosnoma da’vo arizasida bayon etilsa, mazkur iltimosnomada ushbu modda ikkinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Hakamlik sudida ko‘rilayotgan da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizaga hakamlik sudiga da’vo taqdim etilganligining dalillari ilova qilinadi.
96-modda. Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish Da’vo arizasi bilan birga berilgan da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish bilan bir vaqtda, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 19.06.2015-yildagi 283-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan protsessual muddatlarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 18-bandi. Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza sud majlisida berilgan taqdirda, u shu majlisda ko‘rib chiqilishi lozim.
Agar da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza ishni yuritish jarayonida berilgan bo‘lsa, u kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmay ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan ko‘rib chiqiladi.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqarilib, uning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
Da’voni ta’minlash haqidagi yoki da’voni ta’minlashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Shikoyat berilishi (protest keltirilishi) ajrimning ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.
Hakamlik sudida ko‘rilayotgan da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmay, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmagan holda ko‘rib chiqiladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 93 — 95, 97 — 100-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonuni 32-moddasining birinchi, uchinchi — beshinchi qismlari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 15.06.2012-yildagi 238-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 26-bandi.