80-modda. Ekspertiza Ishni ko‘rish vaqtida yuzaga keladigan, fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirib berish uchun sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra yoki roziligi bilan ekspertiza tayinlaydi. Agar ekspertizani tayinlash qonunda belgilab qo‘yilgan yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoxud taqdim etilgan dalilning qalbakilashtirilganligi to‘g‘risidagi arizani tekshirish yoxud qo‘shimcha ekspertiza tayinlash zarur bo‘lsa, sud ekspertizani o‘z tashabbusi bilan tayinlashi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 56, 81 — 86-moddalari, 102-moddasi birinchi qismining 2-bandi. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi 261-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan ekspertizaga oid qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 3-bandining ikkinchi xatboshisi. Ekspertiza o‘tkazilishi zarur bo‘lgan masalalar doirasi va mazmuni sud tomonidan belgilanadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudga ekspertiza o‘tkazish vaqtida tushuntirib berilishi lozim bo‘lgan masalalarni taqdim etishga haqli. Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar taqdim etgan masalalar rad qilinganligini asoslab berishi shart.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi 261-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan ekspertizaga oid qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 8.3-bandining birinchi xatboshisi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar: o‘zlari ko‘rsatgan shaxslarni ekspert sifatida jalb etish to‘g‘risida ekspertizani muayyan ekspertiza muassasasida o‘tkazish haqida iltimosnoma bilan murojaat qilishga, ekspertni rad etish to‘g‘risida arz qilishga; ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimga ekspert oldiga qo‘yilgan masalalarga qo‘shimcha masalalar kiritish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilishga; ekspertga tushuntirishlar berishga; ekspert xulosasi bilan yoki xulosa berishning imkoni bo‘lmaganligi haqidagi xabar bilan tanishishga; qo‘shimcha yoxud takroriy ekspertiza o‘tkazish haqida iltimos qilishga haqli.
Sud ekspertiza tayinlash to‘g‘risida yoki ekspertiza tayinlash haqidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi ajrimda: ekspertizani tayinlash asoslari; ekspertning familiyasi, ismi va otasining ismi yoki ekspertiza o‘tkazilishi lozim bo‘lgan ekspertiza muassasasining nomi; ekspert oldiga qo‘yilgan masalalar; ekspert ixtiyoriga taqdim etiladigan materiallar va hujjatlar; ekspertizani o‘tkazish va sudga xulosani taqdim etish kerak bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi Qarang: “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun 17-moddasining birinchi, ikkinchi qismlari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi 261-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan ekspertizaga oid qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 8 — 8.4-bandlari. Taraf ekspertizada ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan, ekspertlarga tekshirish uchun zarur materiallar va hujjatlarni taqdim etmagan hollarda hamda boshqa hollarda, agar ishdagi mavjud holatlarga ko‘ra va shu tarafning ishtirokisiz ekspertiza o‘tkazish imkoni bo‘lmasa, sud aynan qaysi taraf ekspertizadan bo‘yin tovlayotganligidan, shuningdek uning uchun ekspertiza qanday ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, qaysi fakt yuzasidan ekspertiza tayinlangan bo‘lsa, o‘sha faktni aniqlangan yoki inkor etilgan deb topishga haqli.