24-bob. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlar 165-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan pochta yoki kuryerlik jo‘natmalari xalqaro pochta yoki kuryerlik jo‘natmalaridir.
Xalqaro pochta jo‘natmalari Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga yuborilishi kerak.
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalari tijorat hujjatlari bilan birga yuborilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonunchilikda taqiqlangan tovarlarni yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(165-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) 166-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar bojxona nazoratidan o‘tishi kerak.
Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari bojxona nazoratini amalga oshirmasdan qabul qiluvchilarga berilishi yoki bojxona hududidan tashqariga jo‘natilishi mumkin emas.
Xalqaro pochta jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan joylarda amalga oshiriladi.
Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi qabul qiluvchilar yoki jo‘natuvchilar qaysi bojxona organining faoliyat ko‘rsatish zonasida turgan bo‘lsa, o‘sha bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarda xalqaro pochta jo‘natmalari xalqaro pochta almashinuvi joylaridan pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotigacha bojxona nazorati ostida yetkaziladi. Pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotlarida bojxona nazorati ostidagi tovarlarni saqlash uchun joylar tashkil qilinadi, bu joylar bojxona nazorati zonalari hisoblanadi.
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan joylardan yuboriladigan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari qabul qiluvchilar qaysi bojxona organining faoliyat ko‘rsatish zonasida turgan bo‘lsa, o‘sha bojxona organigacha bojxona nazorati ostida yetkazib beriladi.