8-bob. Jamoat tashkilotlari
48. Kasb-hunar maktabida o‘quvchi, o‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, ma’muriy va yordamchi xodimlarni birlashtiruvchi jamoat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatadi. Jamoat tashkilotlarining faoliyati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
49. Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti o‘quvchilarni ixtiyoriy ravishda birlashtiradi.
Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining maqsad va vazifalari kasb-hunar maktabi yoshlarini birlashtirish, sog‘lom turmush tarzi asosida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rin egallashga ko‘maklashish, ularning manfaatlarini har tomonlama himoya qilishdan iboratdir.
50. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi kasb-hunar maktabi xodimlari va o‘quvchilarining ko‘ngilli jamoat birlashmasi sifatida e’tirof etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi va boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan ish ko‘radi.
(50-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
9-bob. Kasb-hunar maktabining mol-mulki va mablag‘lari
51. Kasb-hunar maktabi o‘zining moliya–xo‘jalik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiradi.
52. O‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, xodimlarning ish haqi, sifatli faoliyat uchun ularni rag‘batlantirish miqdori va ish xaqiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
53. Moliyaviy mablag‘lar kasb-hunar maktabining tasarrufida bo‘ladi va ulardan qonunchilikda belgilangan tartibda Ustavda belgilangan vazifalarini amalga oshirish maqsadida foydalaniladi.
54. Kasb-hunar maktabining obyektlari va mol-mulkidan o‘quv mashg‘ulotlari davrida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
55. Fan kabinetlari, ustaxona va boshqa obyektlarning o‘quv-metodik va texnik jihozlanishi namunaviy normativlar bilan belgilanadi.
56. Kasb-hunar maktabining mol-mulkidan samarali va maqsadga yo‘naltirilgan tarzda foydalanilish uchun qonun hujjatlariga muvofiq direktor to‘liq javob beradi.
57. Kasb-hunar maktabi o‘z moliyaviy faoliyatini amalga oshirish uchun amaldagi qonun hujjatlariga binoan buxgalteriya va statistika hisobini yuritadi, moliyaviy faoliyatni muntazam tahlil qiladi hamda mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ta’minlaydi, moliyaviy va statistik hisobotlarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tegishli organlarga taqdim etadi.
58. Kasb-hunar maktabining moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |