7-bob. Pedagog xodimlar, o‘quv-tarbiyaviy xodimlar
46. Tegishli oliy ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka hamda yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar kollejda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega. Sudning qaroriga asosan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish ta’qiqlangan shaxslar bu ishga qo‘yilmaydi.
47. Kollejga professor-o‘qituvchilar, pedagoglar tarkibini ishga qabul qilish, ularning o‘quv-pedagogik yuklamasini belgilash tegishli qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
48. O‘qituvchilarning (o‘quv fanlari va soatlar bo‘yicha) boshqa o‘qituvchilar o‘rnida ishlashi tartibi tegishli normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
49. O‘qituvchilarning pedagogik faoliyat darajasini baholash uchun attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifasi berish tartibi tegishli normativ hujjatlarga asosan amalga oshiriladi.
50. O‘qituvchilarning pedagogik, psixologik, kasbiy mahoratini va malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
51. Direktorning buyrug‘i bilan o‘qituvchilar zimmasiga o‘quv fanlari bo‘yicha kafedra mudirligi, tegishli o‘quv fanlar bo‘yicha mavjud o‘quv xonasi mudirligi vazifasi yuklanishi mumkin.
Guruhlarda o‘quv, ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy hamda tashkiliy ishlarga rahbarlik qilish uchun o‘qituvchilardan guruh murabbiylari tayinlanadi.
52. Kollejning o‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’lim ustalari va xodimlarining huquq va burchlari, lavozim vazifalari, malaka talablari va majburiyatlari kasbga qo‘yilgan talablar bilan belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasining mehnat haqidagi qonunlari asosida tartibga solinadi. O‘qituvchi va xodimlar pedagogik mehnatning, tarbiyaviy va ilmiy jarayonining yuqori samara berishiga, o‘quvchilarda mustaqillik, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyat, zarur kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga, kollej Ustaviga rioya qilishga majbur.
53. Kollej xodimlarining huquq va majburiyatlari uning Ustavi, direktor tomonidan tasdiqlangan Ichki mehnat tartibi qoidalari va lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.
54. Kollejning o‘quv-tarbiya jarayoni sifati oshishiga aniq hissa qo‘shayotgan, yuksak kasb mahoratiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari va xodimlarini rag‘batlantirish quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:
o‘qituvchilar tomonidan o‘qitishning interfaol usullaridan foydalangan holda axborot texnologiyalarini qo‘llab ta’lim berishning yuqori darajasiga erishish;
o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalar va ijodiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha mustaqil samarali ishlashni o‘rgatish;
guruhlar murabbiylarining o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishi;
o‘qituvchi-pedagoglarning ilmiy-tadqiqotchilik ishlari;
kollej ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va jamoat hayotida faol ishtirok etish.
55. Kollejda o‘qituvchi, o‘quv-tarbiyaviy xodimlar mehnatini rag‘batlantirish ishlab chiqilgan ichki lokal hujjatlar bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |