MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRLIGINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA.
Mehnatni rag‘batlantirish va manfaatdorlikni oshirish sohasida boshqaruvni tashkil etish darajasini oshirish va takomillashtirish, aholini ish bilan oqilona ta’minlash, ijtimoiy ta’minot tizimini yaxshilash, erkinlashtirish va iqtisodiy islohotlarni tobora chuqurlashtirish sharoitida ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, shu asosda aholining farovonligi barqaror yuksalib borishini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Ijtimoiy ta’minot vazirligi negizida O‘zbekiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 22-maydagi PF-3879-sonli Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2007-y., 22-son, 225-modda)
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida Mehnat vazirligi va Ijtimoiy ta’minot vazirligining tegishli hududiy organlari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari tashkil qilinsin.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy bosh boshqarmalari o‘z faoliyatida tegishli hokimliklarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga hisobot beradilar.
4. Quyidagilar belgilansin:
tumanlar va shaharlarda Bandlikka ko‘maklashish hamda aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari ishlab kelmoqda;
tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish hamda aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari o‘z faoliyatida tegishli hokimliklarga hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy bosh boshqarmalariga hisobot beradilar.
(4-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-martdagi PF-4209-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 13-son, 92-modda)
5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan uning vakolati doirasida qabul qilinadigan qarorlar vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, korxona va muassasalar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan ijro etish uchun majburiy hisoblanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
7. Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |