Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda o‘tkaziladi: Soliq xavfini boshqarish tizimi asosida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi mavjudligida;
Soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar yoki xatolar aniqlanganda.
Soliq organlari quyidagi hollarda ham kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishga haqli: Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi holatlari haqida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari soliq organiga tushganda;
Soliq to‘lovchi tomonidan oldin taqdim etilgan soliq hisobotiga nisbatan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini kamaytiradigan yoki ko‘rilgan zarar summasini ko‘paytiradigan aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilganda.
Kameral soliq tekshiruvi daʼvo muddati o‘tmagan soliq davrlariga nisbatan o‘tkazilishi mumkin. Soliq monitoringi o‘tkazilayotgan soliq (hisobot) davriga nisbatan kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi. Kameral soliq tekshiruvi soliq organi joylashgan joyda amalga oshiriladi, bundan soliq to‘lovchining hududlarini va binolarini ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq holatlar mustasno.
Agar soliq to‘lovchi tomonidan avval hisoblangan soliq summasi o‘zgartirilib, kameral soliq tekshiruvi tugagunga qadar o‘n kun oldin aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilsa, kameral soliq tekshiruvi ushbu taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvining umumiy muddati oltmish ish kundan oshishi mumkin emas.
Kameral soliq tekshiruvi davomida soliq organi so‘rovnoma asosida soliq to‘lovchidan:
soliqlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo‘lgan birlamchi hujjatlarni, buxgalteriya hisobi registrlarini hamda boshqa hisob hujjatlarini;
taqdim etilgan soliq hisoboti va hisob hujjatlariga doir tushuntirishlarni;
soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa axborotni talab qilib olishga haqli.
So‘rovnomada ko‘rsatilgan hujjatlar va tushuntirishlar soliq to‘lovchi tomonidan soliq organiga so‘rovnoma olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etilishi kerak.
Tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli bo‘lgan hujjatlarni (axborotni) uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarur bo‘lgan hollarda, soliq organlari ushbu hujjatlarni (axborotni) soliq to‘lovchining kontragentidan yoki hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan boshqa shaxslardan talab qilib oladi.
Kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha tekshiruvni o‘tkazuvchi mansabdor shaxs xulosa tuzadi. Kameral soliq tekshiruvi yuzasidan tuzilgan xulosa soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan ikki kun ichida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Kameral soliq tekshiruvi materiallari, shu jumladan, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi dalolatnoma, tekshirish yakunlariga ko‘ra tafovutlar aniqlanganligi yoki soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi mavjud emasligi to‘g‘risida tuzilgan xulosa Soliq kodeksining 135-moddasi oltinchi qismiga muvofiq soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.