VII. ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisining huquq hamda imtiyozlari
42. Ta’lim muassasasi ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisining pedagogik ish stajiga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidagi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati organlarida o‘tagan haqiqiy harbiy xizmat muddati qo‘shiladi.
43. ChQBT xonasi rahbari hisoblangan ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisiga amalda joriy etilgan qo‘shimcha haq to‘lash tizimi qo‘llaniladi.
44. ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisiga respublika ta’lim muassasalari boshqa fan o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etiladi.
45. Oliy ta’lim muassasalarining “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishlarini tamomlab ofitser unvoniga ega bo‘lgan, haqiqiy harbiy xizmatdan rezerv yoki iste’foga bo‘shatilib, ta’lim muassasalari ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisi lavozimiga tayinlangan rezervdagi va iste’fodagi ofitsyerlarga, shuningdek ChQBT fani rahbari va o‘qituvchilariga Umumharbiy nizomlarda belgilangan tartibda va amalda bo‘lgan harbiy kiyim kiyib yurish huquqi beriladi.
VIII. ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
46. ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarni nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Markaz hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
47. Ta’lim muassasasida tekshirish ishlari Mudofaa vazirligi tomonidan yilda bir marta, ikki kundan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi. Tekshiruv davomida ta’lim-tarbiya jarayonining to‘g‘ri tashkil etilganligi, ChQBT dasturining to‘liq bajarilayotganligi, o‘quv materiallarining ta’lim muassasasi o‘quvchilari tomonidan o‘zlashtirilishi sifati, ta’lim muassasasi o‘quvchilarining ushbu fandagi ishtiroki, ChQBT fani rahbari va o‘qituvchisining uslubiy tayyorgarlik saviyasi, mashg‘ulotlarning o‘tkazilish sifati, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy hamda jismoniy tayyorgarlik ishlarning, shuningdek o‘quv-moddiy bazaning holati o‘rganib chiqiladi.
48. Tekshirish ishlari yakuni bo‘yicha besh nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaning bittadan nusxasi tegishli ravishda tuman (shahar) hokimligiga, ta’lim muassasasiga, mudofaa ishlari boshqarmasiga, mudofaa ishlari boshqarmasi orqali Markazning hududiy boshqarmasiga yuboriladi, bir nusxasi esa tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limida saqlanadi.
IX. Yakunlovchi qoida
49. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob berishadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 51-son, 610-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda, 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son; 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |