2-§. Xalq hokimiyatchiligi va uni amalga oshirish shakllari
"Xalq hokimiyatchiligi" atamasi yunoncha "demokratiya" ("demokratia") so’zining aynan tarjimasi bo’lib, bu ibora ilk bor yunon shahar-davlatida paydo bo’lgan va keyinchalik butun dunyoga tarqalgan hamda siyosiy lug’atdan mustahkam o’rin olgan.
Demokratiya so’zi "demos" ("demos") xalq va "kratos" ("kratos") hokimiyat so’zlarining birikmasidan tuzilib, "xalq hokimiyatchiligi" deganidir.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining "Xalq hokimiyatchiligi" deb nomlangan ikkinchi bobi davlatimizning demokratik tabiatini ifodalaydi va O’zbekistonni suveren demokratik respublika ekanligini tasdiqlaydi. "Xalq hokimiyatchiligi" printsipi har qanday demokratik davlat konstitutsiyaviy tuzumining asosiy shartlaridan biridir.
Darhaqiqat, O’zbekiston Respublikasi demokratik davlat hisoblanib, uning Asosiy Qonuni xalq hokimiyatchiligi printsipiga asoslanadi va butun mazmun - mohiyati bilan ana shu printsipini mustahkamlaydi. Umuman, O’zbekiston Konstitutsiyasining juda ko’p moddalariga xalq hokimiyatchiligi g’oyasi singdirilgan bo’lib, bunga ko’ra, hokimiyat amalda va qonun bo’yicha tanho xalqqa tegishlidir. Zero, xalq hokimiyatchiligi deganda hokimiyatning faqat xalqqa tegishli ekanligi, davlat xalq irodasini ifodalashi va uning manfaatlariga xizmat qilishi lozimligi, davlatning asosiy vazifalaridan biri inson va jamiyatning farovonligini ta’minlashga qaratilgan bo’lishi kerakligi tushuniladi.
O’zbekiston Konstitutsiyasining 7-moddasida mamlakatimizdagi xalq hokimiyatchiligi printsipi quyidagicha ochib berilgan:
«Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir.
O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko’zlab va O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.
Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o’zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to’xtatib qo’yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tartiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo’ladi.»
O’zbekistonda davlat xalq irodasini ifodalaydi, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Agar hozirgi vaqtda davlatimizning ichki va tashqi siyosiy faoliyatiga diqqat bilan nazar tashlasak, mazkur siyosat inson va jamiyat farovonligi maqsadiga bo’ysundirilganligini, yurtimiz obodligini va xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilganligini ko’ramiz.
Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi haqida so’z ketar ekan, xalq davlat hokimiyatini qanday yo’l bilan amalga oshiradi, degan tabiiy savol tug’iladi. O’zbekiston Konstitutsiyasida huddi ana shu savolga ham aniq javob berilgan.O’zbekiston Konstitutsiyasida, xalq hokimiyatchiligining jahon konstitutsiyaviy rivojlanishi tajribasida ishlab chiqilgan quyidagi ikkita shakli o’rnatilgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |