2.2. BIOLOGIYADAN FAKULTATIV MASHG‘ULOTLARNI TASHKIL ETISH
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida biologiya fanini o‘qitishning maqsadi - o‘quvchilarga tirik organizmlarning tuzilishi, ko‘payishi, kelib chiqishi, xilma-xilligi, o‘zaro munosabatlari, muhofazasi, tabiat va inson hayotidagi ahamiyati haqidagi bilimlarni berish, o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, mantiqiy va ijodiy fikrlashini shakllantirishdan iborat.
O‘quvchilarda bu xususiyatlarni tarbiyalashda fanga oid bilim, ko‘nikma va malakalarning dars jarayonida singdirish bilan birgalikda ularda kompetensiyalarni ham shakllantirish lozim.
Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim – o‘quvchilarda egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarini o‘z shaxsiy, kasbiy va ijtimoiy faoliyatlarida amaliy qo‘llay olish kompetensiyalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’limdir.
Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim o‘quvchilarda mustaqillik, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish, tashabbuskorlik, mediaresurslar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan o‘z faoliyatida oqilona foydalana olish, ongli ravishda kasb-hunar tanlash, sog‘lom raqobat hamda umummadaniy ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Uzluksiz ta’lim tizimida biologiyadan o‘quvchilarning fan asoslarini mustahkam va chuqur o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishlari va ehtiyojlarini rivojlantirish, o‘zlashtirilgan bilimlarni amaliyotda qo‘llash, kasbga yo‘naltirishni amalga oshirish, tajriba qo‘yish va kuzatish o‘tkazish, qo‘shimcha adabiyotlar ustida mustaqil ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, tabiatga nisbatan ongli munosabatni tarkib toptirish maqsadida o‘qitish jarayonining yangi shakli fakultativ mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Fakultativ mashg‘ulotlar kamida 34 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘quv yili davomida haftasiga 1 soat yoki yarim yilda haftasiga 2 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, mazkur mashg‘ulotlar darsgacha yoki darsdan keyin o‘tkaziladi.
Biologiya o‘qituvchisi fakultativ mashg‘ulotlarning guruhlarini o‘quvchilarning hohish-istagi asosida bir sinf yoki parallel sinf o‘quvchilaridan tuzadi, guruhlarda o‘quvchilar soni 10 tadan kam bo‘lmasligi kerak.
Fakultativ mashg‘ulotlar uchun o‘quv soatlari harakatdagi o‘quv rejadagi maktab ixtiyoriga berilgan soatlar hisobidan ajratiladi.
Fakultativ mashg‘ulotlarning samaradorligini oshirish uchun o‘qituvchi o‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtiradigan, mantiqiy, mustaqil va ijodiy fikr yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirishga imkon beradigan o‘qitish metodlari, vositalari va shakllaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Fakultativ mashg‘ulotlarda o‘quvchilarning mustaqil va ijodiy ishlariga keng o‘rin berish barobarida ma’ruza, seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari, ekskursiyalardan foydalaniladi. Fakultativ mashg‘ulotlarning didaktik maqsadi:
Biologiya fanining turli sohalari bo‘yicha o‘quvchilarning bilimlarini chuqurlashtirish va kengaytirish, biologiyani o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim tizimining keyingi turlarida o‘qishni davom ettirish uchun tanlashga yordam berish;
O‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish, tabiatning moddiy birligini uning yaxlitligini ilmiy tasavvur qilish, tabiatda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarning tabiiy-ilmiy sabablarini bilish, sabab-oqibat bog‘lanishlarini tushunishga imkon yaratish;
O‘simliklarni parvarish qilish va hayvonlarni boqishning ilmiy asoslariga e’tiborni qaratish, o‘quvchilarni mavsumiy dala ishlariga, maktab tajriba yer maydonchalarida, bog‘ va poliz ekinlari maydonlaridagi ishlarga jalb etish orqali ularning kasb tanlashiga, jumladan, qishloq xo‘jalik, meditsina, veterinariya va boshqa ixtisosliklar bilan tanishishiga sharoit yaratish;
O‘quvchilarning ekologik madaniyatini takomillashtirish, tabiatga nisbatan ongli va omilkorona munosabatini tarkib toptirish;
O‘quvchilarning o‘z organizmi, sog‘ligini asrash, profilaktika chora-tadbirlari, vrach kelguncha birinchi yordam ko‘rsatish, sanoat korxonalari va qishloq
xo‘jaligi ishlab chiqarishidagi xavfsizlik chora-tadbirlari, ishni ilmiy asosda tashkil etish haqidagi bilimlarini kengaytirish;
O‘quvchilarning gigienik ta’lim-tarbiyasini amalga oshirish, gipodinamiya (kam harakat qilish), chekish, alkogol, noto‘g‘ri ovqatlanish, kun tartibiga amal qilmaslikning zararini tushuntirishga yordam berish;
O‘quvchilarda sharqona odob-ahloq, insoniy fazilatlarni shakllantirish, ular ongi va qalbiga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Ona-Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |