Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va iqtisodiy qonunlar
Iqtisodiyot nazariyasi fanining tarixiga qilingan qisqacha ekskursiyadan so`ng fanning predmetiga quyidagicha ta'rif berish mumkin.
Iqtisodiyot nazariyasi fani - iqtisodiy resurslar cheklangan sharoitda jamiyatning cheksiz ehtiyojlarini qondirish maqsadida moddiy ne'matlarni (va xizmatlarni) ishlab chiqarish, taqsimlash, ayriboshlash va iste'mol qilish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlarni, ijtimoiy xo`jalikni samarali yuritish qonun-qoidalarini o`rganadi.
Iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiy munosabatlardagi muhimlikni, doimiylikni aniqlaydi va ularni yaxlit holda, birlikda; rivojlanishda xarakterlab beradi.Buning ma'nosi shuki, iqtisodiyot nazariyasi ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanish xarakterini ochib beradigan eng muhim sababiy aloqalarni va o`zaro bog`liqlikni tekshiradi.
Iqtisodiy qonunlar deb iqtisodiy jarayonlar va hodisalarda barqaror saqlanib qoladigan muhim ob'ektiv o`zaro bog`liqlik va sabab- oqibat aloqalariga aytiladiki, bularsiz yaxlit holda, ham rivojlanishda olingan muayyan ishlab chiqarish munosabatlari to`g`risida gapirish mumkin emas.
Jamiyat iqtisodiy taraqqiyoti qonunlarini o`rganish iqtisodiyotda eng muhim ilmiy vazifadir. Jamiyat iqtisodiy munosabatlarining barcha tomonlari ob'ektiv qonunlarga bo`ysunadi. Iqtisodiy qonunlarni bilmasdan va ulardan tegishlicha foydalanmasdan turib xo`jalikni ongli ravishda va kelishilgan holda yuritish mumkin emas.
Iqtisodiy qonunlar amal qilish xarakteriga qarab umum- iqtisodiy va maxsus iqtisodiy qonunlar sifatida namoyon bo`ladi. Iqtisodiyotda qonunlardan kategoriyalarni farqlash zarur. Iqtisodiy kategoriyalar jamiyatning iqtisodiy hayot sharoitini umumlashtirib aks ettiruvchi mantiqiy tushunchalardir. Bular tovar, pul, kapital, foyda, qiymat va boshqa tushunchalardir. Ular ham ob'ektiv xarakterga egadir.
Iqtisodiy kategoriyalar bu iqtisodni o`rganishda qo`llaniladigan nazariy tushunchalar bo`lib, real iqtisodiy voqeilikni ilmiy inikosi, ifodasidir. Iqtisodiy kategoriyalar uch guruhga bo`linadi: Umumiqtisodiy davriy va oraliq kategoriyalardir. Iqtisodiyot nazariyasi fanining maqsadi va vazifasini ikki tomonlama, ya'ni amaliy va nazariy tomonlarini tushuntirish mumkin.
Amaliy iqtisodiyotning asosiy maqsadi - iqtisodiy o`sishni ta'minlash va shu asosda o`sib boruvchi ehtiyojlarni qondira borishdan iborat. Uning vazifasi shu maqsaddan kelib chiqib, cheklangan turli xil resurslardan samarali foydalanib, uning har birligi evaziga ko`proq tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko`rsatishni ta'minlash, har bir faoliyat turi bo`yicha xarajatlar miqdori bilan erishilgan samara, ya'ni tovar va xizmatlar miqdorini taqqoslash, resurslardan unumliroq foydalanish yo`llarini topishdan iboratdir. Bundan tashqari, iqtisodiyot nazariyasi aholini ish bilan ta'minlash, pulning
qadrsizlanishining oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish yo`llarini ko`rsatib berishi lozim.
Iqtisodiyotning nazariy maqsadi esa, eng avvalo, ilmiy bilishdan iborat. Shundan kelib chiqadiki, iqtisodiy jarayonlar va hodisalarni kuzatish, ulardagi shakl va mazmun o`zgarishlarini, ichki bog`lanish va aloqalarni, ziddiyatlarni, qonun-qoidalarni, tushunchalarni bilib, birinchi navbatda, talabalarga o`rgatishdan iboratdir.
Umuman olganda, iqtisodiyot nazariyasi fani iqtisodiy jarayonlar, voqea va hodisalar sirini bilishda ilmiy qo`llanma bo`lib xizmat qiladi.
Iqtisodiyotning tuzilishida ikkita katta daraja farqlanadi: mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot.
Mikroiqtisodiyot korxona, firmalar ya'ni iqtisodiyot-ning birlamchi, boshlang`ich bo`g`ini haqidagi ilmdir. U resurslar va ularning taqchilligi sharoitida xo`jalik yuritish, mahsulot qiymati va tannarxi, ishlab chiqarish va iste'mol tovarlari hamda xizmatlar baholari haqidagi masalalar bilan ish ko`radi.
Do'stlaringiz bilan baham: |