2.Tovar va uning xossalari.
Tovar ishlab chiqarishga sarflangan mehnatning ijtimoiy ahamiyati tovar bozorda xaridor topgan va sotilgan taqdirdagina tasdiqlanadi.
Demak, tovar mehnat mahsulining bir shakli ekan, mehnat mahsulining barcha xossalari tovarga ham xosdir.Ammo tovarning mahsulotdan farqi bor.
Tovar eng avvalo o`z iste'moli uchun emas, balki boshqa mahsulotlarga bozorda pul vositasida ayirboshlash uchun yaratilgan mehnat mahsulidir.
Tovar ishlab chiqaruvchilar esa individual ishlab chiqaruvchilar jamoasidan iboratdir.
Mahsulot tovar bo`lishi uchun u eng avval kishilarning muayyan talab-ehtiyojini qondira bilishi zarur.
Tovarning bu xossasi tovarning iste'mol qiymati deb ataladi. Iste'mol qiymati tovarning boshqa tovarlarga ayirboshlash imkonini bergani uchungina u o`zining yaratuvchisini qiziqtiradi.
Tovarni almasha bilish xususiyati ularni almashuv qiymati deb ataladi. Tovarlarning ayirboshlash mutanosibligiga faqat iste'mol qiymati asos bo`la olmaydi. Ayirboshlanadigan tovarlar turli-tuman bo`lganidan ularning o`lchami metr, kubometr, kilogramm, dona, gektar, kvadrat metr va h.k.bilan o`lchanadi. Shuning uchun tovarlarni tenglashtirishga asos-ularni ishlab chiqarish uchun sarflangan mehnatdir. Tovarda gavdalangan mehnat uning qiymatini vujudga keltiradi.
Demak, iste'mol qiymati tovarning har xil tabiiy xususiyatlarini ifoda etsa, qiymat ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy xususiyatlarni ifoda etadi.
Tovar o`zida iste'mol qiymati va qiymatni birgalikda mujassam etadi. Lekin ular o`zini almashuv qiymati orqali ifodalaydi.
Tovar qiymatining manbai, yuqorida ta'kidlaganimizdek mehnatdir. Buni birinchi bo`lib ingliz siyosiy iqtisodining dastlabki namoyondasi U.Petti asoslagan. Mehnat sarf xarajatlari va qiymatni bir-biriga aralashtirish aslo mumkin emas, hamma mehnat sarfi ham qiymatni yaratmaydi. Faqat tovar yaratilganda mehnat sarfi qiymatni bildiradi. Qiymat mehnat natijasida ishlab chiqarishning o`zida yaratiladi, lekin bozorda namoyon bo`ladi. Tovar buyum shaklida bo`lsada, uning qiymatini buyumlar munosabati deb unga moddiy tus berish noto`g`ri. Qiymat tovar ishlab chiqaruvchilar o`rtasidagi iqtisodiy munosabatni bildiradi. Demak, qiymat iqtisodiy kategoriyadir.
Qiymat tarixiy kategoriya bo`lib, tovar ishlab chiqarishning vujudga kelishi bilan bog`liq, chunki u faqat tovarning xususiyatidir. Tovar xo`jaligining klassik nazariyasiga ko`ra, tovarning ikkiyoqlama xususiyati bo`lishiga ya'ni iste'mol qiymati va qiymatga ega bo`lishiga sabab tovar ishlab chiqaruvchi mehnatining ikki tomonlamaligidir. Tovar ishlab chiqaruvchi mehnatining o`zi, birinchidan, muayyan turdagi aniq mehnat ikkinchidan, umuman inson mehnatidir.
Iste'mol qiymatini yaratgan mehnat konkret mehnat deb ataladi. Mehnat aniq bir mahsulot yaratadi. Masalan, to`quvchi mehnati-gazlama, dehqonniki- paxta, olimniki-ilmiy kashfiyot beradi. Demak, konkret mehnat iste'mol qiymatini yaratadi.
Mehnat aniq shaklidan kat'iy nazar umuman sarflangan ish kuchidir, jami ijtimoiy mehnatning qismidir. O`zining shu sifatida mehnat abstrakt mehnat deb ataladi, bu mehnat tovar qiymatini yaratadi.
Abstrakt mehnat tovar ishlab chiqarishga xos kategoriyadir.. Mahsulot tovarga aylangan sharoitda, u oldi-sotdi etilgandagina aqliy va jismoniy quvvat sarfi abstrakt mehnatga aylanadi. Tovar qiymatini mehnat belgilaydi - deb aytdik. Albatta, mehnatning tabiiy o`lchami ish vaqti bo`lishi kerak. Amalda tovar qiymatini vaqt sarfi bilan o`lchash qiyin, albatta. Nazariy jihatdan vaqtni «asos» deb olish mumkin, shunday ekan individual va ijtimoiy zarur ish vaqtini farq qilish kerak.
Individual ish vaqti deganda biror bir turdagi tovarni ishlab chiqarish uchun ketgan vaqt tushuniladi.
Biror bir turdagi mahsulot, aytaylik stul ishlab chiqaradigan uchta korxonani olaylik. Ulardan biri yaxshi, ikkinchisi o`rtacha va uchinchisi yomon korxona hisoblanadi. O`rtacha korxona umumiy hajmdagi stullarning 70 foizini yaratadi va har bir stulga 4 soat vaqt sarf qiladi deb faraz qilaylik.
Yaxshi korxona 20 foiz stullarni ishlab chiqaradi, har bir stul ishlab chiqarish uchun 2 soat sarflanadi. Yomon korxona 10 foiz ish stullarni ishlab chiqaradi, u har bir stul uchun 6 soat vaqt sarf qiladi. Savol tug`iladi, qaysi korxonaning mehnat sarfi tovar qiymatini belgilaydi. Albatta, o`rtachasiniki. Nima uchun? Chunki tovarlarning asosiy qismini shu korxona yetkazib berayapti. Bu korxonadagi ish vaqti ijtimoiy zarur ish vaqtini tashkil etadi, u talabni qondirgani uchun e'tirof etiladi.
Bundan ko`rinib turibdiki, individual emas, balki ijtimoiy zaruriy ish vaqti tovar qiymatini belgilaydi. Ijti-moiy zaruriy ish vaqti jamiyat ehtiyojini qondirish uchun kerak bo`lgan vaqtdir. Shu vaqtni bozor tan oladi. Ijtimoiy zarur vaqt bu tovarlarning aksariyat qismini yaratishga sarflangan vaqt bo`-lib, o`rtacha texnika darajasi, mehnat malakasi va mahorati shu-ningdek, o`rtacha mehnat shiddati sharoitidagi sarfni bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |