O‘qish ko‘nikmalari. Matn va bog‘lanishli
og‘zaki nutq ustida ishlash
O‘qish mashg‘ulotlarini o‘tkazish jarayonida o‘quvchilarda nutq faoliyatining asosiy ko‘rinishi bo‘lgan ko‘nikmalari, matn va kitob ustida ishlash, o‘quvchilarning bog‘lanishli nutqini o‘stirish, nutq madaniyatini rivojlantirish nazarda tutiladi.
1-sinfda o‘quvchilar matnni ongli, to‘g‘ri va bo‘g‘inlab sidirg‘a o‘qishni o‘rganadilar. Olti-yetti yoshli bolalarning nutqini takomillashtirish uchun uning nutqidagi kamchiliklarni o‘qish darslaridagina emas, balki barcha fan yuzasidan o‘tkaziladigan darslarda hamda darsdan va maktabdan tashqari o‘tkazilgan mashg‘ulotlar jarayonida ham tuzatib borishga alohida ahamiyat berish zarur.
2,3-sinflarning o‘qish darslarida to‘g‘ri, tez o‘qish, ongli, ifodali o‘qish ko‘nikmalarini o‘stirish va takomillashtirish zarur. Bunga asarni va uning qismlarini o‘quvchilarga bir necha marta qayta o‘qitish bilangina erishish mumkin.
Bolalar o‘qilgan asarlar yuzasidan berilgan savollarga javob berishga o‘rganadilar. Matn ustida ishlash o‘qituvchi rahbarligida olib boriladi.
2-sinfda o‘quvchilarda so‘zlarni to‘liq sidirg‘asiga o‘qish malakasi shakllanadi, o‘qishning to‘g‘ri va ifodali bo‘lishiga erishiladi, o‘qish texnikasi tezlashadi. Bu sinfda o‘quvchilar matnning ayrim qismlarini, qisqa hikoyalarni ichda (ovozsiz) mustaqil o‘qishga o‘tadilar. Matn ustida ishlash murakkablashib boradi, bolalar o‘qituvchi rahbarligida asarning asosiy mazmunini aniqlaydilar, qahramonlarning xatti-harakatini ifodalovchi so‘z va iboralarni topishga, voqea-hodisalarni so‘z bilan tasvirlashga o‘rganadilar. Ularda so‘z boyligiga talab ortadi, nutq sofligi va aniqligiga e’tibor kuchayadi, lug‘at boyligi ko‘payadi, faollashadi, nutq sur’ati oshadi va so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llashga, ovozni boshqarishga o‘rganadi.
3-sinfda so‘zlarni butunicha sidirg‘a o‘qish ko‘nikmasi to‘la shakllanadi. Bu esa o‘quvchilarda ongli va ifodali o‘qishga qo‘yilgan talablarni o‘stirish imkoniyatini beradi.
O‘qish darslarida bolalarning matn mazmunini o‘zlashtirish ustida mustaqil ishlashlari, hikoyadagi voqea-hodisalarning izchilligini belgilashlariga, o‘zaro bog‘lanish sabab-natijalarini aniqlashlariga alohida ahamiyat beriladi. Matnning badiiy xususiyatlarini, tasviriy vositalarini aniqlash ustida ishlash davom ettiriladi.
O‘quvchilarni o‘z nutqlarida maqollardan, hikmatli so‘z va iboralardan foydalanishga, so‘zlarni to‘g‘ri tanlashga, gap qurilishidan (so‘zlarning bir-biriga bog‘lanishidan) to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish talab etiladi. O‘qish darslarida o‘quvchilarning so‘zlarni adabiy qoidalarga muvofiq talaffuz etishlari talab etiladi.
4-sinfda o‘quvchilar so‘zlarni bo‘g‘inlamay sidirg‘a o‘qishlari, matnni tez, to‘g‘ri, ongli o‘qiy olishlari kerak. Bu sinfda bo‘g‘inlab o‘qishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Bolalar o‘qilgan matn mazmunini mustaqil ravishda qayta hikoya qilishlari, matn yuzasidan sodda reja tuza olishlari, uning asosiy mazmunini ajrata olishlari, o‘qilgan matnni to‘la, qisqartirib tanlab qayta hikoyalashlari zarur. Ifodali o‘qish va o‘zaro nutqiy faoliyat jarayonida bolalarning adabiy talaffuz me’yorlari shakllanadi. O‘quvchilar nutqining faollashuvi, nutqning grammatik shakllarini to‘g‘ri qo‘llash va to‘g‘ri talaffuz etish bolalar nutqining ravon, ifodali bo‘lishiga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |