Muammoli izlanish metodlari
Muammoli izlanish metodlari dars davomida izchil va maqsadga yo‘naltirilgan holda vujudga keltirilgan muammoli vaziyatlarni o‘quvchilar avval o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini yangi vaziyatlarda qo‘llashi orqali o‘quv materialini faol o‘zlashtirishiga xizmat qiladi. Bu metodlar guruhi o‘quvchilarning aqliy rivojlanishi, ijodiy va mustaqil fikr yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish va undan chiqishning eng maqbul yo‘lini topishi, mo‘ljalni to‘g‘ri olishiga zamin tayyorlaydi.
Muammoli izlanish metodlari guruhiga mansub muammoli-izlanish xarakteridagi suhbat metodidan foydalanganda, avval muammoli vaziyatlar yaratiladi, avvaldan tayyorlangan muammoli savollar zanjiri bayon etiladi, o‘quvchilarning o‘qituvchi bilan birgalikda mantiqiy mulohaza yuritishiga, o‘quv farazlarini hosil qilish va isbotlash, suhbat jarayonida muammoli savollarga javob topishiga imkon yaratiladi.
Muammoli hikoya metodida, o‘qituvchi yangi mavzuni o‘rganish jarayonida muammoli vaziyatlarni yaratadi, o‘quvchilar bilan hamkorlikda hikoya jarayonida muammoli savollarga javob topishga, o‘quv farazlarini hosil qilish va dalillashga imkon yaratiladi, o‘quvchilarning javoblari asosida muammolar hal etiladi.
Muammoli-amaliy metoddan foydalanilganda muammoli topshiriqlar tuziladi, shu asosda tajribalar o‘tkaziladi, muammoli vaziyatlarni hal etish yuzasidan o‘quv farazlari hosil qilinadi va o‘quv- tadqiqot tajribalari o‘tkazilib, o‘quv xulosalari va umumlashmalari ta’riflanadi, muammolar hal etiladi.
Muammoli metodlardan foydalaniladigan darslarni keyingi yillarda yangi nom bilan (“Tafakkur bo‘roni” B.R.Qodirov), (“Miyaga hujum”, “Fikrlar to‘qnashuvi”, “Fikrlar jangi” V.M.Karimova, F.A.Akramova), (“Aqliy hujum” J.G‘. Yo‘ldoshev) nomlash rasm bo‘ldi.
Muammoli metoddan foydalanilgan dars (“Aqliy hujum”) quyidagi bosqich asosida tashkil etiladi:
1-bosqich. Psixologik jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgan o‘quvchi- lardan teng sonli kichik guruhlarni shakllantirish;
2-bosqich. Kichik guruhlarga muammoli savollardan iborat bo‘lgan o‘quv topshiriqlarini tarqatish va ularni topshiriqning didaktik maqsadi bilan tanishtirish;
3-bosqich. O‘quvchilarning bilish faoliyatini o‘quv muammolarini hal etishga yo‘naltirish;
4-bosqich. O‘quvchilarning muammoli vaziyatlarni hal etish bo‘yicha axborotlarini tinglash;
5-bosqich. Kichik guruhlar o‘rtasida o‘quv bahsi va munozara o‘tkazish;
6-bosqich. Umumiy xulosa yasash.
“Aqliy hujum” da o‘quvchilar avval o‘zlashtirgan bilimlarini yangi vaziyatlarda qo‘llab, bilimlarini kengaytiradi, chuqurlashtiradi, aqliy faoliyat usullarini egallaydi.
Mantiqiy metodlar
Mazkur metodlar o‘quv materiali mazmunining yo‘nalishini belgilab, o‘quvchilarning bosh g‘oyani ajratish, o‘rganilayotgan ob’ektni tahlil qilish, qiyoslash, umumlashtirish ko‘nikmalari, aqliy faoliyat usullarini egallash, abstrakt tafakkurni rivojlantirish, sabab-oqibat bog‘lanishlarni anglash imkonini yaratadi. Mazkur guruhga induktiv, deduktiv, tahlil, bosh g‘oyani ajratish, qiyoslash, umumlashtirish metodlari kiradi.
Induktiv metodda o‘quvchilarning e’tibori avval xususiy faktlarni o‘rganishga jalb qilinadi, so‘ngra xususiydan umumiy xulosalar chiqarishga yo‘naltiriladi.
Deduktiv metodda o‘quvchilar avval umumiy qonunlarni o‘rganadi, so‘ngra umumiydan xususiy xulosa chiqarishga o‘rgatiladi.
O‘quvchilar tahlil metodi yordamida axborotni anglab idrok etadi, o‘rganilgan ob’ektlarning o‘xshashlik va farqli tomonlarni aniqlaydi, o‘rganilgan ob’ektlarni tarkibiy qismlarga ajratib, ular o‘rtasidagi boshlanishlar, sabab-oqibatlarni aniqlaydi.
Bosh g‘oyani ajratish metodi muhim ahamiyat kasb etib, o‘quv materialidagi asosiy g‘oyani ajratish va saralash, axborotni mantiqiy tugallangan fikrli qismlarga ajratish, asosiy g‘oya va ikkinchi darajali fikrlarni ajratish, tayanch so‘zlar va tushunchalarni ajratish, asosiy fikr haqida xulosa chiqarishga zamin tayyorlaydi.
O‘quvchilar qiyoslash metodi vositasida o‘quv topshiriqlarida berilgan qiyosiy ob’ektlarni aniqlash, ob’ektlarning asosiy belgilarini aniqlash, taqqoslash, o‘xshashlik va farqlarni aniqlash, qiyoslash natijalarini shartli belgilar bilan rasmiylashtirishga o ‘ rganadi.
Mustaqil ishlash metodlari
Bu metodlarga darslik, qo‘shimcha o‘quv adabiyotlari va ko‘rgazma vositalari ustida mustaqil ishlash metodlari kiradi. Mustaqil ishlash metodlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri o‘quvchilarning o‘quv topshiriqlarini o‘qituvchining bevosita boshqaruvisiz bajarishidir. Mustaqil ishlash metodida o‘quvchilarning mustaqil o‘quv-bilish faoliyatini tashkil etish va boshqarish nazarda tutiladi. Mazkur metodda darslik, qo‘shimcha o‘quv adabiyotlari, ko‘rgazma vositalari ustida mustaqil o‘tkazilgan kuzatish va tajriba natijalari, masala va mashqlar ishlash bilim manbai sanaladi.
Barcha metodlar kabi mustaqil ishlash metodlarining ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifasi mavjud. Ta’limiy vazifasi sifatida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarni mustaqil egallashlari, bilimlarni chuqurlashtirish, mustahkamlash va takrorlashni ta’minlashini qayd etish mumkin. Ular o‘quvchilarning amaliy o‘quv ko‘nikmalari va malakalarni yaxshi o‘zlashtirishlarida, ayniqsa, muhimdir, chunki mustaqil harakatsiz ko‘nikmalarni avtomatlashgan va ijodiy xarakterdagi malaka darajasiga ko‘tarib bo‘lmaydi.
Tarbiyaviy yo‘nalishdagi vazifasi o‘quvchilarda mustaqillik, bilish faolligi, ma’naviyat, faol hayotiy pozitsiyani egallash, mehnatsevarlik va insoniy fazilatlarni tarkib toptirishga yordam beradi.
Rivojlantiruvchi yo‘nalishdagi vazifasi o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashi, tafakkuri, ko‘nikma va malakalarni rivojlantirishga yordam berish, irodani chiniqtishdir.
Mustaqil ishlash metodlari tarkibiga mustaqil ish topshiriqlarini berish, o‘quv faoliyatida mustaqillikni rivojlantirish, o‘quv mehnati malakalarini tarkib toptirish, namunaga muvofiq mustaqil ishlarni tashkil etish, ijodiy topshiriqlar berish uslublari kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |