82.Berdaq
Berdaq qoraqalpoq xalqining mashhur demokrat shoiridir. U XIX asrda yashab ijod etgan. Shoirning asl ismi Berdimurod Qargʻaboy oʻgʻli boʻlib, Berdaq uning taxallusidir. Mutafakkir toʻgʻrisida maʼlumotlar kam saqlanib qolgan. Uning tarjimai holi va ijodiga oid maʼlumotlarni, asosan, oʻzining asarlarida uchratish mumkin. U Orol dengizining janubida joylashgan Moʻynoq tumanining Oqqalʼa degan joyida dunyoga kelgan. Berdaq oʻn yoshligidayoq otasi Qargʻaboy Boʻronboy oʻgʻli va onasidan ayrilgach, amakisi Qoʻchqorboyning qoʻlida tarbiya koʻra boshlaydi.
Berdaq oʻn yoshidan ovul maktabiga, maktabni bitirgandan soʻng oʻz bilimini yanada chuqurlashtirish maqsadida oʻsha davrda yirik ilm maskani hisoblangan Qoraqum eshon madrasasida tahsil oldi.
U yoshligidan boshlab sheʼr yozishni mashq qila boshladi. Xalq qoʻshiqlari, turli afsonalar, ertaklar, maqol va matallar, dostonlar bilan tanishish, mashhur shoirlarning sheʼrlaridan bahramand boʻlish mutafakkir badiiy ijodini kamolga yetib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Shunday qilib, Berdaq asta-sekin mashhur shoir va xalqqa tanilgan baxshiga aylana bordi. Eng muhimi, sheʼrlariga oʻzi kuy bastalab kuylay boshladi.
Berdaq koʻp shaharlarga sayohat qildi. Markaziy Osiyoning yirik shaharlarida boʻldi. Urganch va Buxoroni ziyorat qilib, qadimiy yodgorliklar bilan tanishdi. Berdaq Alisher Navoiy, Fuzuliy va Maxtumquli ijodlarini chuqur oʻrganib, sheʼrlarini mutolaa qildi. Zamondosh shoirlar bilan musohib boʻldi. Berdaq sheʼrlarining aksariyati kambagʻal, beva-bechoralarning ayanchli hayoti, ularning ogʻir mehnati, boy-zodagonlarning ularga nisbatan qilgan shafqatsizligi, zoʻrovonligi va adolatsizligiga bagʻishlangan. Uning sheʼrlarida insonparvarlik, tenglik, saxiylik, adolat, vatanparvarlik, mehr-shafqat, qahramonlik va mardlik, mustaqillik, milliy ozodlik va haqiqat uchun kurash, mehr-muhabbat kabi umuminsoniy va milliy qadriyatlar oʻz aksini topgan.
Berdaqning sheʼr va dostonlari xalq ommasining turmushini xolisona va haqqoniy tasvirlab berish bilan ajralib turadi. ayniqsa, Xiva xonligi va Chor Rusiyasi hukmronligi davrida oddiy xalqqa nisbatan oʻtkazilgan zulm-zoʻrliklar shoirning bir qator sheʼrlarida ochiq tasvirlab berilgan. Shuning uchun u oʻz zamonasidagi adolatsizlikdan, xon gumashtalaridan, soliq yigʻuvchilardan,miroblarning oʻzboshimchaligidan, zolimligidan noliydi, inson qancha mexnat qilmasin, muhtojlikdan chiqaolmasligidan zorlanadi:
Chaqqon odim tashlab, mehnat qilmasang,
Kun koʻrmoqlik qiyin boʻldi bu zamon.
Maqsadingga oʻylab-oʻylab yetmasang,
Qiyin boʻldi kun koʻrmoqdik bu zamon.
Berdaq oʻzining “Soliq”, “Boʻlgan emas”, “Bu yil” kabi sheʼrlarida xon va beklarning olib borayotgan siyosatini qoralaydi, ularning mehnatkash xalqqa oʻtkazayotgan zulmini, shafqatsizligini tasvirlaydi. Berdaq insonni yuksaklikka koʻtaradi, xalqni katta kuch ekanligini taʼkidlab, hukmron sinf vakillarini mehnatkash xalqni hurmat qilishga, ularga yordam berishga chaqiradi. Shoir oʻzini xalqning ajralmas bir qismi, deb tasavvur qiladi.
Soʻzim oʻlmas, doim tirik qolaman,
Xalqim bor–ku, yovdan oʻchim olaman…
Berdaq oʻzi yashayotgan tuzumni, uning tartiblarini tanqid ostiga oladi. Shoirning fikricha, mavjud siyosiy tuzum mehnatkash xalqni haq-huquqlarini va manfaatlarini himoya qila olmaydi. Bunday tuzumda faqat adolatsizlik, haqsizlik, taʼmagirlik, oʻzboshimchalik va boshqa insonga xilof illatlar hukm suradi. Shoir zolimlardan zorlanib bunday deydi:
Zolimlar tinglamas faqirning zorin,
Ular oʻylar oʻz foydasin, oʻz qornin,
Hech qachon zolimlar qoʻldagi borin,
Ep qoʻrmaslar, bor boʻlsada, xalq uchun.
Berdaq oʻzining ijtimoiy-siyosiy masalalarga bagʻishlangan asarlarida, Sharqning boshqa mutafakkirlari kabi jamiyatni odil va maʼrifatli podshoh boshqarishi lozim, degan fikrga keladi. U oʻz davridagi adolatsiz va zolim xon davlatni boshqarishga yaroqsiz, deb hisoblaydi.
Shoirning “Omongeldi”, “Xalq uchun”, “Aydosbiy”, “Yaxshiroq”, “Boʻlgan emas”, “Yernazarbiy” asarlarida qoraqalpoq xalqining xonlar zulmiga qarshi qahramonona kurashi, milliy-ozodlik harakati aks ettirilgan.
Berdaq inson oʻz faoliyatida, xatti-harakatida, maqsadiga erishishida erkin ekanligini yozadi. Masalan; u “Axmoq podsho” dostonida ayrim boylar va amaldorlarning jabr-zulmi oxirgi nuqtasiga borib taqalgandan soʻng sabr-toqati tugagan xalq oʻz ixtiyori bilan ularga qarshi bosh koʻtaradi, deydi.
Berdaq ijodiy merosida axloq, xulq-odob, nafosat va goʻzallik masalalari muhim oʻrinni egallaydi. Uning sheʼrlarida milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik, xalqlar doʻstligi, oddiy axloq qoidalari toʻgʻrisida qimmatli fikrlar uchraydi. Shoirning aytishiga qaraganda, baʼzi mulla va eshonlar xalq oldida oʻzlarini halol va pok, adolatparvar etib koʻrsatadilar. Amalda esa buning aksini koʻramiz. Shoir ularning munofiqligini fosh etib tashlaydi.
Berdaq oʻzining axloqiy qarashlarida Sharqning eng yaxshi anʼanalarini davom ettirdi. U “Izladim”, “Xalq uchun”, “Yaxshiroq”, “Menga kerak” kabi sheʼrlarida kishilarning halol mehnatini ulugʻlaydi. Uningcha, har bir odamning asosiy burchi xalqqa va uning farovonligi yoʻlida xizmat qilishdir. Berdaq axloqiy qarashlarining yana bir muhim tomoni – kishilarni hurmat qilish, ayniqsa, qarilar, zaif va nogironlar, kambagʻal va beva-bechoralarni izzat nafsiga tegmaslik, ularga iloji boricha yordam koʻrsatishdir. Berdaq xuddi Navoiy kabi odamlarni axloq-odobiga qarab, ularni ikkiga: yaxshi va yomonga boʻladi. Yaxshi odam deganda, u butun insoniy fazilatlarni oʻzida toʻplagan dono, aqlli, bilimdon, oʻzgalarga yordam beruvchi, feʼl-atvori goʻzal kishilarni koʻz oldiga keltiradi. Yomon odam esa Berdaqning nazarida, xalqning ofatidir, u xalqni ham, ogʻa-inini ham qadriga yetmaydi. Umuman olganda, shoir axloqiy qarashlarining markazida insoniylik turadi.
Berdaq qoʻp sheʼrlarida bolalarni tarbiyalash, kattalarni hurmat qilish, yosh avlodga vatanparvarlik, oʻz xalqiga muhabbat, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va birodarlik gʻoyalarini singdirishga intildi.
Berdaq qoraqalpoq xalqining mashhur shoiri, asl farzandidir. Qoraqalpogʻistondagi koʻpgina maktablar, koʻchalar, kinoteatrlar, kutubxonalar shoirning nomiga qoʻyilgan. Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat mukofoti taʼsis etilgan. Bu mukofot badiiy adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi eng yaxshi ishlarga beriladi.
Berdaqning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan adabiy, ijtimoiy-siyosiy va falsafiy gʻoyalari hozirga mustaqillik sharoitida ham oʻz tarbiyaviy ahamiyatini saqlab qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |