Talabalar mustaqil ishini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” da nazariy va amaliy bilimlar bilan bir qatorda tanlagan sohasi bo‘yicha mustaqil faoliyat ko‘rsata oladigan, o‘z bilimi va malakasini mustaqil ravishda oshirib boradigan, masalaga ijodiy yondoshgan holda muammoli vaziyatlarni to‘g‘ri aniqlab, tahlil qilib, sharoitga tez moslasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Ma’lumki, axborot va bilimlar doirasi tez sur’atlar bilan kengayib borayotgan hozirgi sharoitda barcha ma’lumotlarni faqat dars mashg‘ulotlari paytida talabalarga yetkazib bo‘lmaydi.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, talaba mustaqil ravishda shug‘ullanganda va o‘z ustida ishlagandagina bilimni chuqur o‘zlashtirishi mumkin. Talabalarning asosiy bilim, ko‘nikma va malakalari mustaqil ta’lim jarayonidagina shakllanadi, ularda mustaqil faoliyat ko‘rsatish qobiliyati rivojlanadi hamda ijodiy ishlashga qiziqish paydo bo‘ladi. Shuning uchun talabalarning mustaqil, ta’lim olishlarini rejalashtirish, tashkil qilish va amalga oshirish, buning uchun barcha zaruriy imkoniyatlarni yaratish oliy ta’limning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Talabalar mustaqil ishi – muayyan fan bo‘yicha o‘quv dasturida belgilangan, talaba tomonidan o‘zlashtirish lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakaning ma’lum bir qismi bo‘lib, fan o‘qituvchisi maslahati va tavsiyalari asosida auditoriyada va auditoriyadan tashqarida bajariladigan tizimli faoliyatdir.
O‘qishning boshlang‘ich bosqichlarida talaba mustaqil ishini tashkil etish bir qator vazifalar bilan bog‘liq. Ayniqsa, birinchi kurs talabalari ta’limning navbatdagi turi, ya’ni oliy ta’lim talablariga ko‘nikishi qiyin kechadi. Chunki, ular ta’lim olish jarayonida o‘z mustaqil faoliyatlarini tashkil qilishini deyarli bilishmaydi. Ma’lumotlarni qaysi manbadan, qanday qilib topish, ularni tahlil qilish, eng zarurlarini ajratib olish va tartibga solish, konspektlashtirish, o‘z fikrini aniq va yorqin ifodalash, o‘z vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlash, o‘zlarining aqliy va jismoniy imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash ular uchun katta muammo bo‘ladi. Eng asosiysi, ular hali mustaqil ta’lim olishga ruhan tayyor bo‘lishmaydi. Shuning uchun ham har bir professor-o‘qituvchi avvalo, talabada o‘z qobiliyati va aqliy imkoniyatlariga ishonch uyg‘otishi, sabr-toqat bilan bosqichma-bosqich mustaqil bilim olishni to‘g‘ri tashkil qilishga o‘rgatib borishi kerak bo‘ladi. Talabalarning mustaqil ravishda o‘zlashtiradigan bilimlari, ko‘nikmalari kursdan-kursga murakkablashib, kengayib talabalarning tashabbuskorligi va roli oshib boradi. Shunda mustaqil ta’limga ko‘nika boshlagan talaba faqat o‘qituvchi tomonidan belgilab berilgan ishlarni bajaribgina qolmay, o‘zining ehtiyoji, qiziqishi va qobiliyatiga qarab, o‘zi zarur deb hisoblagan qo‘shimcha bilimlarni ham mustaqil ravishda tanlab o‘zlashtirishga o‘rganib boradi.
Talabalar mustaqil ishlarining shakli va hajmini belgilashda quyidagi jihatlarni e’tiborga olish lozim:
- o‘qish bosqichi;
- muayyan fanning o‘ziga xos xususiyati va o‘zlashtirishdagi qiyinchilik darajasi;
- talabaning qobiliyati hamda nazariy va amaliy tayyorgarlik darajasi (tayanch bilimi);
- fanning axborot manbalari bilan ta’minlanganlik darajasi;
- talabaning axborot manbalari bilan ishlay olish darajasi.
Mustaqil ish uchun beriladigan topshiriqlarning shakli, hajmi, qiyinlik darajasi va bunga muvofiq ravishda talabalarda hosil bo‘lgan ko‘nikmalar ham semestrdan-semestrga o‘tgan sayin ortib borishi lozim, ya’ni talabalarning topshiriqlarni bajarishdagi mustaqillik darajasini asta-sekin oshirib borish hamda ularni topshiriqlarni bajarishga tizimli va ijodiy yondoshishga o‘rgatib borish kerak bo‘ladi.
Talabalar mustaqil ishlarini tashkil etishda, talabaning akademik o‘zlashtirish darajasi va qobiliyatini hisobga olgan holda quyidagi shakllardan foydalanilanish mumkin:
- fanga oid ayrim mavzularni o‘quv adabiyotlari yordamida o‘zlashtirish, o‘quv manbalari bilan ishlash;
- amaliy, seminar va laboratoriya mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rib kelish;
- ma’lum mavzu bo‘yicha referat tayyorlash;
- kurs ishi va loyihalarini bajarish;
- bitiruv malakaviy ishi uchun materiallar to‘plash;
- hisob-kitob va grafik ishlarini bajarish;
- amaliyotdagi mavjud muammoning yechimini topish, test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash;
- ilmiy maqola, tezis va ma’ruzalar tayyorlash;
- uy vazifalarini bajarish va boshqalar.
Fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda talabalarga mustaqil ish uchun boshqa shakllardagi vazifalar ham topshirilishi mumkin. Talabalarga qaysi turdagi topshiriqlarni berish lozimligi kafedra tomonidan belgilanadi. Topshiriq puxta o‘ylangan va ishlab chiqilgan, ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan hamda rejali bo‘lib, talabaning auditoriya mashg‘ulotlarida olgan bilimlarini mustahkamlash, chuqurlashtirish, kengaytirish va to‘ldirishga xizmat qilishi kerak. Talabalarga mustaqil uchun beriladigan topshiriq turlari:
Do'stlaringiz bilan baham: |