Fanlararo tadqiqot metodlari–asosan fan sohalari tutashgan joyda amal qiladigan (metodologiyaning turli darajasi elementlarini birlashtirish natijasida yuzaga kelgan) bir qancha sintetik va integrativ usullar majmui. Mazkur metodlar kompleks ilmiy dasturlarni amalga oshirishda keng qo’llaniladi.
Falsafa metodlari. Falsafa metodlarining asoslari bevosita amaliy faoliyat bilan bog’liq. Turli konkret vazifalarni hal qilishning zaruriy shartlaridan biri universal xususiyatga ega bo’lgan umumiy falsafiy metodlarga murojaat qilishdir. Bu metodlar haqiqatni anglashda umumiy yo’lni ko’rsatadi. Mazkur metodlarga falsafaning qonun va kategoriyalari, kuzatish va tajriba, taqqoslash, analiz, sintez, induksiya, deduksiya va h.k.lar taalluqli. Agar maxsus metodlar obyektning qonuniyatlarini o’rganishning xususiy usullari sifatida namoyon bo’lsa, falsafiy metodlar shu obyektlarda namoyon bo’ladigan, alohida xususiyatlardagi harakat, taraqqiyotning eng umumiy qonuniyatlarini o’rganadi. Aynan shu o’rinda tajriba hal qiluvchi ahamiyatga ega. Har bir metod obyektning alohida tomonini bilishga imkoniyat yaratadi. Falsafaning eng qadimgi keng tarqalgan metodlardan biri dialektika bo’lsa, ikkinchisi metafizikadir. Biroq falsafa metodlari bular bilan cheklanmaydi. Bugungi kunda uning sofistika, eklektika, analitik, (hozirgi zamon analitik falsafasi), intuitiv, fenomenologik, sinergetik, germenevtik (tushunish) va boshqa turlari ham mavjud. Endilikda turli metodlarni birlashtirish jarayoni ham ro’y bermoqda (masalan, Gadamer germenevtikani rasional dialektika bilan birlashtirishga harakat qiladi).
Dialektika (yunon. dialektika — bahs, suhbat) tabiat, jamiyat va bilish taraqqiyoti qonuniyatlari hamda ularning asosida shakllanadigan umumiy tafakkur uslubi va amaliy faoliyat haqidagi ta’limotdir. U grek tilida bahs va suhbatlashish san’ati, degan ma’noni anglatadi. Antik dunyo faylasuflari uni haqiqatga erishish yo’li va usuli sifatida talqin etganlar. Hozirgi davrga kelib dialektika olamdagi narsa va hodisalar doimo o’zgarishda, o’zaro aloqadorlik va bog’liklikda, taraqqiyot va rivojlanishda, deb tushunishga asoslanadi. Unga ko’ra, olamda o’z o’rniga va joyiga, yashash vaqti va harakat yunalishiga ega bo’lgan barcha narsalar va voqyealar bir-birlari bilan bog’liq va aloqador tarzda, bir-birlarini taqozo etadigan, doimiy va takrorlanib turadigan bog’lanishlar orqali namoyon buladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |