Hozirgi zamon metodologiyasi nuqtai nazaridan materiya harakat shakllarining oddiy chiziqli joylashuvi to’g’ri emas. U har bir bo’g’inda ikkiga – rivojlanishning asosiy va ikkinchi darajali tarmoqlariga bo’linishi zarur. Birinchi – asosiy tarmoq rivojlanish jarayonini kelajakda mazkur sifat bosqichi doirasidan tashqariga olib chiquvchi shakllar vujudga kelishidan dalolat beradi. Ikkinchi tarmoq mavjud harakat shaklining rivojlanish imkoniyatlarini ko’rsatadi. Masalan, kimyoviy birikmalar organik va noorganik birikmalarga ajrala boshlaydi. Mazkur divergensiyada (ikkiga bo’linishda) birinchi – organik shakl imkoniyatli shakl sifatida rivojlanish jarayonini materiya harakatining yangi shakli – biologik shaklga olib keladi, imkoniyatsiz tarmoq hisoblangan ikkinchi shakl biz yashayotgan zamin, uning qobig’ va yuzasini tavsiflaydi. Materiya harakatining biologik shakli darajasida o’simliklarning quyidan oliyga rivojlanishi imkoniyatsiz tarmoq sifatida qaralishi mumkin, chunki bu rivojlanish jarayoni o’z tabiati chegaralaridan chetga chiqishigacha olib kelmaydi. Hayvonlarning rivojlanishi sifat jihatidan yangi obyekt – inson paydo bo’lgungacha davom etadi. Bu materiya harakatining sifat jihatidan boshqa shakli vujudga kelganidan dalolat beradi. Materiya harakatining har bir shaklida makro va mikrodarajalarni farqlash, shuningdek, umumiy hamda xususiy qonuniyatlarni bilib olish maqsadga muvofiqdir.
Fan rivojlanishining hozirgi tendensiyalarini kelajakka nisbatan tatbiq etib, insoniyat borliqning yangi shakllarini va harakatning yuqorida zikr etilganidan o’zgacha usullarini kashf etishini ancha ishonch bilan taxmin qilish mumkin. Ayni holda shuni ta’kidlash lozimki, har qanday sxemalashtirish, harakatning u yoki bu shakllari, tiplari, usullarini farqlash doim to’liq bo’lmaydi va borliqni bilishda erishilgan darajanigina aks ettiradi. Bunday sxemalarni mutlaqlashtirish yaramaydi. Zero ular bilishning muayyan maqsadlariga xizmat qiladi. Binobarin, ular muttasil rivojlanishi, ularga aniqlik kiritilishi va ular takomillashtirilishi mumkin va lozim.
Boshqacha yondashuv ham mavjud bo’lib, unga asosan dunyoning butun rang-barangligini materiya harakatining uch shakli: asosiy, xususiy va kompleks shakllarga keltirish mumkin. Asosiy shakllarga fizik, kimyoviy, biologik va ijtimoiy shakllar kiradi. Ular materiya harakatining eng keng shakllaridir. Ayrim mualliflar materiya harakatining yagona fizik shakli mavjudligiga shubha bildiradilar. Ammo bu fikrga qo’shilib bo’lmaydi. Barcha fizik obyektlar ikki eng umumiy fizik xossa – massa va energiyaga ega. Fizik narsalar dunyosiga keng qamrovli umumiy energiyaning saqlanish qonuni xosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |