Metodologik funksiyasi to’g’risida so’z yuritganda metod tushunchasiga murojaat etish o’rinli bo’ladi. Bu tushuncha yunoncha methodos – yo’l, tadqiqot, tekshirish so’zidan kelib chiqqan bo’lib, u yoki bu maqsadga erishishning muayyan usulini, shuningdek borliqni nazariy va amaliy o’zlashtirishga qaratilgan usullar yoki amallar majmuini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, bu faylasuf yoki olim o’zi o’rganayotgan predmetning tadqiqot yo’lidir. Odatda metodologiya muammolari falsafa doirasida o’rganilgan, biroq ayrim fanlar vujudga kelishi bilan falsafiy (umumiy) metodlar bilan bir qatorda muayyan, ayrim ilmiy metodlar ham rivojlana boshladi. Falsafaning boshqa bir muhim metodologik funksiyasi falsafada ham, ayrim fanlarda ham muhim rol o’ynaydigan har xil kategoriyalarni ishlab chiqishidan iborat. Kezi kelganda yana shuni ham ta’kidlab o’tish lozimki, falsafa o’ta keng tushunchalar, ya’ni kategoriyalar bilan ish ko’rar, ularni ta’riflar ekan, metodologik funksiya bilan bir vaqtda dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini ham bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |