7- Mavzu. Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari darslarida pedagogik va axborot texnologiyalardan foydalanish
Reja:
Texnologiya va pedagogik texnologiya tushunchalarining mazmun mohiyati.
Ta’lim jarayonida interfaol usullar
Ta’limda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash samarali usullardan biri.
Milliy g‘oyani o‘rganishda masofali o‘qitishning o‘rni.
Elektron o‘quv darsliklari va o‘quv metodik komplekslarni yaratish.
Texnologiya – grekcha so‘z bo‘lib, “texnos” san’at, mahorat “logos” ta’limot degan ma’nolarni bildiradi.
Pedagogik texnologiya ko‘p jihatdan o‘tmishdagi mashxur pedagoglarning orzulariga mos keladi. Didaktikaning asoschisi Yan Amos Komenskiy o‘n ettinchi asrdayoq ta’limning «vaqt, fanlar va uslublarni moxirona taqsimlashdan» boshqa narsani talab qilmaydigan umumiy tartibini topishga harakat qilgandi.
Komenskiy fikricha, idealda o‘qitishning yagona mukammal uslubi topilsa, «hamma narsa toshlari to‘g‘ri muvozanatlangan soatdek aniq, faqat ana shunday mahorat bilan yaratilgan asbobda erishish mumkin bo‘lgan bexatolik bilan ilgarilaydi».
“Pedagogik texnologiya” tushunchasiga nisbatan turlicha yondoshuvlar mavjud:
Pedagogik texnologiya” - o‘qitish jarayonining shakl, metod, usul, o‘qitish yo‘llari, tarbiya vositalarining maxsus yig‘indisi va joylashuvini belgilab beruvchi psixologik tartiblar majmui, tashkiliy -uslubiy vositalari. (B.Lixachev).
Pedagogik texnologiya – Kutilayotgan natijaga erishish jarayonining tavsifi (I.P.Volkov).
Umuman, pedagogik texnologiya – ta’lim oluvchi shaxsiga yo‘naltirilgan, demokratik hamda takrorlanuvchan o‘qitish natijalarini kafolatlaydigan ta’lim jarayonini loyihalash, amalga oshirish va baholashning tizimli metodidir.
“O‘qitish texnologiyasi” tushunchasi ilk bor 1970 yilda YUNESKO konferensiyasida yangradi. SHu tashkilot tomonidan nashr qilingan “YAshash uchun o‘qish” nomli ma’ruzada yuqoridagi atama ta’limiy jarayonni modernizatsiyalashda harakatlantiruvchi kuch sifatida aniqlandi. “Qanday o‘qish kerak?” nomli ma’ruzada esa birinchi marta unga ta’rif berildi. Unda o‘qitish texnologiyasi informatsion inqilob natijasida paydo bo‘lgan va didaktikada foydalanadigan inson o‘rtasida aloqa (muloqot) usul va vositalari yig‘indisi sifatida tavsiflanadi.
Pedagogik texnologiya – bu ta’lim shakllarini jadallashtirish vazifasini ko‘zlagan o‘qitish va o‘zlashtirishning barcha jarayonlarini texnika va inson omillarida, ularning birgalikdagi harakatlari vositasida yaratish, tadbiq etish va aniqlashning izchil metodidir (YUNESKO).
O‘zbekistonda pedagoglar N.Sayidahmedov, U.Tolipov, U.Nishonaliev, A.Ochilov, N.Azizxo‘jaevalar o‘qitish texnologiyasi muammolari bilan shug‘ullanib, bu sohaga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. V.P.Bespalko, M.V.Klarin, N.V.Kuzmina, V.A.Slastenin, T.SHopavalenko, A.Monaxov, D.Blok, B.Blum, T.Gilbert, R.Maydtir kabi chet ellik tadqiqotchilar xizmatlarini ham e’tirof etish zarur. Albatta, olim va mutaxassislarning qarashlari bir-biriga mos kelmasligi tabiiydir. Ba’zilari o‘qitish texnologiyasini pedagogika fani sifatida qaraydi.
Zamonaviy pedagogikada o‘qitish texnologiyasining asosiy tavsifi sifatida uning tizimliligi, ilmiyligi, qayta tiklanuvchanligi, qo‘shiluvchanligi, samaradorligi, sifat va motivlashganligi, algoritmlashganligi, axborotliligi, nusxa olish imkoniyati, yangi sharoitga ko‘chirish mumkinligi kabi jihatlariga e’tibor qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |