Ish joyidagi birlamchi yo‘riqnoma. Ushbu yo‘riqnoma korxona rahbari (yoki bosh injener) va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida, ishlovchining rahbari tomonidan, o‘tkaziladi.
Ish joyidagi birlamchi yo‘riqnoma dasturiga asosan quyidagilar kiritilishi mumkin: ish joyining yoki ish maydonining xavfli zonalari; ishchi doimiy ishlashi zarur bo‘lgan anjom va aslahaning tuzilishi, uning xavfli joylari, muhofaza qurilmalari va boshqa himoya vositalari, ularning vazifasi hamda ulardan foydalanish qoidalari; ishga tayyorlanish qoidalari; ish joyini tashkil etishga
qo‘yilgan talablar; ish joyidagi texnologik jarayonlar va tashkiliy-texnik qoidalar; mashina yoki qurilmaning tuzilishi, ishlash tartibi, texnik ma’lumotlari va uning xavfli zonalari; ishni bajarishdagi xavfsizlik qoidalari; mashina yoki qurilmalardan foydalanishning xavfsiz usullari; texnikaning sozligini tekshirish, yurgizish- o‘chirish asboblarining ishlashi, ularning yerga ulanganligi; elektr jihozlari va ular bilan ishlash qoidalari; yordamchi va asosiy uskunalarning mavjudligi; shaxsiy himoya vositalarining vazifalari va ulardan foydalanish qoidalari, ish kiyimlari, maxsus kiyimlar, oyoq va bosh kiyimlarga qo‘yiladigan talablar; ish joyidagi xavfdan ogohlantirish (signalizatsiya) va undan foydalanish qoidalari.
Ish joyini tashkil qilish qoidalarida quyidagilar o‘rgatiladi: material va tayyor mahsulotlarni joylashtirish; ish joylarining iflos va keraksiz narsalar bilan to‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik; yo‘llar, o‘tish va ish joylarini to‘sib qo‘ymaslik; baxtsiz hodisalar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ish usullarini qo‘llashni ta’qiqlash va kasb kasalliklariga olib kelishi mumkin bo‘lgan zararli moddalar va omillar haqida tushuncha beriladi va ulardan saqlanish usullari amalda ko‘rsatiladi.
Yo‘riqnomada odatdagi ish sharoitida ishchi o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida ma’lumotlar beriladi. Shu bilan birga korxonalarda favqulodda holatlar yuz berib qolganda, masalan, halokat, yong‘in va boshqa hollarda ishchi qanday tez va to‘g‘ri harakat qilishi kerakligi haqida ham ma’lumot beriladi.
Yuqorida keltirilgan masalalardan tashqari bu yo‘riqnoma ishning turi va xavf darajasiga bog‘liq holda boshqa xavfsizlik talablari va tadbirlari bilan ham to‘ldirilishi mumkin.
Ishchi birlamchi yo‘riqnomadan o‘tgandan keyin ishlovchiga mehnat xavfsizligi bo‘yicha mos keladigan qo‘llanma beriladi va u 2...5 smena mobaynida boshqaruvchi rahbar (ustoz) nazorati ostida ishlaydi. Shundan keyin uning bilimi tekshirib ko‘riladi va u tekshiruvdan o‘tsa mustaqil ishlashiga ruxsat berish rasmiylashtiriladi.
Ish joyidagi birlamchi yo‘riqnomadan o‘tganlik to‘g‘risida ma’lumot ish joyidagi birlamchi yo‘riqnomani qayd qilish uchun qabul qilingan maxsus jurnalga kiritilib hujjatlashtiriladi, yo‘riqnomadan o‘tganlar va uni o‘tkazganlar o‘z
imzolarini qo‘yishadi.
Yo‘riqnomalar rasmiylashtirilayotganda o‘tkazilgan sana, uning turi, yo‘riqnomalarni o‘tkazgan va tinglagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘la ko‘rsatiladi. Yo‘riqnoma o‘tkazgan shaxsning imzosi ishga ruxsat berilganini bildiradi va unga javobgarlikni yuklaydi, tinglagan shaxsning imzosi esa uning mehnat xavfsizligi talablarining hammasini qat’iyan bajarish majburiyatini olganini bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |