Fanning asosiy tushunchalari, ta’riflari va prinsiplari
“Mehnat muhofazasi maxsus kursi” fani, boshqa fanlar kabi, mehnat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi mustaqil fan sifatida, o‘z tushunchalari, ta’riflari va prinsiplariga ega. Bu tushunchalarni, ta’riflarni va prinsiplarni bilish, ularning mohiyatini chuqur anglash shu fanni chuqur o‘zlashtirishda katta ahamiyatga ega.
MMMK fanining asosiy tushunchalari va ta’riflari. Quyida MMMK fanining bir qator asosiy tushuncha va ta’riflarini davlat standartiga (GOSТ 12.0.002-2003) asoslangan holda keltiramiz:
mehnat sharoiti – mehnat jarayonida ishlovchilarning sog‘lig‘i va ish qobiliyatiga ta’sir etuvchi ishlab chiqarish muhiti omillarining majmui;
ishlab chiqarishdagi zararli omil – ma’lum bir shart-sharoitda ishlovchilarga ta’sir etishi natijasida kasallanish, ish qobiliyatining pasayishi va (yoki) keyingi avlodlar sog‘lig‘ida salbiy o‘zgarishlarga olib keladigan ishlab chiqarish omili;
Bunday zararli omillarga neft mahsulotlari (benzin, dizel yonilg‘isi va boshqa uglevodorodlar bug‘lari), pestitsidlar, gerbitsidlar, mineral o‘g‘itlar, turli changlar, aerozollar, shovqin, infratovush, ultratovush, titrash, noqulay mikroiqlim ko‘rsatkichlari, past yoki o‘ta yuqori darajada yoritilganlik, yorqiroqlik va boshqalar kiradi. Miqdor ko‘rsatkichlariga (konsentratsiyasi, darajasi va boshqa) va ta’sir qilish vaqti davomiyligiga bog‘liq ravishda ishlab chiqarishdagi zararli
omil ishlab chiqarishdagi xavfli omilga aylanishi mumkin. Masalan ishlab chiqarishdagi changlar, gazlar, aerozollar, turli nurlanishlar miqdoriy ko‘rsatkichlariga va ta’sir qilish vaqti davomiyligiga bog‘liq ravishda yoki zararli yoki xavfli omil bo‘lishini ko‘rsatish mumkin;
ishlab chiqarishdagi xavfli omil – ma’lum bir shart-sharoitda ishlovchilarga ta’sir etishi natijasida shikastlanishga, o‘tkir zaharlanishga yoki sog‘liqning to‘satdan va keskin boshqa turdagi yomonlashishiga, yoki o‘limga olib keladigan ishlab chiqarish omili;
Ishlab chiqarishdagi xavfli omillarga misol qilib, harakatlanayotgan mashina va mexanizmlarni, traktor va ekskavatorlarni, yuk ko‘tarish vosita va mexanizmlarini, balandlikka ko‘tarilgan va harakatlanayotgan yuklarni, mashina va mexanizmlarning muhofazalanmagan aylanuvchan va qaytma-ilgarilanma harakat qiluvchi qismlarini (kardanli, zanjirli, tishli, tasmali uzatmalar), zaharli modda va gazlarni, elektr tokini, turli nurlanishlarni va boshqalarni ko‘rsatish mumkin;
Do'stlaringiz bilan baham: |