Ontogenezda nutqning rivojlanishi
Agar, bola gapirishga o‗rgangan bo‗lsa, ammo chap yarim shardagi nutq soxasi jaroxatlangan bo‗lsa, u xolda bolada to‗liq afaziya kuzatiladi. Oradan taxminan bir yil o‗tgandan keyin bolada nutq qayta tiklanadi. Bunda nutq markazi o‗ng yarim shardagi ana shunga o‗xshash soxaga o‗tib qoladi (9.1 - rasm). CHap yarim shardan nutqni o‗ng yarim sharga bunday o‗tish oradan 10 yil o‗tgandan keyingina kuzatiladi. Bu yoshdan keyin nutq markazining qayta tiklanishi ikkala yarim sharlarda xam yo‗qotiladi. Buning kki xil sababi bo‗lishi mumkin. Birinchidan, nutq uchun kerakli bo‗lgan neyron to‗rlarining rivojlanish qobiliyati 10 yildan keyin yo‗qotiladi. Ikkinchidan, nutqqa nisbatan dominant bo‗lmagan soxaga mos keladigan yarimsharda bu yoshga kelib boshqa faoliyalarni bajara boshlaydi, shu jumladan bo‗shliqda mo‗ljalga olish, tana qandayligini anglash va uni atrof-muxitda joylashishini bilish kabilarni o‗rganishga moslasha boshlaydi (9.1, B – rasm). Ammo, bosh miyani plastikligi, yosh bolalarda nutqni qayta tiklanishini ta‘minlanishi bekorga berilmaydi. Bolalikda bosh miya yarim sharini chap tomoni jaroxatlanganda o‗ng yarim sharida nafaqat yuqorida nutqqa aloqador bo‗lmagan funksiyalar, balki nutqqa javobgar faoliyat, umumiy aqliy qobiliyat va nutq madaniyati sog‗lom odamlarga nisbatan sezilarli darajada past bo‗ladi (Schmitt F.O., Worden F.G., 1974).
Odamning maqsadga etishga qaratilgan faoliyatlari mexanizmi
Odam oliy asab faoliyatining eng asosiy xususiyatlaridan biri kelajakni oldindan bilish va bo‗lajak hatti-harakatlar rejasini tuza olish. SHartli refleks oliy asab faoliyatining muxim mexanizmi hisoblanadi. Lekin, odamning yurish-turishi va fe‘l atvorini shartli reflekslarning yig‗indisi deb tushinish kerak emas. Odamning faoliyati uni o‗z oldigan qo‗ygan maqsadini, shu maqsadga etish yo‗llarini va qo‗lga kiritiladigan natijani oldindan tasavvur qilishiga bog‗liq. Ari in qurishda, o‗rgimchak to‗r to‗qishda ba‘zi bir memorlardan afzal ish tutadi, ammo eng yomon memorning eng usta ari yoki o‗rgimchakdan farqi shuki, memor qurmoqchi bo‗lgan binoni avval miyasida quradi. Qurilish tugaganida memor o‗z tasavvurida bo‗lgan natijaga etishadi. Odamning maqsadi uning biologik va ijtimoiy ehtiyojlariga bog‗liq. Inson hayotini ta‘minlashning asosiy sharti tub (biologik) va oliy (ijtimoiy) ehtiyojlarni qondirishdan iborat.
Maqsadga etishning rejasi uch ustivor zamin: dominant intilish (motivatsiya); hayotiy tajriba (uzoq vaqtli xotira) va hozir mavjud sharoitni baholash asosida tuziladi.
Odamda paydo bo‗lgan biologik yoki ijtimoiy ehtiyoj miyaning ma‘lum tuzilmalarida qo‗zg‗alish hosil qilib, u yoki bu intilishni paydo qiladi. Ahamiyati kattaroq bo‗lgan intilish har zumda dominant (ustivor) bo‗lib, unga sababchi bo‗lgan ehtiyojni birinchi navbatda qoniqtirishni ta‘lab qilinadi. Ehtiyojning qondirilishi intilishni yo‗qolishiga olib keladi. Ehtiyojni qondirish uchun ma‘lum rejaga asoslanib, tegishli hatti-harakatlarni amalga oshirish kerak. Hayotiy tajribasi boy bo‗lgan odam har safar yangi reja tuzib o‗tirmay, shunday sharoitda avval tuzilgan rejani xotirasidan topib, ya‘ni eslab, kerak bo‗lsa unga qo‗shimchalar kiritib, amalga oshiradi. Qaysi bir ehtiyoj o‗zgarmas sharoitda ko‗p martalab qondirilsa, ancha mustahkam bo‗lgan ko‗nikma rivojlanadi. Uning rejasi xotirada saqlanadi, murakkab hatti-harakatlar tuzilmasiga tarkibiy qism sifatida kiritilishi mumkin.
Maqsadga etishishni ta‘minlovchi hatti-harakatlar rejasini tuzish uchun zarur bo‗lgan sharoitni baholash kerak. Eng avvalo organizm o‗zining tashqi muhitdagi xolatini aniqlab olish lozim. Undan so‗ng o‗zi uchun foydali bo‗lgan axborotni mo‗ljallaydi, sharoitdagi muhim o‗zgarishlarga ahamiyat beradi. SHular asosida tayyor reja xotiradan tanlab olinadi yoki yangi reja tuziladi va uning asosida zarar bo‗lgan xarakatlar bajariladi. Istakni qondirishga qaratilgan hatti- harakatlarning natijasi miyadagi rejaning natija modeli bilan solishtiriladi. Agar olingan natija kutilganidek bo‗lsa, demak maqsadga erishilgan bo‗ladi, intilish nihoyasiga etadi. Kutilgan natijaga etilmasa, turli mexanizmlar ishga tushadi: 1) natijasiz reja yoki dastur qisqa muddatli xotirada saqlanadi va uning asosida harakatlar takrorlanadi; 2) maqsadga erisha olmaslik salbiy hissiyotlar tug‗diradi ular esa intilishning o‗zini o‗zgartirishi mumkin va 3) istak va xoxish turg‗unlashadi, uni qondirish uchun hatti-harakatlar dasturi qayta ishlanadi va maqsadga erishishga qaratilgan faoliyat davom ettiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |