Xotira
Ma‘lumki, xotira quyidagi bir-biri bilan uzviy bog‗liq jarayonlarga - eslab qolish, saqlash, qayta tiklash (xotiradan axborotni qaytarib olish) va tanishga asoslangan. Eslab qolish jarayonining aksi - esdan chiqarishdir. Demak, xotira tafakkur bilan uzviy bog‗liq.
Xotira markaziy asab tizimining asosiy vazifalaridan biri bo‗lib, uning mavjudligi tufayli organizm tashqi ta‘sirotlarni qabul qilib, olingan axborotlarni o‗zida saqlaydi va kerak bo‗lganda uni qayta tiklaydi. Hayot davomida orttirilgan tajriba va bilimlarni xotirada saqlashni markaziy asab tizimida yuzaga chiqadigan tuzilma - faoliy o‗zgarishlar ta‘minlaydi. O‗rganish davomida hayvonlarning miyasida RNK sintezlanishi kuchayadi, ayni paytda, miyada kichik peptidlarning miqdori oshadi va ular postsinaptik membrananing ion o‗tkazuvchanligiga ta‘sir qiladi.
Xotira mexanizmlari miya neyronlarining o‗zaro bog‗lanishlarini takomillashuvi, ular o‗rtasidagi sinapslarning faoliyatini faollashuviga ham bog‗liq. O‗zgaruvchan sharoitda o‗stirilgan hayvonlarda, ya‘ni shu sharoitga moslashishga majbur bo‗lgan hayvonlarda miya neyronlari o‗rtasidagi sinapslarning soni ko‗payadi, postsinaptik membrana qalinlashadi, sinaptik tugunchalar kattalashadi va boshqa o‗zgarishlar paydo bo‗ladi.
Xotira qisqa va uzoq muddatli bo‗ladi. Hotiraning bir nechta tiplari mavjud: hissiy xotira - boshdan kechirilgan ilhomlanish, quvonish, qayg‗urish, qo‗rqish va boshqa shu kabi holatlar hissiyotlarini eslab qolish; harakat xotirasi - turli xildagi harakatlarni (obrazli, yoki ko‗rish, eshitish) eslab qolishda ifodalanadi; ta‘m bilish va boshqa xotiralar - jismlar obrazlarini turli sezgi a‘zolari orqali eslab qolish bilan xarakterlanadi; so‗z-mantiq xotira - so‗z orqali ifodalangan fikrni eslab qolish. har xil odamda u yoki bu tipdagi xotira ustun bo‗lishi mumkin, lekin har kimsada so‗z-mantiq xotira etakchi mavqega ega.
Ma‘lumki, xotiradagi hodisalar vaqt o‗qi bo‗ylab ularni real muddatini aks ettirishi bilan joylashadi. Retseptor hujayraning tashqi ta‘sirga elektrli javobidan so‗ng, real qo‗zg‗atuvchi bo‗lmagan paytda ham davom etadigan izli jarayonlar hosil bo‗ladi. Aynan shu jarayonlar sensorli xotiraning asosini tashkil qiladi. Sensorli xotirada izlarning saqlanish muddati 500 ms dan ortmaydi, uning o‗chirilishiga esa 150 ms vaqt kerak. Odamning sensorli xotirasi uning qudratiga bo‗ysinmaydi va uni ongli nazorat qilish imkoniyati yo‗q. Axborotni saqlash bilan bog‗liq bo‗lgan keyingi davr qisqa muddatli xotira deb nomlanadi. Ancha muxim axborot esa uzoq muddatli xotirada saqlanadi. Qisqa muddatli xotiradan uzoq muddatli xotiraga o‗tish alohida tur bo‗lmish oraliq xotiraga mos keladi.
Qisqa muddatli xotira taxminan birlamchi xotiraga to‗g‗ri keladi va uzoq vaqt davom etmaydi, uni gipoksiya, narkoz, miyaga elektr toki bilan ta‘sir qilish va boshqalar shikastlaydi. Qisqa muddatli xotiradan ba‘zi ma‘lumotlar uzoq vaqtli xotiraga o‗tkazilishi mumkin va bu tizimga o‗tkazilgan axborot oylab, yillab va ko‗pincha bir umrga saqlanadi. Ikkilamchi xotira va uchlamchi xotiralar uzoq muddatli xotiraga mos keladi. Hozir sodir bo‗lgan voqealarni eslash bilan, uzoq o‗tmishdagi voqealarni eslash o‗rtasidagi juda ham katta farq bor. Birinchisi, tezda esga tushadi,
ikkinchisini eslash ancha qiyin, vaqt talab qiladi. Axborotlarni uzoq muddatli xotiraga o‗tkazish juda murakkab jarayon. Qisqa muddatli xotiraning hajmi juda ham oz bo‗lib, bir necha saqlanish birligini tashkil qilsa, uzoq muddatli xotirada saqlanadigan axborotning hajm chegarasi milliardlab saqlash birligiga teng, lekin shunga qaramasdan, kerakli axborot anchagina tez topiladi.
Uzoq muddatli xotira sinapslarning o‗tkazuvchanligiga bog‗liq. O‗rgatish jarayoni sinapslarda faol xolinoretseptorlarning sonini ko‗paytiradi, po‗stloq neyronlarning atsetilxolinga sezgirligini kuchaytiradi. Bu eslab qolishni yaxshilaydi. Atsetilxolinning antogonistlari xotirani shikastlab, xotirani yo‗qolishga (amneziyaga) olib keladi.
Uzoq muddatli xotira mexanizmlarida katexolaminergik va serotoninergik tuzilmalar ham ishtirok qiladi. Noradrenalin shartli signal yuzaga chiqargan qo‗zg‗alish vaqtini uzaytiradi va shu yo‗l bilan tezlashtirib, hosil bo‗lgan ko‗nikmalarning xotirada saqlanishini ta‘minlaydi.
YUqoridagilarning barchasida obrazlarni, jismlarni va hodisalarni muhrlanib qolishi sodir bo‗ladi va u, o‗z tarkibiga 3 davrni: engrammani shakllantirish, yangi axborotni turiga qarab bo‗lish va ajratish, shakllantirish uchun muxim axborotni uzoq muddat saqlashni qamrab oladi.
Uzoq muddatli xotira asosida bosh miyaning tizimli va hujayra darajalaridagi juda murakkab tarkibiy-kimyoviy o‗zgarishlari yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |