Eskirgan leksika. Eski qatlamga oid leksemalar o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1) tarixiy leksema;
2) arxaik leksema.
Tarixiy leksema hozirgi o‘zbek tilida qo‘llanuvchi o‘tmishga oid, iste’moldan chiqib ketgan narsa-hodisani bildiruvchi leksemadir. Masalan, sovut, qozi, qalqon, dubulg‘a, amir, bek, qul, xon, kashkul kabi.
Tarixiy leksema bildiradigan narsa-hodisa iste’moldan chiqib, o‘tmish voqeligiga aylanganligi sababli, bu leksemaning ko‘pchiligi hozirgi davr kishisi uchun notanish bo‘lishi mumkin.
Tarixiy leksema hozirgi o‘zbek tilida ham zarurat taqozosiga ko‘ra qo‘llaniladi. Xususan, tarixga oid ilmiy asar va darsliklarda, o‘tmish voqealarini aks ettiruvchi badiiy asarlarda bunday leksema cheklanmagan darajada ishlatilishi mumkin. Misollar: 1. Dehqonlarning so‘nggi hisoblariga ko‘ra, bug‘doylari besh botmon chiqishi kerak edi (S.Ayn.). 2. Bir chekkada bizning chilimga O‘xshagan, lekin nay o‘rniga uzun rezinka o‘rnatilgan bir balo (M.Ism.). 3. U qishloqlarda faqat qiz cho‘rilardan qirq nafar bo‘lib, ularga egalari ko‘p zulm qilar ekanlar (S.Ayn.). 4. Xo‘jayin podshoga o‘lpon to‘laganda biz to‘lamaymizmi? (N.Saf.). 5. Said Abdullaxon to‘ra ot ustida turgan holda o‘zining ingichka ovozi bilan biyga savol qildi (Mirm.). 6. Choyxonada uzun bo‘yli, uzun quloqli qalandar ko‘zlarini yumib... Mashrabdan g‘azallar o‘qiydi. (Oyb.).
Ayrim polisemantik leksemalarning ba’zi ma’nolari tarixiylashib, boshqa ma’nosi umumiste’molda saqlanib qolishi mumkin. Masalan, millat leksemasining quyidagi gaplardagi ma’nosiga diqqat qiling: 1. Yoshlar, keksalar, qizlar, juvonlar orasida turli millat vakillari – qozoq, qirg‘iz, arman va yahudiylar ham ko‘rinar edilar (P.Turs.). 2. Millatingni ayt: Ibrohim Xalilulloh millati. («Diniy rivoyatlar»dan). Birinchi gapda millat leksemasining «tarixan tashkil topgan madaniyati, tili, huquqi, iqtisodiy hayoti va ruhiy xususiyatlarining umumiyligi asosida vujudga kelgan kishilar guruhi» sememasi voqelangan bo‘lib, leksema neytral leksika tarkibida ushbu sememasi bilan yashasa, ikkinchi gapda uning «biror dinga mansublik» tarixiy sememasi voqelanganligi kuzatiladi. Demak, ko‘p sememali leksemaning ayrim sememalari eskirib, boshqasi yashovchan bo‘lishi mumkin.
Arxaizm o‘z o‘rnini boshqa leksemaga bo‘shatib bergan leksik birlik. Ijtimoiy taraqqiyot natijasida ayrim narsa-hodisa boshqa leksema bilan atalib, avvalgilari iste’moldan chiqib ketadi. Misollar: ulus (xalq), lang (cho‘loq), tilmoch (tarjimon). Arxaik leksema o‘zining neytral leksika tarkibidagi «o‘rinbosar»ining «tarixiylik bo‘yog‘i» ifoda semasi bilan farqlanuvchi sinonimidir. Ular atash va vazifa semalari mushtarak birliklar.
Tilda bo‘ladigan o‘zgarish uzoq davom etadigan tadrijiy jarayon. Shu boisdan yangi leksema tilga birdan kirib kelmaganligi kabi leksemaning tarixiylashuvi va arxaiklashuvi ham asta-sekinlik bilan yuz beradi. Shu boisdan tarixiylashish va arxaiklashish hodisasini ham darajalash mumkin.
Tarixiylashish yoki arxaiklashishning quyi darajasidagi leksema tilning bugungi bosqichida kam bo‘lsa ham, iste’molda bo‘lsa, yuqori darajadagi eskirish natijasida leksema butkul iste’moldan chiqib ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |