Til va yozuvning o‘zaro munosabati. Yozuv ijtimoiy talab asosida jamiyatning muayyan taraqqiyot davrida paydo bo‘lgan va uning rivojlanishi bilan bog‘liq ravishda mukammallasha borgan. U tildan keyin jamiyat tomonidan qo‘lga kiritilgan eng katta madaniy yutuqlardan biri va tilning ifodasi sifatida jamiyatga xizmat qiladi. Yozuv bilan til o‘zaro uzviy aloqador. Shuning uchun ham til bilan yozuv o‘rtasida juda ko‘p umumiy tomon mavjud. Yozuv ko‘p holda tilning o‘rnini bosadi. Ba’zi hollarda esa tilda bo‘lmagan imkoniyat yozuv orqali yuzaga chiqadi. Masalan, yozuv tufayli kishilarning uzoq masofadan ham bir-birlari bilan, hatto avlodlar bilan ham aloqa bog‘lash imkoniyati mavjud. Biroq yozuvning tilga nisbatan o‘ziga xos kamchiliklari ham bor. Birinchidan, u tilning to‘liq aksi emas, balki yozuvdagi shartli va sun’iy aksi. Shuning uchun ham tilning xizmat doirasiga zid ravishda yozuvning xizmat doirasi chegaralangan. Ikkinchidan, yozuv orqali ish ko‘rilganda vaqtdan yutqaziladi. Uchinchidan, yozuv maxsus vositasiz, ya’ni yozuv asbobisiz amalga oshmaydi. To‘rtinchidan, yozuv savodi yo‘q kishi uchun, shuningdek, tegishli sharoit bo‘lmagan taqdirda (masalan, qorong‘ida) ahamiyatini yo‘qotadi. Bundan tashqari, til jamiyatning barcha a’zolariga baravar xizmat qilganidek, jamiyat taraqqiyoti davomida o‘z shaklini keskin o‘zgartirmagan holda o‘sib, mukammallashib boradi. Yozuv esa, bir tomondan, tilga nisbatan kam o‘zgaradi, ikkinchidan, u aloqa vositasining shartli shakli sifatida o‘z tusini yangi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarish yoki jamiyatning talabiga muvofiq nisbatan tezroq yoki butunlay o‘zgartirishi ham mumkin. Qisqasi, yozuv ko‘p jihatdan tilga yaqin bo‘lib, ba’zi holda uning o‘rnini bosa olsa ham, lekin funksiyasi jihatdan unga nisbatan ancha chegaralangandir. Shuning uchun ham u jamiyatda aloqa vositasi sifatida til bilan teng huquqli bo‘la olmaydi.
Til jamiyat bilan bir vaqtda yuzaga kelgan. U jamiyatning shakllanishida asosiy rol o‘ynovchi eng muhim omillardan biri. Shunga ko‘ra, tilsiz jamiyatning bo‘lishi mumkin emas. Lekin yozuvsiz jamiyat bo‘lgan. Jamiyatning kelgusi taraqqiyotida radio va televizion aloqa vositalari kabi yozuvdan ustunroq bo‘lgan yangi vositalar ham yuzaga kelishi mumkin.
Og‘zaki nutq va tovush tili aloqa vositasi sifatida kishilarning ehtiyojini yuqori darajada qondirsa ham, hozirgi davr texnik taraqqiyoti nuqtayi nazaridan uning ikkita juz’iy kamchiligi bor:
1) u bir individ (shaxs)ning tili sifatida yaqin masofada turgan suhbatdoshiga eshitiladi, xolos;
2) og‘zaki nutq zamonda chegaralangan, ya’ni u aytilayotgan paytdagina qabul qilinadi.
Yozuvning asosiy xususiyatidan yana biri uning grafik belgi bo‘lib xizmat qilishi. Yozuv uchun grafik belgi qabul qilinganga qadar kishilar har xil jonli va jonsiz predmetdan simvolik tarzda foydalanar edi. (Masalan, olov yoqib, toshlarni har xil shaklda qo‘yib, daraxtlarni o‘yib va ularga belgi qo‘yib, qushlar yoki itlar orqali xabarlashish va boshqalar).
Yozuv o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmay, balki ma’lum bir ehtiyoj va zarurat asosida fikrni uzoq masofaga yetkazish talabi bilan yaratilgan. Shu bilan birga, tovush tildan farqli o‘laroq, yozuvning o‘ziga xos xarakterli belgilari bor.
Birinchidan, yozuv mustaqil va asosiy aloqa vositasi bo‘lolmaydi. U asosiy aloqa vositasi bo‘lgan til uchun yordamchi hisoblanadi. Shuning uchun ham yozuv jamiyat taraqqiyotining keyingi davrida paydo bo‘lgan. Buning ustiga yozuv o‘tmishda jamiyat a’zolarining barchasiga emas, balki uning faqat bir qismigagina xizmat qilar edi. Shuning uchun ham yozuv mustaqil aloqa vositasi bo‘lolmaydi. Ikkinchidan, yozuvning asosiy vazifasi nutqni uzoq masofaga etkazish va keyingi davrlarga qoldirish uchun xizmat qilishdan iborat. Uchinchidan, ko‘z bilan qabul qilinadigan grafik belgi yozuvning asosiy quroli bo‘lib hisoblanadi.
Demak, yozuv ko‘z bilan ko‘radigan va kishilar o‘rtasida o‘ziga xos aloqa vositasi bo‘lib xizmat qiladigan grafik belgilar sistemasi bo‘lib, uning jamiyatda o‘ziga xos katta o‘rni va xizmati bor, ya’ni yozuv ma’lum bir masofa bilan ajralgan odamlar orasidagi aloqani yaxshilashda, yozma adabiyotni va yozma adabiy tilni yuzaga keltirishda, ma’lum bir davrda yaratilgan madaniy-adabiy yodgorlikni keyingi davrga yetkazib berishda nihoyat darajada muhim rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |