Sakkizinchidan, ta’lim tizimini jahon andozalariga to‘liq moslashtirish, ishchi kasblarning nufuzi va jozibadorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston “WorldSkills” xalqaro harakatiga qo‘shildi va ushbu tashkilotga a’zo bo‘ldi.
Ayni paytda “WorldSkills” O‘zbekiston assotsiatsiyasi faoliyatini yanada rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Bu tashkilot bilan hamkorlik yoshlarimizda zamonaviy kasbiy ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish hamda xalqaro mehnat bozorida tengdoshlari bilan barobar raqobat qilishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana bir jiddiy o‘zgarish. Bugun butun dunyoda XXI asr kompetensiyalari sifatida talqin etilayotgan “yumshoq” (soft) kompetensiyalarni shakllantirishga alohida urg‘u beriladi.
Bu borada bir qator nufuzli xorijiy tadqiqot markazlari, jumladan, Butunjahon iqtisodiyot forumi tomonidan taqdim etilgan 2020 yil uchun eng muhim 10 ta kompetensiya, Yevropa uchun ustuvor tayanch kompetensiyalar, Yevropa standartlari doirasidagi Dublin deskriptorlari, Rossiya uchun ustuvor tayanch kompetensiyalar chuqur tahlil qilingan holda milliy mentalitetimizga xos va mos kompetensiyaviy yondashuv joriy etiladi.
Yangi tizim uchun yaratilayotgan o‘quv adabiyotlari, kitob va darsliklar, elektron ta’lim resurslari, innovatsion, raqamlashtirilgan ta’lim texnologiyalari, ochiq elektron resurslar tarmog‘i, o‘quv adabiyotlarini xorijiy davlatlardan olib kelish, qayta ishlash, chop etish va tarqatish, kelajak kutubxonalari, kelajak auditoriyalarini yaratish jarayonlarida shu kabi muhim vazifalar doimiy diqqat markazimizda bo‘ladi.
Professional ta’limning yangi tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatadigan direktorlar, direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchi pedagoglar, ishlab chiqarish ustalarini saralash, tanlash, tayinlash, qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish, ularning maqomini belgilash va mehnatini rag‘batlantirishning yangi tartiblari ishlab chiqiladi.
Professional ta’lim jarayoniga so‘nggi yillarda milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish natijasida O‘zbekistonda ishga tushirilgan innovatsion ishlab chiqarish quvvatlari, sanoat, ishlab chiqarish, agrar sohalaridagi yirik korxonalar, innovatsion biznes va tadbirkorlik sub’yektlari, AKT, turizm va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida zamonaviy texnologik liniyalarni boshqarishda katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar, ish yurituvchilar, injener-texnologlar, agronomlar va masterlar jalb etiladi.
Aytish kerakki, umuman, ta’lim tizimini takomillashtirish, uni yangilash uchun yana bir muhim omil yuzaga keldi. Bu — pandemiya. Endi biz ana shu sharoitda ta’lim tizimini masofaviy shaklga o‘tkazishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Chunki yaqin kelajakda onlayn ta’lim nafaqat uzoq muddatli tendensiyaga, balki hayotimizning muhim qismiga aylanadi.
Koronavirus nafaqat bizdan, butun dunyo aholisidan ham mislsiz raqamli o‘zgarishlarni talab qilmoqda — onlayn hayotga moslashish, jumladan, konvergent onlayn/offlayn muhitda ishlashni taqozo etmoqda.
Albatta, to‘satdan boshlangan kasallik va karantin davrida butun mamlakat ta’lim tizimi onlayn o‘qitishga ommaviy o‘tishga tayyor emasdi. Ammo eng muhimi, pandemiya davrida biz shu yo‘l bilan o‘qituvchi va talabalarning koronavirus kasalligidan ishonchli himoyalanishiga erishdik.
Bugun esa onlayn ta’lim tizimiga o‘tishning barcha imkoniyati to‘liq o‘rganilmoqda. Endi biz xuddi internet magazindan onlayn xaridni amalga oshirganimiz kabi onlayn o‘qitish tartiblariga ham moslashishimiz vaqti keldi.
Ayniqsa, professional ta’lim sohasida biz ko‘proq o‘qishimiz va o‘rganishimiz talab etiladi. Chunki zamonaviy mehnat bozorida kadrlar malakasiga bo‘lgan talablar muttasil va tez o‘zgaruvchandir. Bu qo‘shimcha va mustaqil ta’lim olishni talab qiladi.
Umuman, bu davr ta’lim oldiga ham o‘ziga xos talablar qo‘ymoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |