Immobillangan fermentlar. Immobillangan yoki erimaydigan fermentlar - bu sun`iy usulda suvda erimaydigan tashuvchilar bilan olingan ferment komplekslaridir. Immobillizaysiya - (lot. «immobilis» - «harakatsiz»), erimaydigan materialda fermentning fizik adsorbtsiyasi; fermentni gel katakchasiga joylashtirish; shuningdek erimaydigan material bilan fermentni kovalent bog`lash yoki ferment molekulalarini o`zaro erimaydigan poliferment komplekslar hosil qilish yo`llari bilan amalga oshiriladi. Adsorbent sifatida ko`proq shisha, silikagel, gidrosilapatit, sellyuloza va uning unumlari qo`llaniladi. Fermentni gel katakchasiga joylashtirish uchun turli xil gel hosil qiluvchi materiallar, ko`proq holatlarda poliakrilamidli geldan foydalaniladi. Fermentni kovalent bog`lash uchun material sifatida polipeptidlar, stirol unumlari, poliakrilamid, neylon, sellyulozaning har xil unumlari, kraxmal, agar shuningdek shisha, silikagel kabilar ishlatiladi. Immobillangan fermentlar olishda ferment faolligini saqlash uchun barcha ehtiyotkorlik choralari qo`llaniladi. Immobillangan fermentlar odatda boshlang`ich fermentga nisbatan biroz faolsizlanadi, chunki ularning tashuvchilar bilan bog`lanishi substrat bilan bog`lanishini kuchsizlantiradi. Immobillangan fermentlar hujayrada fermentlarning strukturaviy tuzilishining yaqqol misoli bo`la oladi, shu sababdan ular hujayra ichki strukturasi bilan bog`langan fermentlar xossalarini o`rganish uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga immobillangan ferment odatdagi fermentlarga nisbatan ko`pgina afzalliklarga ham ega. Erimaydigan fermentlar reaktsiya muhitidan oson ajraladi, ularni reaktsiya muhitidan yuvib olish va qaytadan ishlatish mumkin. Fermentlarning amaliyotda qo`llanilishi. Enzimologiyaning jadal rivojlanishi juda ko`p ximiyaviy reaktsiyalarni katta tezlik bilan o`tishini ta`minlaydigan bu kuchli omilni amalda tobora keng qo`llanilishiga olib kelmoqda. Fermentlar sanoatdagi biologik xom ashyoni ishlashda (non yopish, vino, pivo pishirish, pishloq tayyorlashda, choy, tamaki, teri va mo`ynani ishlov berishda, kulinariyada) qo`llaniladi. Keyingi yillarda kimyo - texnologiyada organik moddalarni o`zgartirish (oksidlanish, qaytarilish, degidratatsiya, kondensatsiya, dekarboksillanish), reaktsiyalarini boshqarish uchun ham qo`llanila boshlandi. Sanoatda fermentlarni ishlatish tez rivojlanayotgan biotexnologiyaning markaziy qismi bo`lib, unga sanoat enzimologiyasi deb ataladi. Uning hozirgi vaqtda jadal rivojlanishi sanoatda moddalarni sintez qilish, tozalash, ularni ximiyaviy modifikatsiya qilish uchun birinchi navbatda fermentlarni qattiq organik yoki noorganik polimer tashuvchilarga kovalent bog`lar orqali ulanib tayyorlangan shakllari - immobillangan fermentlarning qo`llanilishiga bog`liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |