Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha ta’lim tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga maktabgacha ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda sohada nodavlat sektorning ulushini oshirish maqsadida:
1. Maktabgacha ta’lim vazirligida quyidagi yangi boshqaruv tizimi joriy etilsin, unga muvofiq:
a) maktabgacha ta’lim vaziri (Shin):
vazirlik tizimi va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ular ishi samarali tashkil etilishini ta’minlaydi, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, mazkur tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini, bolalarni maktabga tayyorlash bo‘yicha yangi muqobil modellarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
maktabgacha yoshdagi bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismonan kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini, ularning maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich to‘liq qamrab olinishini ta’minlaydi;
ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilish va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash bo‘yicha zarur choralar ko‘radi;
maktabgacha ta’lim sohasida “komplayens-nazorat” tizimini joriy qiladi hamda idoraviy mansub tashkilotlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
maktabgacha ta’lim tizimida xalqaro aloqalarni kengaytirish va uning samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi, maktabgacha ta’lim masalalari bo‘yicha xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatadi va hamkorlik qiladi, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi;
b) maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari (Onorboyev):
hududlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha zarur choralarini ko‘radi, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;
maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlaydi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini rivojlantirish choralarini ko‘radi, bu borada mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va manfaatdor tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
Do'stlaringiz bilan baham: |