2020-yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Avvalo, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni boshladik.
Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – “temir daftar” tizimi joriy etildi. Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda ko‘pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi.
Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yangi yo‘nalishga aylandi.
Toshkent shahri, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida tashkil etilgan “IT-parklar”da 500 dan ortiq zamonaviy kompaniyalar ish boshladi.
Yakunlanayotgan yilda markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilash uchun 3 trillion so‘m yoki 2016-yilga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Natijada aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 73 foizga yetdi.
Birgina joriy yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi 2 barobarga oshirilib, 1 million 200 ming nafarga yetkazildi. Ushbu maqsadlarga byudjetdan 2016-yilga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.
Kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 60 foizga yetdi. Bog‘chalar soni esa 3 barobarga ko‘payib, 14 mingdan oshdi.
Bu yil oliy ta’limga qabul parametrlari 2016-yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sdi, yoshlarimizni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetdi.
Ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy o‘quv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilindi.
O‘zbekiston “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
“Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham mamlakatimizning 26 pog‘ona ko‘tarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi yana bir e’tirofi bo‘ldi.
Sud-huquq sohasi, jumladan, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlarimiz ham izchil davom ettirildi. Natijada bu yil sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Jazo muddatini o‘tayotgan va tuzalish yo‘liga qat’iy kirgan 616 nafar fuqaro afv etildi.
Sudlar mustaqilligi ta’minlanishi natijasida joriy yilning o‘zida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.
O‘zbekiston fuqarolari qaerda bo‘lmasin, ularning konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilinmoqda. “Mehr-3” operatsiyasi amalga oshirilib, Suriyadan yana 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani buning yaqqol tasdig‘idir.
Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda. Xalqaro maydondagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz natijasida yurtimizning nufuzi va obro‘-e’tibori tobora yuksalmoqda.
Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Yaqinda AQSh davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizning e’tirofidir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining oliy minbaridan ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Qadrli xalq noiblari!
Aziz yurtdoshlar!
Barchangizga ma’lumki, kirib kelayotgan 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz, azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida keng bayram qilamiz.
Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz, albatta.
Ta’kidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini – tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan “pandemiyaning navbatdagi to‘lqini” va u bilan bog‘liq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undamoqda.
Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘liqda, deb bilgin”, degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.
Shu bois mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur. Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish – eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim.
Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.
Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim.
Ushbu maqsad yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.
Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshiramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |